TARIX (Bu fanni o‘zlashtirishda nimalarga e’tibor berish kerak?)

1. Esda saqlashning turli xil usullaridan foydalanish

a) Gapli ifodalar tuzish. Mazkur usuldan bir guruhdagi so‘zlarni eslab qolishda foydalangan ma’qul. Masalan, Xiva Ichanqal’asining darvozalari (Polvon, Ota, Pog‘cha, Tosh)ni eslab qolish uchun  „Polvon bog‘chaga tosh otadi“ shaklida gap tuzilsa, uning yodda qolishi ancha osonlashadi. Yoki shoir Uyg‘unning Ikkinchi jahon urushi davriga oid she’rlari ( „Qasam“, „Bir qadam ham ortga chekinilmasin“, „Maktub“)ni „Uyg‘un o‘z maktubida bir qadam ham ortga chekinmayman deb qasam ichdi“ shaklida yodlab qolish mumkin.

b) Bosh harflardan foydalangan holda so‘z tuzish. Mazkur usuldan bir necha so‘zlardan iborat holatni, shuningdek, ularning to‘g‘ri ketma-ketligini eslab qolishda foydalanish mumkin. Masalan, Mirzacho‘lni o‘zlashtirish davrida Jizzax vohasida tashkil etilgan tumanlar (Mirzacho‘l (1967), Do‘stlik (1970), Zafarobod (1973), Arnasoy (1977))ning tashkil etilish davri ketma-ketligini esda saqlab qolish uchun bosh harflarini birlashtirib  „MeDuZA“ shaklida so‘z tuzish mumkin. 

c) Raqamlarni o‘zingizga tanish biror voqeaga bog‘lash. Ma’lumki, tarix fanini o‘rganishning eng murakkab tomonlaridan biri sanalarni va statistik ma‘lumotlarni esda saqlab qolish hisoblanadi. Mazkur usul esa har bir raqamni alohida-alohida, tarqoq holda yodga olish zahmatidan xalos etsa, ayni vaqtda, bir davrda yuz bergan voqealarni o‘zaro bog‘lash imkonini beradi. Masalan, siz O‘zbekiston Respublikasida „Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risida”gi Qonunning qachon qabul qilinganligini „Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi, “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi, „Yer kadastri to‘g‘risida“gi, „Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida“gi, „Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida“gi Qonunlar bilan birga yodlashingiz mumkin, chunki sanalganlar bir vaqtda qabul qilingan.

2. Davrni aniq sistemaga solgan holda o‘rganish. Har qanday bilim aniq bir sistema, qolip asosida o‘rganilar ekan, uni tushunish va xotirada saqlab qolish osonlashib borishi hammaga ayon haqiqat. Xo‘sh, bu fikrni tarix faniga qanday tatbiq etish mumkin? 

a) Voqealar xronologiyasini tuzib borish. Mazkur usul voqea-hodisalarning izchilligini to‘g‘ri tasavvur qila olish uchun o‘ta muhim.

b) Biror davrda ro‘y berayotgan voqeliklar strukturasini to‘g‘ri anglay olish. Bilamizki, me’morlar bino barpo etishda, avvalo, uning tayanch ustunlarini tiklab olishib, so‘ngra ularga pardoz berishadi. Siz ham biror davrni o‘rganganda, asosan, quyidagi jihatlarga e’tibor qaratishingiz muhim. Masalan, Somoniylar davlati davrini o‘rganishda quyidagi asosiy jihatlarga e’tibor berish va buni tahlil qila olish maqsadga muvofiq:

 - Somoniylar davlatining siyosiy hayoti: davlat qanday tashkil topdi, davlat boshqaruvi qanday edi, inqiroziga qaysi omillar sabab bo‘ldi.

- Somoniylar davlatining ijtimoiy-iqtisodiy hayoti : yer egaligi shakli qanday edi, qanday obodonchilik ishlari amalga oshirildi, qaysi davlatlar bilan va qanday mahsulotlar bilan savdo qilindi.

- Somoniylar davlatining ma‘naviy hayoti: bu davrda qanday asarlar yaratildi, qanday me’moriy obidalar barpo etildi, ma’naviy hayotda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi.

Siz ana shu uch jihatni to‘g‘ri tahlil qila olsangiz, davr haqida sizda aniq tasavvur paydo bo‘ladi. Bu esa sizga ba’zi qo‘shimcha ma’lumotlarni mantiqiy fikrlab ham aniqlab olish imkonini beradi.  

3. Takrorlash o‘ta muhim. Takrorlash barcha fan uchun birdek muhim hisoblanadi. Ammo tarix fanida ma’lumotlar hajmi juda kattaligini hisobga olsak, mavzularni ma’lum vaqt oralig‘ida (masalan, 2-3 oyda) qaytarib turish judayam zarur. Bu holat esa o‘rganuvchilarga ma’lum qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Bizning fikrimizcha,

- takrorlash aniq jadval asosida va muntazam bo‘lishi kerak;

- takrorlash faqat mavzularni o‘qish asosidagina emas, balki biror sherik bilan savol-javob tarzida bo‘lishi ham muhim;

- takrorlashni o‘z sheriklaringiz bilan sog‘lom raqobat shaklida olib borishingiz muhim.

4. Bugungi dunyo hamda o‘rganilayotgan davr siyosiy xaritasini tasavvur qila olish. Mazkur omil o‘rganuvchilar uchun voqea-jarayonlarni, masalan, davlatlarning harbiy yurishlari, savdo aloqalari, egallagan hududlarini to‘g‘ri aniqlashda juda muhim. Chunki mamlakatlarning joylashuvini to‘g‘ri tasavvur qila olmay turib ko‘r-ko‘rona yod olingan ma’lumotlar xotirada uzoq saqlanib qolmaydi. Chunonchi, IV asr oxirida vujudga kelgan Vizantiya imperiyasining hududlari (Bolqon yarimoroli, Kichik Osiyo, qisman Kavkaz, Suriya, Falastin, Misr, Kipr va Krit orollari)ni yod olishda O‘rtayer dengizining sharqiy qismi qirg‘oqlarini, bu hududlarda joylashgan o‘lkalar va orollarni tasavvur qilish juda muhim. Yana bir misol: qadimgi va o‘rta asrlarda davlatlararo harbiy yurishlar, savdo aloqalari, avvalo, qo‘shni mintaqalarga nisbatan olib borilganligi ham davr xaritasini bilgan holda harakat yo‘nalishlarini mantiqiy jihatdan to‘g‘ri aniqlay olishga yordam beradi. Zero, bu jarayonda eshitish va ko‘rish xotiralarining sintezi oqibatida nisbatan mustahkam tasavvur shakllangan bo‘ladi. Aytishadi-yu, ming bor eshitgandan bir bor ko‘rgan yaxshi deb.

Asliddin ABDANOV 

Tarix fani o‘qituvchisi

 

0 ta izoh

There are no comments