IMTIHON KUNI

Bugun biz abituriyentlarimizga imtihon kuni asqotishi mumkin bo‘lgan maslahat va tavsiyalarimizni berib o‘tamiz. Zero hal qiluvchi kunda abituriyentlarimiz har qanday daldaga ehtiyoj sezadilar.
Tayyorgarliklar o‘z nihoyasiga yetdi. Bugun – imtihon topshiradigan kun. Bugun – bilimlar hamda asablar bellashadigan kun.  Bilimlar sinovi haqida ortiqcha izohga hojat yo‘q. Har holda, mazkur bellashuv uchun shuncha bilim olganingizni o‘zingiz ham his qilib turibsiz. Bilim olish haqida shuncha gapirdik, shu sababli bugun psixologik bellashuv haqida fikr yuritsak. 
Erta tongdan transport topilmasligi, oliy o‘quv yurti eshigi oldidagi tumonat odam, test kitobchasi va javob varaqasini kutishdagi asabiylashishlarning hammasi sizning zararingizga ishlaydi. Shu hodisalar sizdan boshqa abituriyentlarda ham yuz berayotganini o‘ylang-da, o‘zingizni erkin tutib, bu bosqichlardan bosiqlik bilan o‘tib oling. Inglizchasiga aytganda, KEEP CALM! Chunki ixtiyoriy asabiylashish sizning hayajoningizni kuchaytiradi, natijada siz aslida biladigan savollaringizga ham javob berishga qiynalasiz.
Test sinovlari o‘tkaziladigan xonaga kirib olgandan keyin ham sizda ko‘ngilsizlik sodir bo‘lishi mumkin. Masalan, kitobchangizdagi kamchiliklar,  savollar kamligi, yo‘nalishingiz almashib qolganligi. Bunday holda ham umuman dahshatga tushish kerak emas. Xotirjamlik bilan xona nazoratchisiga murojaat qiling. U esa shu ish bo‘yicha mas’ul odamni chaqiradi va sizning kitobchangiz almashtiriladi.
Albatta, bunday holatlar kamdan-kam, lekin yuz mingdan bir kishida bo‘lsa-da, kuzatiladi. Va test nizomiga ko‘ra, o‘z vaqtida xabar bermasa, bunga abituriyent aybdor bo‘ladi.
Imtihongacha bo‘lgan jarayon haqida juda ham ko‘p gapirmasdan, asosiy sinov bosqichiga o‘ta qolsak. Imtihon jarayonida qanday xonaga, qanday nazoratchiga duch kelishingiz noma’lum. Xonada har xil holat bo‘lishi mumkin. Aytaylik, sizning auditoriyangizda tartibsizliklar ro‘y berdi. Bunday holda, siz auditoriya nazoratchisiga o‘z e’tirozingizni bildirishingiz mumkin. Yo‘q, e’tibor bermayman desangiz ham o‘zingiz bilasiz. Aksariyat hollarda auditoriyadagi tartibsizlik tayyorgarligi kuchli bo‘lgan abituriyentlarni ham umidsizlikka tushirib qo‘yadi. Aslida, ochiqroq nazar bilan qarasa, ularning qilayotgan ishi cho‘kayotgan odamning qilga yopishishiga o‘xshagan narsa. Shu sababli, natija chiqqunga qadar hamma umidsizliklar asossiz.
Test sinovi boshlanishidan oldin sizda hayajon bo‘lishi tabiiy. Har holda, kelajagingizni hal qiladigan sinovga kirmoqdasiz. Lekin ortiqcha hayajon zarar keltiradi. Shu sababli hayajon bosish uchun shimiladigan konfetlardan 2-3 tasi yoningizda bo‘lgani maqsadga muvofiq.  
Test savollarini yechish boshlangunga qadar hamma hayajonlarni yig‘ishtirib qo‘yib, diqqatingizni test savollariga qarating. Agar qaysidir test savoli juda ham qiyinlik qilsa, darrov keyingi savolga o‘ting. Uchta fandan ham oson savollarni tugatgach, keyin qiyin savollarga qaytib keling. Kirish imtihonida qiyin savol ham, oson savol ham bo‘ladi va ularning qiymati bir xil. Ya’ni qiyin savolga ham, oson savolga ham ayni ball beriladi.
Testlarni yechib bo‘lgandan keyingi muhim ishlardan biri – ishlangan test javoblarini javoblar varag‘iga ko‘chirish. Ba’zan testni to‘g‘ri ishlagan abituriyentlar javoblarni ko‘chirishda qilgan xatoligi sababli qimmatli ballarini yo‘qotishadi. Shoshilmang. Avval boyagi konfetlardan birini og‘zingizga tashlab oling. Keyin ko‘chirayotgan savolingiz raqamini o‘zingiz eshitadigan shaklda ayting va javoblar varaqasida ham shu raqam to‘g‘risiga bo‘yayotganingizga e’tibor bering. Javoblar varaqasida sodir qilingan xatolikni bartaraf etib bo‘lmaydi. Xohlasangiz, javob varaqangizni teshib qo‘ying, xohlasangiz, ustidan bo‘yab qo‘ying. Javob varaqasini tekshiradigan kompyuter bularni inobatga olmaydi.  Shu sababli javob varaqasiga ko‘chirishda xato qilmang, tamom.
Yana bir narsa: test sinovidan chiqishingizda sizning yaqinlaringiz kutib turishadi. Kayfiyatingiz, albatta,  ularga ham ta’sir qiladi. Test sinovi qanday o‘tishidan qat’i nazar, yaqinlaringizni xafa qilmaslikka urining.
Eng muhimi, test sinovidan keyin hayot to‘xtab qolmaydi. Bu sinovni hayot-mamot masalasi darajasiga ko‘tarib yubormang. Shunda sizga test sinovining bosimi ham kamroq bo‘ladi.
 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments