VTS OLIMPIADASI HAQIDA FIKRLAR

VTS olimpiadasi o‘tkazilib, natijalar e’lon qilingandan so‘ng biz ishtirokchilarning mulohazalari bilan qiziqdik. O‘z navbatida, ularga qayd etilgan ko‘rsatkichlarda xizmatlari singgan ustozlarga minnatdorchilik bildirish imkoni ham berildi.

 

Davron Razzoqov. Texnika yo‘nalishi ishtirokchisi. Amudaryo tumani Mang‘it qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji talabasi. 1-o‘rin sohibi.

VTS olimpiadasi menga o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashim kerakligini anglatdi.

Olimpiadadagi savollar juda qiyin bo‘ldi, oldingi sonlardagi savollardan ko‘ra murakkabroq tuzilibdi. Imtihon o‘tkazilgan xonada biz uchun barcha sharoitlar yaratilganini alohida ta’kidlash lozim. 

Final bosqichiga yetib kelishimda ustozlarim va ota-onamning xizmatlari katta bo‘ldi. Matematika fani bo‘yicha ustozim Safarboyev Azimjon aka va fizika o‘qituvchim Jumanov Azizbek akaga minnatdorchilik bildirib qolaman.

Har doim bilimimni sinab borishimda eng yaqin ko‘makchiga aylangan “Abituriyent” gazetasi xodimlariga ham rahmat. Savollar bundan-da qiyinroq darajada tuzilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi, deb o‘ylayman.

 

Komil Hakimov. Iqtisodiyot yo‘nalishi ishtirokchisi. Navoiy davlat pedagogika institute qoshidagi akademik litsey talabasi. 1-o‘rin sohibi.

Bu olimpiada menga tajriba, qo‘shimcha bilim va ruhiy tayyorgarlik berdi. Imtihon ko‘ngildagidek o‘tkazildi: testlar, har doimgidek, DTM tomonidan beriladigan testlardan ancha murakkab, xonalar shinam, barcha sharoitlar muhayyo. Nazorat ham yuqori darajada bo‘ldi. Buning uchun olimpiada tashkilotchilariga katta rahmat.

Mening VTS olimpiadasi g‘olibi bo‘lishimda xizmatlari singgan ustozlarim: Esanova G. (matematika), Nu’monova G. (English) va Hamidova F. (ona tili va adabiyot) ga va albatta ota-onamga minnatdorchilik bildiraman.

 

Davlatbek Aktamov. Tabiiy yo‘nalish ishtirokchisi. Sirdaryo viloyati Boyovut yengil sanoat kolleji talabasi. 1-o‘rin sohibi.

Men VTS olimpiadasida qatnashganimdan va 1-o‘rin sohibi bo‘lganimdan xursandman. Men bu olimpiadada ishtirok etib, bilimim qay darajada shakllanayotganini tekshirib oldim. Qolaversa, ko‘p do‘stlar orttirdim. Imtihon jarayoni haqida gapiradigan bo‘lsam, nazorat juda kuchli bo‘ldi. Testlarning saviyasi ham yomon emas. Har holda, bu testlar menga egallashim zarur bo‘lgan bilimlar hali ancha ko‘pligini ko‘rsatdi.

Biologiya fanidan testlar katta e’tiborni talab etdi. Kimyo fanidan tuzilgan testlar tezlik ustida yana ham ko‘proq ishlashim lozimligini ko‘rsatdi. Ona tili testlari nisbatan osonroqday tuyuldi.

Olimpiada uchun “Abituriyent” gazetasi tahririyatiga kattakon rahmat. Unda g‘alaba qozonishimda GulDU o‘qituvchilari, xususan, Xolmurodov Baxtiyor aka (kimyo) hamda O‘razbayev Ismatullo aka (biologiya) ning xizmatlari katta bo‘ldi. Ularga ham katta rahmat.

 

Fotihxo‘ja Mahmudxo‘jayev. Texnika yo‘nalishi ishtirokchisi. O‘zMU qoshidagi Zangiota akademik litseyi. 2-o‘rin sohibi.

VTS olimpiadasida sovrindor bo‘lganimdan xursandman. Olimpiadada ishtirok etib shunga amin bo‘ldimki, talaba bo‘lish uchun hali ancha o‘qishim kerak ekan.

O‘tgan yili VTS olimpiadasida qatnashgan va menga ham unda ishtirok etishni tavsiya qilgan G‘aniyev Sarvar akaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

“Abituriyent” gazetasini muntazam o‘qib boraman. Bu gazeta bilan abituriyentlik yuki yengilroq ekaniga ishonch hosil qildim. Tashkilotchilarga rahmat.

 

Rahmonjon Usmonov. Iqtisod yo‘nalishi ishtirokchisi. QDPI qoshidagi 1-son akademik litsey talabasi. 2-o‘rin sohibi.

Avvalambor, tashkilotchilarga rahmat aytmoqchiman. Olimpiada o‘tkazilgan xonalar, test savollari – hammasi ko‘ngildagidek. VTS olimpiadasida kirish imtihonidan oldin o‘zimni sinab oldim, menimcha, eng asosiysi shu bo‘lsa kerak. Ingliz tili testlari men kutgandan biroz osonroq bo‘ldi. Matematikadan tuzilgan ayrim savollarga gap yo‘q. Olimpiada sovrindori bo‘lishimga ota-onam hamda matematika fanidan o‘qituvchim Imomov No‘monjon domla katta hissa qo‘shishdi.

Barcha abituriyentlarga “Abituriyent” gazetasini tavsiya qilaman. “Abituriyent” – bu yurtimizdagi abituriyent va o‘qituvchilar yangi soni chiqishini orziqib kutadigan gazeta. Hammaga rahmat.

 

VTS olimpiadasida ishtirok etgan barcha abituriyentlarga biz ham o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Kirish imtihonlarida ham ularga omad yor bo‘lishini tilaymiz. Kelgusida mavsum yanada shiddatli bo‘lishini, olimpiadamiz asl kuchlilar bahsiga aylanishini istab qolamiz. Bilimdonlar abituriyentlar maydonida ko‘rishguncha.

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments