TO‘SIQ

To‘siqlar insonga borib urilish uchun emas, ularni oshib o‘tish uchun beriladi.

dream-barrier1.jpg

Inson hayoti davomida har turli to‘siqlarga duch keladi. Kimdir qiynalib, kimdir qulaylik bilan ularni yengib o‘tadi. Hamma ham to‘siqqa duch keladi. Asosiy masala to‘siqni qanday qabul qilishda. Kimdir hayotda yechilishi kerak bo‘lgan yana bir oddiy masala shaklida qabul qilsa, yana kimdir tog‘ misoli ko‘radi. Muammoni siz qanday qabul qilishingizga qarab yechimi topiladi. Ya’ni siz uni oshib o‘ta olishingizga ishonib, kichik bir muammo sifatida qarasangiz, osonlik bilan yengib o‘tasiz, aks holda, bir necha million asab tolalaringizni yakson qilasiz. Baribir o‘sha muammo hal bo‘ladi. Dunyoda HAL BO‘LMAYDIGAN muammoning o‘zi YO‘Q!

Insonning muvaffaqiyatga erishishdagi eng katta to‘sig‘i uning o‘zi hisoblanadi. Bu to‘siq o‘zining tushkun kayfiyatda bo‘lishi yoki bajarilishi kerak bo‘lgan ishni kechiktirish orqali yujudga keladi. Aytaylik, siz daryodan kechib o‘tishingiz kerak. “Daryo meni oqizib ketmasmikan?”, “Suvi sovuq bo‘lsa kerak”, “Narigi tomonga o‘tishim shartmi?” degan fikrlar sizga to‘siq bo‘ladi. Shunday vaqtda, bilingki, bu to‘siqni siz o‘zingiz yaratyapsiz. Uning o‘rniga, kechib o‘tish yo‘llarini qidirishingiz, o‘tayotgan vaqtda esa o‘zingizni o‘ta olishingizga ishontirishingiz lozim. Shu yerda hammamizga mashhur bo‘lgan “Shrek” multfilmining 1-qismidan parchani eslasak. Eshak ko‘prikdan o‘tayotganida juda qo‘rqadi. Shrek unga o‘tishi shartligini, pastga qaramasdan o‘tishi lozimligini uqtiradi. O‘ziga o‘zi “Pastga qarama”, – deb ketayotgan eshak yarim yo‘lda pastga qarab yuboradi-da, “Men pastga qaradim, endi o‘laman”, – deb umidsizlikka tushib baqira boshlaydi. 

Ko‘ryapsizmi, bu yerda eshak ko‘prikka chiqishdan oldin tushkun kayfiyatda bo‘lib, o‘ziga o‘zi to‘siq yaratdi. Shrek majburlagandan keyin ham to‘siq unga baribir pand berdi. Bizningcha, ushbu multfilmning davomini o‘zingiz eslasangiz kerak.

To‘siqlarni o‘zimiz yaratayotgan bo‘lsak, ulardan qanday xalos bo‘lish yoki ularga qanday yo‘liqmaslik yo‘llarini ham o‘ylab ko‘raylik. (Albatta, optimistik tarzda fikrlab) O‘sha to‘siqni oshib  o‘tishdan oldin eshak: “Bu yerdan oldin ham yuzlab odamlar o‘tishgan, mendan keyin ham o‘tishadi”, – deb o‘ylaganida, balki, o‘sha ko‘prik unga oddiy yo‘l bo‘lib ko‘rinarmidi? 

Hayotda hammamizning orzulari-miz ko‘rkiga aylangan va eng ko‘p xohlagan narsamiz muvaffaqiyatga erishish hisoblanadi. Dunyoda katta yutuqqa ega bo‘lganlar optimistik fikrlaydigan, yaxshilikni sevuvchi va buyuk narsalarni o‘ylaydigan odamlar orasidan chiqqan. Optimistik fikrlay boshlasangiz, fikrlashingiz vaqt o‘tishi bilan avtomatlashadi va butun xatti-harakatlaringizga ta’sirini o‘tkaza boshlaydi. Optimistik fikrlaydiganlar inson boshiga kelishi mumkin bo‘lgan har xil balo-qazo va ofatlar oldida ojiz qolishmaydi.  

Aslida, o‘sha yuksak muvaffaqiyatlarga erishgan insonlar tarixini o‘qisangiz, ularning ham bir tekisda yuksalmaganlariga e’tibor berasiz. Hayotning minglab past-balandini bosib o‘tganlari sababli shu cho‘qqiga erishganlarini his qilasiz.  

Dunyoda juda mashhur mulohaza mavjud: stakanning yarmi bo‘shmi yoki yarmi to‘lami? Bu fikrlayotgan odamning dunyoqarashiga bog‘liq. Optimistik fikrlaydigan odamlar, yarmi to‘la ekan, deb xursand bo‘lishsa, har narsadan kamchilik topadigan, dunyo ko‘ziga qorong‘u ko‘ringan odamlar esa, yarmi bo‘sh ekan, deb g‘alayon ko‘tarishadi. Dunyoqarash va fikrlash inson xulq-atvoridan farqli ravishda o‘zgartirilishi mumkin va bu juda oddiy. Atrofda bo‘layotgan har qanday voqeadan ijobiy xulosa chiqaring, uning yaxshi jihatlarini ko‘ring, shunda hamma ishingiz yaxshi bo‘ladi. Masalan, juda ko‘p ishlatiladigan “gulning tikani bor” jumlasini “tikanlar ichida shunday chiroyli gullar ham bor ekan” jumlasiga almashtiring. Shubhasiz, bu sizning ishingizga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi va hayotdan zavq olib yashaysiz.

Azimjon MAHMUDOV

2 ta izoh

2 ta izoh

  1. Gravatar

    VTsda final bosqichida tibbiyot yo`nalishida qancha ishtiroqchi ishtirok etadi iltimos aytib yuborasizmi admin

  2. Gravatar

    vts 12 tur natijalarini chiqarmaysizlarmi