DAM OLISH KUNI

BITZ8KxCAAE4Bwn.jpg

Uzoq davom etgan tayyorgarlik bosqichi o‘z nihoyasiga yetib, oliy o’quv yurtini tanlash, hujjat topshirish kabi muammolarni hal qiladigan vaqt yetib keldi. Biz esa siz bilan bugun imtihondan oldingi kun – 31-iyulni qanday o‘tkazish haqida suhbatlashmoqchimiz.  

Aslida, hali bir oy vaqtimiz bor-ku, hozirdan shu mavzu kerakmikan, dersiz. Lekin kirish imtihoniga qadar bizning gazetamiz ham yana uch bora chop etiladi, xolos, biz esa keyingi sonimizda imtihon kuni haqida suhbatlashishimiz lozim. Shu sababli siz ushbu maqolani iyul oyi o‘rtalarida yana bir bor o‘qib chiqing.  

Bu kunni qanday o‘tkazish haqida abituriyentlarda, asosan, ikki xil qarash mavjud. Ko‘pchilik abituriyentlar ushbu kunni qattiq tayyorgarlik ko‘rish uchun oxirgi imkoniyat sifatida qabul qilishadi. To‘g‘ri-da, axir ertasi kuni imtihon bo‘lganidan keyin boshqa tayyorgarlik ko‘rishga imkon bo’larmidi?

Lekin bir muhim narsani unutmaslik kerak. Bir yil davomida o‘qib o‘rgana olmagan mavzuyingizni oxirgi kunda o‘zlashtirib olish mumkinmikan? 

Asablar uzoq muddatli tayyorgarlikdan so‘ng anchagina toliqqan. Bir yil davomida faqatgina bir kunlik imtihon uchun tayyorgarlik ko‘rdingiz. Garchi, jismoniy kuch sarflamagan bo‘lsangiz-da, aqliy mehnat bilan organizmingizni anchagina toliqtirdingiz. Kirish imtihonida esa bu toliqish pand bermasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shu sababli bir yil sizga beminnat xizmat qilgan miyangiz, oz bo‘lsa-da, dam olishga haqli. Dam olish usulini esa ertangi kunga zarar bermaydigan shaklda tanlash ham muhim. Masalan, tezkor yoki og‘ir sport turlari bilan shug‘ullanganingizda jismoniy jarohat olish ehtimolligi ortadi. Bu esa sizning o‘sha bir yillik tayyorgarligingizni havoga sovurib yuboradi. Shu bois dam olar kunda ekstrimal va sog‘lig‘ingizga salbiy ta’sir ko’rsatadigan o‘yinlardan yiroq bo‘lish tavsiya qilinadi. 

Suv bo‘yida dam olish sizni anchagina tinchlantiradi. Asablaringiz-dagi charchoqni tarqatadi. Shu sababli suv bo‘yidagi joylarga borib, vaqtingizni o‘tkazish, albatta, sizga ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. Suv bo‘yi deganda tog‘ bo‘yidagi suvli maskanlarni nazarda tutmayapmiz. Chunki u yerlarda ham, yuqorida tilga olinganidek, jismoniy zarar ko‘rish ehtimoli yo‘q emas. 

Do‘stlar bilan istirohat bog‘lariga aylanishga chiqish ham sizga anchagina qo‘l keladi. U yerlardagi odamlar, attraksionlar siz tushib qolgan dars tayyorlash dunyosidan sizni oz bo‘lsa-da olib chiqib, madaniy dam olishingizga sabab bo‘ladi. 

Oilangizda yoshi ulug‘larni ziyorat qilib, ularning duosini olish ham sizga ma’naviy quvvat bo‘ladi. Yaqinlarni ziyorat qilish sizni eski xotiralar sari yetaklaydi, shirin o‘tmishingizni - bolagingizni yodga soladi. 

Umumiy holda, siz qaysi usulda yaxshiroq dam olishingizni o’zingiz yaxshiroq bilasiz, muhimi, dam oling, ertangilik imtihonga charchoq bilan kirib bormang. Faqat, unutmang, kun bo‘yi uxlash sizni dam oldirmaydi. Siz jismoniy mehnatdan emas, aqliy mehnatdan charchagansiz. Shu sababli ko’p uxlab dam olish variantini o‘chirib tashlang. 

Ovqatlanish mavzusi sizga dam olish mavzusi qadar ahamiyatli. Ertangi kundagi bezovtaliklarga sabab bo‘ladigan oziq-ovqatlardan tiyilib turing. Mayli, 1-avgust kuni tushdan so‘ng ko‘nglingiz tusagan narsani tanovul qilishingiz mumkin. Muzdek suvlar, muzqaymoqlar shamollashga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa ertaga to‘liq kuch bilan ishlay olmasligingizga sabab bo‘ladi.

Undan tashqari, ortiqcha bezovtalikka sabab bo‘ladigan mevalar, tarvuzlardan tiyilib turing. Organizmingizni siz yaxshiroq bilasiz: sizga yoqmaydigan, ko‘p bezovta qiladigan ovqatlarni uyingizdagilar pishirishmasin. Albatta, sizning talaba bo‘lishingizni ular ham xohlashmoqda. 

Uyqu. Biz bu mavzuda oldin ham suhbatlashganmiz. Organizmingiz talab qilgan miqdorda uxlang. Faqat ertangi muhim kun uchun biroz ertaroq uxlashga yoting. Ko‘p uxlash zarar bo‘lganidek, uyqusizlik ham zarar. Shu sababli uyqu davomiyligini 6 – 8 soatdan oshirib yoki kamaytirib yubormang. Tonggi 4:30 ga soat zanglarini sozlab, uydagilarni ogohlantirib, yaxshi dam oling.

Xotirjamlik. Bu mavzu – psixologiya ruknida eng ko‘p tilga olingan mavzulardan. Xotirjam bo‘ling, kirish imtihoni hayot-mamot masalasi emas. Siz nima qilishingiz kerak bo‘lsa, shu kungacha qilib bo‘ldingiz. Ya’ni mashg‘ulotlarda ishtirok etib o‘yinga tayyorgarlik ko‘rdingiz, qolganiga nimani ekkan bo‘lsangiz, shuni o‘rasiz.

Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments