QUVNOQ ABITURIYENT (11-2014)

ENG XUNUK BOLA 

Bir ayol qo‘lida bola bilan avtobusga chiqmoqchi bo‘lganida, haydovchining past ovozda: “Bunchalik xunuk bolani umrimda ko‘rmaganman”, - degan gapini eshitib qolibdi. Bundan asabiylashgan ayol jahl bilan o‘zini avtobus ichiga urib, orqaroqdagi o’rindiqqa joylashibdi. Uning yonida o‘tirgan odam ayolning noxush kayfiyatini ko‘rib, undan hol so‘rabdi. Ayol esa: “Haydovchi kayfiyatimni yer bilan bir qildi. O‘zi shu odamga aytadigan ikki og‘iz gapim bor”-debdi.

Shunda yonidagi odam unga maslahat beribdi: “Ichingizdagilarning barini borib o‘sha odamga ayting, yengil tortasiz, maymuningizni menga bersangiz, ushlab turaman…”

 

SO‘KONG‘ICH TO‘TIQUSH

Bir do‘kon egasi gapirishni biladigan to‘tiqush sotib olibdi. To‘tiqush kema kapitaniga tegishli bo‘lib, so‘z boyligi anchagina edi. Keyinchalik do‘kondor bu to‘tiqush, asosan, yomon so‘zlarni va so‘kinishlarni bilishini sezib qolibdi.

Avvaliga bu narsa do‘kondorga qiziq tuyulibdi, lekin to‘tiqush do‘konga kelgan nozik xaridorlarni ham haqorat qilgach, u to‘tiqushga chora ko‘rishga qaror qilibdi.

Boshida to‘tiqushga tanbeh beribdi, to‘tiqush esa unga yana “chiroyli so‘zlar” bilan javob qaytaribdi. Qo‘li bilan bo‘g‘moqchi bo‘lsa ham, to‘tiqush so‘kinishdan to‘xtamasmish. Oxiri, do‘kon egasi yaramas qushni sovutkichga qamab qo‘yibdi, lekin sovutkich ichidan hali ham “shirin-shakar” so’zlar arimasdi. 

Do‘kondor bu ishni shunday qoldira olmas edi. Chunki boshqa mehmonlar oldida bu to‘tiqush yana sharmanda qilishi muqarrar edi. Nihoyat, do‘kon egasi to‘tiqushni sovutkichning muzxonasiga joylashni lozim topibdi. 

Shundan so‘ng to‘tiqushning ovozi eshitilmay qolibdi. Avvaliga do‘kondor xursand, keyinchalik hayron bo‘libdi. Oradan besh daqiqa o‘tgach, xavotirlanib muzxona eshigini ochibdi. Ichkaridan sovuq qotib qolgan to‘tiqush muloyimlik bilan odamning qo‘liga, u yerdan yelkasiga qo‘nibdi. Biroz isib olgach, tilga kiribdi: “Men yaxshi bola bo‘laman. Hamma aytganingni qilaman. Ammo ichkaridagi bechora jo‘jalar nima deyishdiki, shunday jazoga loyiq ko‘rildi?”

 

KIMLIGIMNI BILASIZMI? 

O‘quvchilar juda qiyin bo‘lgan imtihonni topshirishmoqda – insho yozishmoqda. Imtihon so‘ngida nazoratchi talabalarga ruchkalarini parta ustiga qo‘yib, imtihon varaqalarini topshirishlarini so’radi. Bir yigit nazoratchiga e’tibor bermay yozishda davom etar edi. Nazoratchi esa uni hoziroq topshirmasa javob varaqasi qabul qilinmasligidan  va natijada sinovdan nol olishi mumkinligidan ogohlantirdi. Lekin yigit nazoratchining gaplariga e’tibor bermas va yozishdan to‘xtamas edi. 

Imtihondan o‘n daqiqa o‘tgach, yigit nazoratchining yoniga borib, javob varaqasini berishga urinar, nazoratchi esa olishni xohlamas edi. Nihoyat, yigit undan so‘radi:

– Siz mening kimligimni bilasizmi o‘zi? Keling, tinchgina javob varaqasini ola qoling.

– Sizning kimligingiz meni umuman qiziqtirmaydi. Kim bo‘lishingizdan qat’i nazar javob varaqangizni olmayman. 

– Siz meni tanimasligingizga ishonchingiz komilmi?

– Tanimayman, dedim-ku, namuncha sergap yigitsiz?! 

Shundan so’ng yigit nazoratchining qo’lidagi javob varaqalarini olib sochib yubordi. Albatta, sochilgan qog‘ozlar ichida o‘sha yigitning ham inshosi bor edi. O’sha imtihonda uddaburro yigit kerakli natijani qo’lga kiritgandi. 

0 ta izoh

There are no comments