MANTIQ MAYDONI (10-2014)

1. Sanjar va Shokir

Sanjar Shokirga telefon qildi va so‘radi:

 - Ertaga biz bilan choyxonaga borasanmi?

Shokir javob berdi:

 - Bormayman deb o‘ylamayman, desam xato qilgan bo‘lmasam kerak. Yo‘q, bu gapimni qaytib olmasligimga ko‘zim yetmasa kerak.

Savol: Shokir bormoqchimi yoki yo‘qmi?

2. Rost va yolg‘on
Kitob sahifasida tartib bo‘yicha raqamlangan o‘n uch misra she’r bor. Ne ajabki, misralarning barchasida bir xil gap yozilgan: “Yolg‘onlarning soni erur shul misraning raqami ”. Savol: she’rda nechta yolg‘on fikr bor va ular qaysi raqamli misrada?

 

3. Nozik ta’b

Zubaydaning hech kimnikiga o‘xshamagan, ajoyib didi bor. U fanlardan kimyoni yoqtiradi, fizikani emas. Kelgusida Angliyaning emas, Fransiyaning poytaxtida ta’lim olish niyati bor. Negadir nonushtada qatiq tanovul qilishni xush ko‘radi, qaymoqqa toqat qila olmaydi. Yoz, kuz, qish fasllarida uni shod-xurram holda ko‘rish amri mahol. Qani o‘ylab ko‘ring-chi, Zubayda haftaning qaysi kunini yoqtiradi?

 

4. Ikki matematik
     Nafaqa yoshiga yetmagan ikki matematik uzoq yillardan so‘ng yana uchrashib qolishdi. Sizga ularning suhbatini keltiramiz:
- Qani, o‘zingdan gapir. Farzandlardan nechta?
- Uch o‘g‘lim bor.
- Zo‘r-u, yoshlari nechada?
- Matematiksan-u, o‘zing top: ularning yoshlarini ko‘paytirsak, sening yoshing kelib chiqadi.
Hisob-kitobga kirishib ketgan matematik biroz vaqtdan so‘ng dedi:

- Sen bergan ma’lumot aniq javob topishimga kamlik qilyapti.
- Ha, darvoqe, ularning yoshini qo‘shsak, bugungi sana kelib chiqadi.
Matematik yana biroz o‘yladi va norozi ohangda dedi:

- Baribir nimadir kamlik qilyapti.
- Aytganday, o‘rtancha o‘g‘lim raqs to‘garagiga qatnaydi.
- Mana bu boshqa gap. Ularning yoshlari…
Biz matematikning javobini kelgusi sonimizda e’lon qilamiz. Unga qadar bolalarning yoshlarini siz topib ko‘ring.

 

5. Yo‘l haqi

Akmal taksi kiralab yo‘lga chiqdi. Yo‘lning yarmida taksiga do‘sti ham chiqdi. Ular birgalikda ishni bitkazishgach, do‘sti o‘zi chiqqan joyda tushib qoldi. Agar taksi Akmalni olgan joyiga tashlab qo‘ygach, yo‘lkira uchun 6000 so‘m so‘ragan bo‘lsa, bu yo‘lkiraning qanchasini uning do‘sti to‘lashi kerak? (Yo‘lkira kilometr bo‘yicha hisoblangan)

 

6. Ajoyib musobaqa

Boy ota ikki o‘g‘lidan qaysi birining merosxo‘r bo‘lishini aniqlash uchun ular orasida ot musobaqasi o‘tkazishga qaror qiladi. Musobaqaning sharti boshqacharoq: oti orqada qolgan odam g‘olib bo‘ladi. Bu musobaqani qanday o‘tkazish mumkin?

 

7. To‘rt litr suv

3 litrli va 5 litrli silindrik idishlar mavjud. Bu idishlardan foydalanib, 41 suvni qanday o‘lchash mumkin?

 

8. Dengizchilar savoli

Rivoyat qilishlaricha, mashhur qadimgi yunon shoiri, “Iliada va  Odisseya” dostonlarining muallifi bo‘lgan Gomer dengizchilar bergan topishmoqni topa olmaganiga chidolmay o‘zini osgan ekan. Uzoq safar oldidan dengizchilar shunday deyishar ekan:
Topsam – daf etaman
Topmasam o‘zim bilan olib ketaman.
Dengizchilar nimani nazarda tutishgan?

 

O‘tgan sonda  e’lon  qilingan  “Mantiq maydoni” sahifasining javoblari

1. 7 kunda.

2. 27.

3. Ikki qutiga 5 tadan oq sharni joylashtirib qo‘yadi. Chunki podshoh unga: “O‘zing xohlagandek joylashtir”, - deb aytgan. Shu holda uning yashab qolish ehtimoli 100 %.

4. 57.

5. 1/3.

6. 3.

7. Har xil.

 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments