VTS OLIMPIADASI– BILIMDONLAR BAHSI

Mana, uch yildirki, “Abituriyent” gazetasi “Navoiy” ATM hamda abituriyent.uz sayti bilan hamkorlikda VTS olimpiadasini o‘tkazib kelmoqda. Bu musobaqa oliy o‘quv yurtlari kirish imtihonlari oldidan abituriyentlar uchun o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini bajarib berishni ko‘zda tutilgan.

VTS olimpiadasi shartlariga ko‘ra, har bir ishtirokchi naq 6 oy mobaynida  gazetamiz orqali berilgan testlarni yechib, natijalarni saytga joylab borishi talab etiladi. Bu bilan quyidagilarga erishiladi:

1. Har bir ishtirokchi shu olti oy ichida bilim bahsining ichida bo‘ladi, shu muhitda yashaydi.

2. Ishtirokchilar har yarim oyda shu paytgacha bo‘lgan bilimlarini nazoratdan o‘tkazishadi.

3. Har bir ishtirokchi raqobatchilarining natijasi bilan tanishib, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqaradi.

Olimpiadaning final bosqichi kirish imtihonlari sanasidan ikki oy oldinga – may oyiga belgilangan. Bu bosqichning boshqalaridan farqi shundaki, unda abituriyentlar aniq belgilangan vaqt ichida qat’iy nazorat ostida test ishlashadi. Mana shu sharoitda eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar g‘olib deb e’lon qilinishadi.

Bu musobaqa finalini tashkil qilishda kirish imtihonlarida amal qiladigan mezonlarga (belgilangan vaqtning 3 soat 20 daqiqa bo‘lishi, testlar soni va mavzular doirasi, javob varaqasi, kalkulatordan va boshqa vositalardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik, nazorat va h. k. ) asoslaniladi. Bundan maqsad  abituriyentlarning asosiy imtihon ruhini, oz bo‘lsa-da, oldindan his etishi, hayajon va boshqa omillar sabab yo‘l qo‘yilgan xatoliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarishiga erishishdan iborat. Final bosqichidan so‘ng abituriyentlar ixtiyorida yana ikki oy vaqt qoladiki, bu kamchiliklar ustida ish-lash uchun yetarli muddat hisoblanadi.

VTS olimpiadasida birinchi mavsum – 2011-2012-o‘quv yilida jami ishtirokchilar soni 30 taga ham yetmagan bo‘lsa, 3-mavsumga kelib bu ko‘rsatkich 100 tadan oshib ketdi. So‘nggi mavsumning nazorat bosqichida ham, finalida ham keskin raqobatning guvohi bo‘ldik. Shu mavsum ko‘p jabhada oldingilaridan ustun bo‘ldi, deya olamiz. Qo‘lga kiritilgan ballar ham fikrimizni qisman tasdiqlaydi.

2012-yilgi finalda faqat ikki yo‘nalish ishtirokchilari qatnashgan bo‘lib, eng yuqori ballar quyidagicha bo‘lgan:

Tabiiy yo‘nalish - 166,5 ball (Muxlisa Arslonova);

Iqtisodiyot yo‘nalishi - 184,3 ball (Farhod Donayev) .

 2013-yilda uchta yo‘nalishdan jami 21 kishi finalda ishtirok etdi. Bu mavsumning eng yuqori ballari bilan tanishing:

Tabiiy yo‘nalish - 154,6 ball (Farida Keldiyorova);

Iqtisodiyot yo‘nalishi - 136,4ball (Doniyor Xo‘jayev); 

Ijtimoiy yo‘nalish - 200,3 ball (Muqaddas Tursunova) .

2014-yilgi VTS olimpiadasining yakuniy bosqichiga texnika, iqtisod va tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib olgan abituriyentlar taklif etildilar. Saralash bosqichidagi ishtirokchilarning tartibsizligi va to‘plangan o‘rtacha ballarning past bo‘lgani bois o‘tgan yili eng yaxshi natijani qayd etgan ijtimoiy yo‘nalish ishtirokchilari finalda qatnashmadilar. Bu mavsumning eng yuqori ballari quyidagicha bo‘ldi:

Tabiiy yo‘nalish - 185,3 ball (Davlatbek Aktamov);

Iqtisodiyot yo‘nalishi - 197,2 ball (Komil Hakimov); 

Texnik yo‘nalish - 150,8 ball (Davron Razzakov).

 

2014-yilgi olimpiada finali ishtirokchilarining barchasi taqdirlanishdi. Kuchli uchlikka kira olmaganlarga ham “Abituriyent” gazetasida chop etilgan test to‘plamlarining eng so‘nggi kitoblari taqdim etildi. G‘oliblar esa quyidagi tartibda pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi:

Har bir yo‘nalish bo‘yicha

1 ta I o‘rin – 500.000 so‘m;

1 ta II o‘rin – 300.000 so‘m;

1 ta III o‘rin – 200.000 so‘m.

Biz 2014-2015-yilgi mavsum abituriyentlarini VTS olimpiadasining yangi mavsumida kutib qolamiz. Imtihon shartlari, o‘tkazilish va g‘oliblarni taqdirlashda joriy etilajak yangi tartiblar sababli musobaqaning yanada keskin raqobat ruhida o‘tishiga ishonamiz. Qani, kim uddalay oladi? Kim kirish imthoniga tayyor? Oktabrda g‘oyibona ko‘rishguncha. Bizni kuting.

Lobar BOLTAYEVA tayyorladi.

1 ta izoh

1 ta izoh

  1. Gravatar

    Menga shu ma'lumot keregidi raxmat!