IMTIHONGA RUHAN TAYYORMISIZ?

Aytaylik, hozir siz jismoniy mashg‘ulotlarni tugatib, asosiy o‘yin oldida turgan futbolchisiz. Ma’lumki, o‘yinda jismoniy va taktik jihatdan kuchli bo‘lish barobarida ruhiy  tomondan ustun bo‘lish ham muhim hisoblanadi. Ruhan tayyor bo‘lmagan jamoa, tabiiyki,  o‘yin davomida asabiylashadi. Bunday paytda futbolchilar aql bilan emas, hissiyotlarga berilib harakat qila boshlashadi. U yerda yutqazgan jamoaning  ruhiy kuchsizligi yaqqol namoyon bo‘lib qoldi.

Balki , futbol  to‘g‘risida fikr yuritib, boshingizni qotirishimiz  befoydadir. Lekin  ruhiy tayyorgarlik siz uchun  juda muhim. Siz uchun hamma narsa bir kunda hal bo‘ladi. Ammo ayni o‘sha kungi ruhiy holatingiz ko‘p narsani aniqlashtirib beradi. Bir necha yillik faoliyatimizda  bilim saviyasi juda yuqori bo‘lgani bilan talabalar safiga qo‘shila olmagan abituriyentlarga ko‘p duch kelganmiz. Afsuski, ularning asosiy kamchiligi fanlar bo‘yicha shug’ullanib, imtihon jarayonidagi kutilmagan holatlarga tayyorgarlik ko‘rmaganliklaridir. 

Quyida o‘z  tajribamizdan kelib chiqib,  imtihon paytida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ba’zi holatlar to‘g‘risida so‘z yuritsak.  

1. Imtihonga kirishdan oldin kalkulator yoki mobil telefoningizni o‘qituvchilar olib qo‘yishdi. 

Aslida, kirish imtihoniga bunday narsalar bilan kirish taqiqlanadi. Shunga qaramay, abituriyentlar o‘z omadlarini boshqa joylardan qidirish maqsadida bunday vositalarga ehtiyoj sezishadi. Deylik, yuqoridagi holat yuz berdi. Tushkunlikka tushish  yoki telefon apparatingizning qimmatligi haqida jon kuydirish bu paytda  befoydadir. Xohlasangiz qimmat telefoningizni olib imtihondan chiqib ketishingiz ham mumkin. 

Agar siz uchun  talaba bo‘lish baxti muhimroq bo‘lsa, hozir ularni o‘ylaydigan vaqt emas. Tezda o‘zingizni qo‘lga oling va asosiy maqsad - imtihon topshirish sari shoshiling.

Yana bir holat:  tayyorgarlik jarayonida kimyo va fizika fanlaridagi savollarni kalkulator yordamida yechishga odatlanishgan abituriyentlar uchun yana bir qiyin sinov bo‘ladi. Shu paytgacha, balki, kalkulator sizning doimiy hamrohingiz bo‘lgandir, lekin duch kelishingiz mumkin bo‘lgan bunday vaziyat  uchun kalkulatorsiz ishlashni ham o‘rganib qo‘ysangiz, foydadan xoli bo‘lmaydi.

2. Imtihon zali juda shovqin, xayolingiz bo‘linyapti.

Tartibga binoan, imtihon zalida “pashshaning uchgani ham bilinmasligi” kerak bo‘lsa-da, ba’zan mas’ul kishilarning nazoratni bo’shashtirib yuborishlari sababli shovqin ko‘tarilishi ham mumkin. Albatta, bu sizning fikrlashingizga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Bunday paytlarda  imtihon nazoratchisini ogohlantirishingiz kifoya bo‘ladi. Bundan nazoratchining o‘zi xulosa chiqarib oladi. Natijasi bo‘lmasa, unga yana murojaat qilishingiz mumkin. 

Afsuski,  hamma abituriyentlar ham bunday qat’iyatga  ega bo‘lmasligi  mumkin.  Agar bunday qilishga jur’atingiz  yetishmasa, unda imtihondan oldin shovqinli joylarda fikringizni jamlashga odatlanganingiz ma’qul.

3. Yoningizdagilar ko‘chirishmoqda.

Bu abituriyentni eng ko‘p tushkunlikka tushiradigan holat.  Lekin bu juda ham qo‘rqadigan  ahvol emas. Sababi ko‘chirayotgan odamning bilimi past bo‘ladi. Shu bois ham bu ishni qiladi. Undan tashqari, yuqoridagi kabi bu to‘g‘risida zal nazoratchisini ogohlantirish huquqiga ham egasiz. 

Agar siz o‘zingizga ishonsangiz,  boshqalarning qanchalik ko‘chirishi-yu, nimagadir erishishi sizni bezovta qilmaydi.

4. Savollar juda oson yoki juda qiyin.

Savollar juda oson bo‘lgani sababli  hayajonlanib ketib, ularning ayrimlariga e’tiborsizlik qilishdan ehtiyot bo‘ling. Sababi  testlar qandaydir qolip asosida tuzilgan bo‘lib,  hammaga bir xil murakkablikdagi savollar tushadi. Yoningizda o‘tirgan sherigingiz hayajonlanmay yechgani sababli u  sizdan yuqori natija olishi  mumkinligini unutmang.

Aksincha, savollar juda qiyin bo‘lsa  ham, tushkunlikka tushib ketmang. Xuddi shunaqa murakkab savollarni yoningizdagilar ham yechib o‘tirishibdi-ku. Demak, siz ham urinib ko‘ring.  

Eng muhimi, har qanday vaziyatda ham xotirjamlikni boy berib qo‘ymang. Ruhiy tayyorgarlik, asosan, xotirjamlik orqali  yuzaga keladi. 

Azimjon MAHMUDOV

2 ta izoh

2 ta izoh

  1. Gravatar

    Bunday yangilikdan bizning xabarimiz yo'q.

  2. Gravatar

    Salom adminlar, eshitishimcha bu yil adabiyotdan 16 ta savol tusharkan. Ingliz tilidan ham 15 tagacha tekst, tarixdan esa litsey darsligidan 15 ta savol bo'larkan. Shunga aniqlik kirita olasizmi ?!