2014-YILNING ILK TALABALARI

Xabaringiz bor: joriy yilning 10-iyul sanasida harbiy oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun imtihonlar bo‘lib o‘tdi. Test sinovlaridan iborat ushbu imtihon Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilishi bois ham u bilan bog‘liq ma’lumotlar abituriyentlarimizni bee’tibor qoldirmaydi. Shuni inobatga olgan holda, biz ham mazkur imtihonda ishtirok etgan va talabalik baxtiga musharraf bo‘lgan sobiq abituriyentlardan ma’lumot olishga harakat qildik. Maqolada savollar emas, balki ularga berilgan javoblargina o‘z aksini topgan. 

Bobur Xabibullayev: Tarix fani testlarining ko‘pchiligi , asosan, akademik litseylarning “Jahon tarixi” darsligidan tuzilgan. Shaxsan men uchun testlar ancha oson tuyuldi. Abituriyentlarni “sindiradigan” qiyosiy testlar yo‘q desa ham bo‘laveradi.

Bayramali Norboyev: Adabiyot mening nozik nuqtalarimdan edi. Biroq savollar kutganimdan osonroq bo‘ldi. “Otello”ni e’tibor berib o‘qimaganim pand berdi. Usmon Nosirning o‘xshatishlaridan tushgan savol menga avvaldan tanish edi. Sharqda didaktika haqida tushgan savolga Sa’diy variantini belgilab yuborgan edim, to‘g‘ri chiqdi.

Jamshid Ahmadov: Ona tili va adabiyot testlari doim qiyin bo‘lgan, deyishardi. O‘zimga tushgan variant asosida aytadigan bo‘lsam, unchalik qiyin emas. Tayyorgarlik jarayonida yechgan testlarimiz biroz boshqacharoq shaklda tushdi. Test yangi bo‘lishi mumkin, biroq biz undagi ma’lumotlarni markaz testlari orqali o‘zlashtirgan edik.

Bobur Xabibullayev: Ingliz tilidan savollarda o‘zgarish sezdim. Matnli savollar kamroq.

Ulug‘bek Hasanboyev: Informatikadan elementar savollar berildi. Pascal operatorlarining qanday ishlatilishi haqida savol tushdi. Mantiqiy amallardan biroz murakkabroq savol tushdi. Qolgan savollar nazariy bo‘lib, darslikdagi ma’lumotlardan iborat, biroz oson testlar edi. Masalan, qaysi atamalar axborotning turlari ekani so‘ralgan test.

Azizbek Abdumutalov: Tor unlilari bilan farqlanadigan so‘zlar, ma’no ko‘chishi, paronimlar, noto‘g‘ri yozilgan so‘zlar, izohlash munosabati bo‘lganda qo‘shma gap o‘rtasiga ikki nuqta qo‘yilishi kabi savollar umuman qiyinchilik tug‘dirgani yo‘q. “Otello” dan keltirilgan parcha kimning tilidan aytilgani haqida oldin ham test ishlagandik. Qo‘shma gaplardan bitta savol tushdi, bilmadim, negadir juda oson ekan. O‘zim 33 ta to‘g‘ri ishladim, deb o‘ylagandim, 28 ta chiqdi. Ma’lumotlar masalasida ko‘p xato qilganim yo‘q, ammo savolning berilishiga yaxshi e’tibor bermaganman, shekilli.

Muhriddin Qo‘chqorov: Tarixdan yodimda qolgan savollarni yozib, o‘qituvchimizga ko‘rsatgan edim, o‘tgan yilgi va undan oldingi yillarda ham abituriyentlar shunday savollarni aytishgani, eski bazadan savollar aylanganini aytdilar. Ona tili fani o‘qituvchimizdan ham shunga o‘xshash xulosani eshitdim. Ona tilidan yozib kelgan 15 tacha testdan salkam yarmi quloqqa tanish testlar ekanini aytishdi.

Azizbek Abdumutalov: Tarix fani bo‘yicha Asliddin aka zo‘r o‘qituvchi ekanliklariga yana bir bor iqror bo‘ldim. E’tibor ber, degan mavzularidan savollar tushdi. O‘zlari tuzgan ma’lumotnomalarida ostiga chizib qo‘yilgan yo qoraytirib berilgan o‘rinlardan savollar tushdi. Ayrim test savollari domlamiz tuzgan testlarga juda o‘xshash. 33 ta to‘g‘ri yechibman, lekin 36 ta ishlash qo‘limdan kelardi. Shungayam shukur.

Ulug‘bek Hasanboyev: Matematikadan savollar 30 ta bo‘lib qolganini aytmasa, boshqa o‘zgarish sezmadim. O‘sha-o‘sha kvadratga tashqi chizilgan aylana uzunligi, soddalashtiring, falon funksiyaga teskari funksiyalar, yig‘indini hisoblash… “Abituriyent” gazetasi xodimlariga katta rahmat, ularning menga yordamlarini so‘z bilan ifodalay olmayman. 

Jamshid Ahmadov: Adabiyot o‘qituvchimiz kuyib-pishib: “Ey, Rafiyevni o‘qi”,  -  deganlaricha bor ekan. Adashmasam, 12 ta savoldan 4 tasi, adashsam, 3 tasi shu darslikdan tushdi. Hamid Olimjon, Sa’diy kabi yangi qo‘shilgan mavzularga alohida e’tibor berganimiz qo‘l keldi. Ustozlarga doim quloq solish kerak ekan.

Azizbek Abdumutalov: Birinchi va ikkinchi blokka qattiq e’tibor berib, uchinchi fanimiz – ingliz tiliga deyarli vaqt ajratmagandim. Bu o‘z so‘zini aytmay qo‘ymadi: 19 ta. Maktabdagi bilimlar bilan shuncha yechdim. Takrorlashga urg‘u bermagandim. Lekin, aytishim mumkinki, shu kungacha ingliz tilidan yechgan eng oson testlarimdan birini 10-iyulda ishladim. Rahmat DTMga, bizni o‘ylab testlar darajasini biroz yengillashtirishibdi.

Biz qolgan abituriyentlarga ham omad tilaymiz. Unutmang: bilimingiz bormi, shuni test yechishda namoyish qila olsangiz, albatta o‘qishga kirasiz.

Lobar BOLTAYEVA tayyorladi.

 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments