O‘ZGARISHLAR KATTAKU

Judayam hafa.jpg

May oyining boshlarida Davlat qabul komissiyasi tomonidan kirish imtihonlariga talaygina o‘zgarishlar kiritildi. Ochig‘i, bu narsa judayam ko‘pchilik uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Endi kimlardir 10 oy tayyorgarlik ko‘rgan fanlaridan bir zumda voz kechib, boshqa fanlarni qisqa vaqt ichida o‘zlashtirishlari lozim. Kimlardir, aniqrog‘i, abituriyentlarning yarmidan ortig‘i 6 dona savol uchun informatika kitoblarini yodlab chiqishlari lozim. Keling, bugun shu holat yuzasidan fikrlashsak.  

Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, biz ushbu o‘zgarishlarni yoqlab maqola yozmoqchi emasmiz. Maqsadimiz mazkur holatda o‘zni qanday tutish lozimligi haqida sizlarga, oz bo‘lsa-da, maslahat va tavsiyalarimizni berib o‘tishdan iborat.   

very-bored copy.jpg

Avvalo, bu o‘zgarishlar faqat bir abituriyent, masalan, sizgagina nisbatan qo‘llanayotgani yo‘q – buni tushunish, his qilish kerak. Qolaversa,  yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyent do‘stlaringiz ham kamida sizdek vaziyatda turishibdi. Shu holatda o‘zgarishlar kiritilmagan o‘rinlar bo‘yicha kim ko‘proq test yechsa, o‘shanda imkoniyat yaxshiroq bo‘ladi. Kimyo yo‘nalishiga topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlarda esa vaziyat boshqacharoq. Ular endi biologiya o‘rniga ikki oyda imkon qadar ko‘proq matematik ma’lumotlarni o‘zlashtirishlari lozim. 

Yo‘nalishida o‘zgarish bo‘lgan (kirish imtihoniga yangi fan bo‘yicha testlar qo‘shilgan) abituriyentlar tegishli fan mutaxassislari bilan maslahatlashib osonroq mavzularni o‘zlashtirishlari lozim. Nega osonroq mavzular? Chunki oson savolga ham, qiyin savolga ham bir xil ball beriladi. Mavzularni o‘zlashtirayotganda ham juda chuqurlashib ketmang. Masalan, trigonometriyaning asosiy xossalarini o‘rganish oson, lekin ularning funksiyalari va tenglamalari sizlarni biroz qiynashi, natijada umidsizlikka tushirib qo‘yishi ham mumkin. Tenglamalarni, matnli masalalarni yechish usullarini o‘zlashtirish sizga qulayroq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Boshqa mavzularni ham shunday saralab, imkon qadar ko‘proq ball to‘plashga urining. Biz misollarni faqat matematika fanidan keltiryapmiz. Har bir fan mutaxassisi sizga shunday yordam ( tavsiya va maslahatlar ) bera olishiga ishonamiz.   

Ayrim texnik yo‘nalishlarda esa ona tili va adabiyot fani o‘rniga ingliz tili fani kiritildi. Aslida, bu o‘zgarishni juda ham katta yangilik sifatida qabul qilish kerak emas. O‘tgan yili Toshkent axborot texnologiyalari universitetida sinov tariqasida joriy qilingan o‘zgarishlar shu yildan boshqa yo‘nalishlarga ham tatbiq qilinishini taxmin qilish qiyin emas edi. Bu holatni to‘g‘ri baholay olgan abituriyentlar allaqachon ingliz tilini o‘zlashtira boshlashgan. Hozirgi kunda ingliz tilini bilish davr talabi bo‘lib qoldi. Agar shunday o‘zgarishga tayyor bo‘lmasangiz, sizda ikkita yo‘l bor:  yo dastlabki ikki fanga umid qilib shu yo‘nalishga hujjat topshirish (vaholanki, ikki oy ichida, oz bo‘lsa-da, nimalarnidir o‘zlashtirsa bo‘lardi), yo o‘zingiz tayyorgarlik ko‘rgan fanlar bo‘yicha boshqa yo‘nalishga hujjat topshirish. Agar siz shundoq ham ona tili va adabiyot fanlariga tayyorgarlik ko‘rmayotgan bo‘lsangiz, unda siz katta yo‘qotish qilganingiz yo‘q.  

Matematika fani testlariga informatika fanidan 6 ta savol qo‘shilmoqda. Ularning aksariga siz, zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanayotgan abituriyentlar, noto‘g‘ri javoblarni o‘chirib tashlash orqali ham javob topa olasiz. Ulardagi amaliy, sanoq sistemasiga oid savollarni yechishda esa “Ball maksimum” loyihasining matematika bo‘limi orqali yordam berishga harakat qilamiz. Shuningdek, matematika testlarida ham informatikadan savollar berishni yo‘lga qo‘ydikki, bu ham sizlar uchun foydadan holi bo‘lmaydi.  

Aslida, o‘zgarishlar yaxshiliklarga sabab bo‘ladi. Ammo buni yaxshilikka ekanligini his qilishimiz uchun bizga biroz vaqt lozim. Hozirgi vaziyatda, bizningcha, eng to‘g‘ri yo‘l – qo‘rquv va xavotirlarga o‘rin qoldirmay, kerakli bilimlarni o‘zlashtirishga ko‘proq urinish. Yana bir bor eslatib o‘tamiz: bu o‘zgarishlar faqatgina sizning o‘zingizga emas, siz qatori imtihon topshiradigan raqobatchilaringizga nisbatan ham qo‘llanmoqda. 

Azimjon MAHMUDOV

 
1 ta izoh

1 ta izoh

  1. Gravatar

    Bu yil 3 ta fanga ham 3.1 balldan beriladi degan xabar eshitdik, shunga aniqlik kiritsangiz.