O‘RGATISH – BILISHDAN KO‘RA MUSHKULROQ

Bir necha yuz yillar oldin dunyoning bir burchagida joylashgan orolga, kech bo‘lsa-da, olov yetib borgan edi. U yerda to‘rtta turli qabila yashar va ularning o‘zaro munosabatlariga havas qilib bo’lmasdi. Bu orolga unga yaqin yerlarda yashovchi bir olim shogirdlari bilan birgalikda safar uyushtiribdi. Yo’ldagi qiyinchiliklar ortda qolib, kema orol sohiliga kelib to’xtabdi. Olimlar birinchi qabilaga borib, ularning hayot tarzini o‘rgana boshladilar. Bu qabilada olovni faqatgina rohiblar ishlatar ekan. Ular bu o‘zlariga berilgan ilohiy armug‘on ekanligiga boshqalarni ishontira olishgan edi. Shu sababli rohiblargina pishgan go‘sht, issiq ovqat yeyishar, boshqalarning yemishi esa xom go‘sht, sovuq ovqat edi. Olimning o‘quvchilaridan biri, men shu yerda qolib bu qabilada olovdan hamma foydalanishini ta’minlayman, undan foydalanishga hammaning haqqi bor ekanligini o‘rgataman, debdi.  

Olim va boshqa o‘quvchilar yo‘llarida davom etib, ikkinchi qabilaga kelishibdi. Bu yerdagilar olovning ilohiy kuch ekanligiga ishonishar, olov yoquvchi barcha narsaga sig‘inishar edi. Lekin hech kim olov yoqishga botina olmas edi. O‘quvchilardan yana biri shu qabilada qolib, olov yoqishni o‘rgatmoqchi bo‘libdi. Olim yana bir shogirdini ikkinchi qabilada qoldirib, boshqa shogirdlari bilan yo‘lida davom etibdi. 

Uchinchi qabila o‘zlariga olov olib kelgan odamning haykallarini yasab, hamma joyga o’rnatib chiqishgan edi. O‘zlaridan bir necha oldingi avlod olov ishlatishganini bilishar, ammo o‘zlari olovni yoqishga tashabbus ko‘rsatishmas edi. O‘quvchilardan yana biri shu yerda qolibdi.

Olim esa to‘rtinchi qabila tomon yo‘l olibdi. Bu qabiladagilar o‘zlari olov yoqishmas edi-yu, lekin olov haqida vahimali afsonalar aytib yurishar edi. Olovni esa ilohlardan biri hisoblashar edi. Hech kim olov yoqishni bilmas edi-yu, lekin hamma uning kuchi haqida hikoyalar aytar edi. Olimning shogirdlaridan yana biri shu qishloqda qolibdi.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, olim shogirdlari holidan xabar olish maqsadida qabilalarga yana bir sayohat uyushtiribdi. 

Birinchi qishloqdagi shogirdi rohiblar tomonidan ayblanibdi. Qabila xalqi begona odamga emas, o‘z rohiblariga ishonib, birinchi o‘quvchini o‘ldirishgan edi. 

Xalqning sig‘inadigan narsalarni ishlatib olov yoqqani uchun ikkinchi qabiladagi o‘quvchi ham o’lim jazosiga loyiq ko’rilibdi. 

Uchinchi qabiladagi o‘quvchi: “Haykallar hech qanday ishga yaramaydi”, – deya gap boshlagan ham ediki, qabila ahli unga e’tiroz bildirib, o’limga mahkum etishibdi.

To‘rtinchi o‘quvchi ham olov haqida ularning fikrlari noto‘g‘ri ekanligini uqtira boshlagan hamonoq o‘ldirilibdi.  

Olim esa qolgan shogirdlariga shunday xulosa bildiribdi: “O‘rgatish – bilishdan ko‘ra mushkulroq ish. O‘rganishni xohlamaydiganlarga, bilimga qarshi boradiganlarga bir narsa o‘rgatish esa eng mashaqqatli yumush hisoblanadi. Johil odamlar o‘z bilgan narsalariga ishonadilar va yangi bilimlarni qabul qilmaydilar. Ayni vaqtda, bu narsadan huzur olmaganliklari sababli ham bilimli odamlardan nafratlanadilar: ularga nisbatan doim yomonlikni ravo ko‘radilar”.

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments