O‘ZBEKISTON DAVLAT JAHON TILLARI UNIVERSITETI

1455073_749703588379882_617022940_n.jpg

2013 – 14-o‘quv yilidan boshlab Jahon tillari universitetida Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili yo‘nalishi tashkil etildi. Undan tashqari, Filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishi ham mavjud. O‘tgan yilda barcha ingliz tili mutaxassisi bo‘lish orzusida yurgan abituriyentlar Filologiya va tillarni o‘rgatish yo‘nalishiga hujjat topshirishgan bo‘lsa, joriy yilda Xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishida qabul kvotasi ham ortdi, abituriyentlarning aksariyati ham ushbu yo‘nalishni tanlashdi.  

Ingliz tili yo‘nalishlariga qabul qilinadigan abituriyentlar soni 2012-13-o‘quv yiliga nisbatan anchagina ortgan. Quyida 2012-13-o‘quv yilidagi Filologiya yo‘nalishi bilan 2013-14-o‘quv yilidagi Xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishlari solishtirilgan. 

2012-2013-o‘quv yilida 187 nafar o‘quvchi davlat granti asosida talabalikka qabul qilingan bo‘lsa, 2013-2014-o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 229 nafarni tashkil etdi. O‘tish ballari esa o‘tgan yilda 192,8 ballni tashkil etgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida 189,0 ballni tashkil etdi. Ushbu yo‘nalishda to‘lov-kontrakt asosida qabul qilishda ham sezilarli o‘zgarish ro‘y berdi. O‘tgan yilgi o‘quv yilida 515 nafar abituriyent talabalikka qabul qilingan bo‘lsa, 2013-14- o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 617 nafarni tashkil etdi. Lekin o‘tish ballida sezilarli o‘zgarish bo‘lmadi: O‘tgan yilda 165,3, joriy yilda esa 165,4. 

2013-14-o‘quv yilida Filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishida 5 nafar abituriyent davlat granti asosida, 10 nafar abituriyent esa to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan. O‘tish ballari mos ravishda 202,6 va  190,6.

Mazkur yo‘nalishlarda abituriyentlar ingliz tili, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan test topshirishadi.  

Ushbu oliy o‘quv dargohida ingliz tili yo‘nalishiga doir Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi ham mavjud. Ushbu yo‘nalishga 2013-14-o‘quv yilida davlat granti asosida 12 ta, to‘lov-kontrakt asosida 18 nafar abituriyent talabalikka qabul qilingan. O‘tish ballari esa mos ravishda 191,0 va 178,5 ball. Bu yo‘nalishda ta’lim olmoqchi bo‘lgan abituriyentlar ona tili va adabiyot, ingliz tili hamda tarix fanlaridan test topshiradilar.

Ushbu yo‘nalishlarda ta’lim olgan talabalar bir qator sohalarda faoliyat olib borishmoqda. 

Bitiruvchilar faoliyat olib borayotgan sohalar:

• davlat ta’lim muassasalari (o‘rta umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash muassasalari);

• davlat boshqaruv  organlari;

• jamoat tashkilotlari, fondlar, kasbiy  uyushmalar;

• ommaviy axborot vositalari (gazeta, jurnal, axborot agentliklari, televideniye, radio, tarmoqli OAV, axborot-reklama xizmatlari, PR tizimlari), nashriyotlar;

• ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari;

• davlat va xususiy sektor korxonalari;

• xorijiy davlatlar vakolatxonalari;

• qo‘shma korxonalar;

• arxiv, kutubxona, muzeylar;

• madaniyat va turizm sohalari. 

Internet nashrlarining xabar berishiga qaraganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 23-maydagi 1971-sonli qaroriga asosan, O‘zbekiston jahon tillari universiteti uchun yangi bino qurilishi ishlari boshlangan. Ushbu bino qurilishi Toshkent shahri  Uchtepa tumanida boshlangan bo‘lib, umumiy maydoni 2200 m2 ni tashkil etadi.  

Bino atrofida futbol maydoni hamda katta tennis, voleybol, basketbol o‘ynash uchun maxsus maydonchalar, basseynga ega katta sport majmuasi, shuningdek, 400 o‘rinli oshxona barpo etish ko‘zda tutilgan. 

Sahifamizdagi rasmda ushbu bino loyihasi ko‘rsatilgan. 

Munisa QORABOYEVA  tayyorladi.

 

0 ta izoh

There are no comments