ERON – ARGENTINA

245341-argentina-iran-3.jpg

Bir oy davomida butun dunyo futbol ishqibozlarining nigohi Braziliya maydonlarida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatiga qadaldi. Garchi futbol bizga juda ham noqulay vaqtda bo‘lgan esa-da, ko‘pchilik uyqusidan voz kechib shu o‘yinlarni ko‘rdi. Lekin abituriyentlar uchun ayni shu kunlarda futboldan muhimroq mavzular ham bor-ku, dersiz. Albatta, bor, lekin aksariyat abituriyentlarning kirish imtihoni oldi ruhiy holatlari yana o‘sha futbol bayramini eslashga majbur qilmoqda.

Ko‘pincha jahon chempionatida kuchli terma jamoalar bilan ularga nisbatan ancha kuchsiz hisoblangan terma jamoalar kurashishadi. Qaysidir terma jamoada hech kim tanimaydigan 11 o‘yinchi yig‘ilgan bo‘lsa, yana qaysidir jamoada dunyo futboli yulduzlari jamlangan bo‘ladi. Lekin ushbu chempionat davomida raqib jamoa qanchalik yulduzli bo‘lmasin, ularga qarshilik ko‘rsatish mumkin ekanligi ko‘p bora isbotlandi. Misol tariqasida bir necha qarama-qarshilikni keltiramiz: Avstraliya-Gollandiya, Eron-Argentina, Germaniya-Jazoir va chempionatni mag‘lubiyatsiz yakunlagan Kosta Rika terma jamoasi. 

E’tibor bergan bo‘lsangiz, Osiyo yoki Afrikadan bir amallab jahon chempionatiga yetib kelgan termalar dunyo yulduzlarini ancha ter to‘kishga majbur qilishdi. Balki, ozgina iroda ko‘rsatishganida ularni mag‘lub ham etishardi. 

Endi, keling, abituriyentlarga yuzlansak. Hurmatli Abituriyent! Siz hali raqibingizning kuchi, uning kimligi haqida ma’lumotga ham ega emassiz. Lekin o‘zingizni eng kuchli abituriyentlar qarshingizdan chiqqan-u, sizni yanchib yakson qiladiganday tutmoqdasiz. Deylik, o‘sha abituriyent ko‘zoynak taqib olibdi yoki imtihonga oq ko‘ylak, qora shimda kelibdi. Xo‘sh, nima bo‘pti?! Agar bilim ko‘zoynakda yoki kiyimda bo‘lsa, siz ham borib nol o‘lchamli ko‘zoynak yoki chiroyli kiyimlar sotib oling. Zora, bu sizga o‘zingizga bo‘lgan ishonchni orttirsa.   

Siz bilan raqobatlashayotgan abituriyentlardan bilimingiz kuchli ekanligiga o‘zingizni ishontira olmasangiz, imtihon kunidagi ruhiy holatingiz mag‘lubiyatingizga sababchi bo‘lib qolishi mumkin. O‘sha milliy terma jamoamizdan o‘z uyida mag‘lubiyatga uchragan terma jamoa (Eron) qayerdan kuch topib dunyo yulduzlari Messi, Aguero, Higuainlarday hujumchilarga ega Argentinaga 91 daqiqa qarshilik ko‘rsata oldi. Ular raqib ham xuddi o‘zlariday 11 o‘yinchidan iborat ekanligini o‘zlariga uqtira oldilar. Qanchalik nomdor bo‘lmasin, xuddi o‘zlariday ikki oyoqli odamlar bilan raqobatlashayotganlarini his qila oldilar. Tasavvur qiling, o‘yindan oldin Eron jamoasi bulardan imkon qadar kichik hisobda mag‘lubiyatga uchrashimiz lozim, degan fikrda maydonga tushganida, albatta, yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrardi. Ular esa, aksincha, mag‘lub bo‘lmaslik, imkoniyat bo‘lib qolganida g‘alaba uchun maydonga tushishdi. 

Abituriyent, ixtiyoringizda unchalik ko‘p muddat qolmadi. Gazetamiz chop etilganidan roppa-rosa 1 haftadan so‘ng hayotingizning muhim sinoviga kirasiz. Mana shu sinovning bosimini kamaytiring. Kirish imtihonining hayot-mamot masalasi emasligini, test sinovidan keyin ham hayot davom etishini unutmang. 

Siz shu kunlarda o‘z tanlovingizni amalga oshirib bo‘ldingiz. Universitet, yo‘nalish va kelajakdagi professional hayotingiz haqida bir qarorga keldingiz. Endi orqaga yo‘l yo‘q. Demak, shu kunlarda keyingi yil duch keladigan qiyinchiliklaringiz: sessiya, kurs ishlari haqida bosh qotirishni boshlashingiz lozim. Talaba bo‘lishingizga o‘zingiz shubha bilan qarayotgan bo‘lsangiz, unda talaba bo‘la olmaysiz.  

Kirish imtihoni oldidan qator nazorat testlarini topshirdingiz va bu hali ham davom etyapti. Oxirgi nazorat sinovida ballingiz kam chiqdimi? Nima qipti: qayerdadir oddiy xato qilgandirsiz, balki, nazorat sinovi nisbatan qiyinroqdir?! Lekin, nima bo‘lganda ham, kirish imtihonida yuqori ball olishingiz va o‘sha ballning tasodifiy ekanligini hammaga isbotlashingiz lozim.  

“Bir amallab kirib olsam bo‘ldi” degan fikrni “Albatta, grant asosida talaba bo‘laman va ota-onamga iqtisodiy tomondan katta yordam beraman” degan fikrga almashtiring; “Grant asosida kirib olsam bo‘ldi” degan fikrni esa “Birinchi o‘rin meniki” deb o‘zgartiring. 

Shu o‘rinda barcha abituriyentlar ham umidsizlikka tushmaganini, ular hatto kvotada ajratilgan davlat granti o‘rinlarni bittadan kamaytirib, ya’ni o‘zlariniki qilib aytishayotganini ham inkor etmaymiz. Ularga aytar so‘zimiz: imtihonga xuddi shu kayfiyatda kiring, xudo xohlasa, u yog‘i sizdan bitta osh!

 Biz – “Abituriyent” gazetasi ajmoasi siz bilan bir yillik hamrohlikdan xursand ekanligimizni bildirib, keyingi yil ushbu gazeta sizga kerak bo‘lmasligini, faqatgina eski xotirangiz sifatida varaqlab turishingizni tilab qolamiz.

Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments