APPELLATSIYA QANDAY JARAYON

Mana,  uzoq vaqt intizorlik bilan kutilgan test sinovlari ham ortda qoldi. Hozir kimlargadir  imtihonlar paytida omadi chopib, tanish savollar kelib, xursandchilikdan boshi osmonga yetayozgan bo‘lsa, kimlarnidir  alam yuki  ezayotgan bo’lsa, ajab emas.  Bunday vaqtda xafa bo’lib,  yurakni ezishning hech qanday foydasi yo‘q.

Quyida biz oliy o‘quv yurtiga kira olmagan va Davlat test markazi tomon appellatsiyaga shoshgan ba’zi abituriyentlarga  ayrim yo‘l-yo‘riqlar  ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Avvalo, appellatsiya to’g’risida qisqacha ma’lumot bersak: appellatsiya jarayonini tashkil qilishdan asosiy maqsad test sinovlarini adolatli ravishda o‘tkazilganligini asoslab berishdan iborat. Ba’zida test sinovlaridan o‘ta olmagan yoki davlat grantiga o‘tishga juda kam ball yetmagan ayrim yigit-qizlar aybni boshqalarga ag‘darishga ham harakat qilishadi. Albatta, bunday paytda ularni ham tushunish mumkin, lekin  test savollarini  tayyorlash jarayonida ekspertlar tinimsiz mehnat qilib, yo’l qo’yilishi mumkin bo’lgan barcha  kamchiliklarning  oldini olish uchun bor kuch va imkoniyatlarini sarflashadi.

Xosh, appellatsiya jarayoni qanday bosqichlardan iborat?

Dastlab o‘zi  to‘plagan balldan norozi bo‘lgan abituriyent Davlat test markaziga  kelib appellatsiya topshirish uchun ariza yozadi. Arizalarni qabul qilish, natijalar e’lon qilingan kundan e’tiboran 15 kun davomida qabul qilinad. Shundan keyin  DTM abituriyentning qaysi kuni appellatsiyaga kelishini belgilab beradi.

Belgilangan kuni  abituriyentga javoblar varag‘ining nusxasi va u tomonidan noto‘g‘ri ishlangan test savollarining  ro‘yxati beriladi. Javoblar varag‘ining asl nusxasi esa test markazi mutaxassislari  qo‘lida bo‘ladi.

Abituriyent  o’zi tomonidan  noto‘g‘ri  ishlangan savollarni ko‘rib chiqadi. Ularni boshqatdan ishlab ko‘radi. Hamma savollarni ko‘rib chiqqach, e’tirozi  bo‘lgan savollar bo’yicha  DTM tomonidan tayinlangan fan ekspertlari yoniga boradi va  e’tirozlarini bayon qiladi.

Ekspert  abituriyent bilan birgalikda  test savollarini ko‘rib chiqib,  xato va kamchiligini ko‘rsatib beradi.

Ekspert abituriyentga misolni ishlab berishga majbur emas. Aksincha, abituriyent o‘zi o‘sha savolni to‘g‘ri ishlaganini va kaliti noto‘g‘ri ekanligini yoki savolda xatolik borligini isbotlab berishi lozim. Aks xolda, abituriyentning e’tirozi asossiz hisoblanadi.

Shu bois  ham  abituriyentning o‘zidan noto‘g‘ri belgilagan  savollarini yana bir bor ishlab chiqishi, yo’l qo’ygan xato va kamchiliklarini  o’zi tushunib olishi  talab qilinadi.  

Barcha masalalarga oydinlik kiritib olingach, abituriyentlar bilan e’tirozli test savollari hal qilingach tomonlar appellatsiya varag‘iga imzo qo‘yishadi va shu bilan appellatsiya jarayoni tugatiladi.

Quyida abituriyentlar tomonidan juda ko‘p so‘raladigan ba’zi  savollarga aniqlik  kiritib o‘tamiz:

1. Menga boshqa savol bersangiz, men boshqatdan ishlab bersam?

Avvalo, bunday savolni berish abituriyentning   appellatsiya  haqida to’la  ma’lumotga ega emasligidan dalolat beradi. Ma’lumki, kirish imtihonlari o‘tib ketib bo‘lgan. Apellatsiya kunida esa  noto’g‘ri belgilangan savollarga oydinlik kiritiladi,  xolos.

2. Javoblar varagiga kalitni notogri belgilab qoyibman, savollarni kitobchamda togri belgilaganman. Buni boshqatdan togrilab bersam bolmaydimi?

Shuni tushunish kerakki, kirish imtihonlarida abituriyentning bilimini baholovchi asosiy hujjat - bu javoblar varag‘i. Undan boshqa varaqda qaysi javobni belgilagan bo‘lsangiz ham, foydasi yo‘q. Bu to’g’risida siz oldindan ogohlantirilgan bo‘lishingiz lozim edi.

3. Ekspertlar hamma savollarni ishlab berishadimi?

Bu savolga yuqorida ham to‘xtalib o‘tgan edik. Afsuski, bunday vazifa  ekspertning vakolatiga  kirmaydi.  Imtihon  topshirayotgan paytingizda tabiiyki, test savollarini siz ishlaysiz, ekspert esa appellatsiya paytida  xato qilgan savollaringizni  ko‘rsatib beradi, xolos.

Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments