ASLO UNUTMA…

Qadim zamonlarda kimsasiz va yolg‘iz bir qiz yashar edi. Yolg‘izlikdan juda ham siqilgan, hayotdan xafa holda ko’cha kezar ekan, bir kapalakning shoxlar ichida qolib ketganiga ko’zi tushibdi. U yerdan chiqish uchun harakat qilayotgan kapalak qanotlariga yanada ko‘proq zarar berar edi. Buni ko‘rgan yetim qiz ehtiyotkorlik bilan kapalakni shox-shabbalardan qutqaribdi.  

Kapalak esa uchib ketish o‘rniga qizning oldiga kelib, go‘zal pariga aylanibdi va qizga debdi: “Sen juda ham yaxshi, pok qalbli inson ekansan, shu sababli senga bir tilak tilash imkonini beraman”.

Qiz biroz o‘ylagach, pariga: “Baxtli bo‘lishni xohlayman”, - debdi. Pari qizning qulog‘iga bir nimalarni shivirlabdi-da, g‘oyib bo‘libdi.  

Qiz yoshi o‘tgan sari doim baxtli va xursand bo‘lib yurar edi. Bu baxtiyorlikning sirini so‘raganlarga, yoshligimdagi pariga yo‘liqqanligim, deya javob berar edi.   

Vaqt-soati yetib, ajal unga yaqinlashganda, atrofdagilar undan pari unga nima deganini so‘rashibdi. Keksaygan ayol esa tabassum ila debdi: “Pari menga shunday degan edi: “Qari bo‘lsang ham, yosh bo‘lsang ham, boy bo‘lsang ham, kambag‘al bo‘lsang ham… atrofingdagilarga kerakligingni unutma”.

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments