NAVRO‘ZI OLAM

“Navro‘z xalqimizning yuragini va yorug‘ tuyg‘ularini, o‘lmas ruhi va ma’naviyatini o‘zida yorqin namoyon etadigan eng qadimiy, eng ardoqli, asl milliy bayramimizdir”.

Islom Karimov

bee5.jpg

Assalomu alaykum.

O‘lkamizda, qalblarimizda Navro‘z shukuhi. Navro‘z xalqimiz hayotida milliy bayram sifatida alohida ahamiyatga, o‘ringa ega. Do‘ppini yerga qo‘yib, nima uchun xalqimiz bu bayramni o‘zgacha kayfiyat, o‘zgacha ruh bilan kutib olishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Bizningcha, Navro‘z shunchaki bahor bayrami, shunchaki tun-u kunning tengligi emas. Biz bugun milliy bayramimizning boshqa jihatlariga ham to‘xtalib o‘tmoqchimiz. 

Navro‘z  - shukronalik bayrami. Azaldan xalqimiz bu bayramni qishning sovuq kunlari va zimiston tunlaridan xalos bo‘lgani, iliq kunlar va to‘kin-sochinlikka yetib kelgani munosabati bilan nishonlab kelgan. Demak, bu bayramning mohiyatida shunday kunlarni sog‘-omon ko‘rish baxti nasib qilgani uchun Yaratganga shukur aytish yotadi.  

Navro‘z  - birlik bayrami. Navro‘z bayramida yosh-u qarilar bir joyga jam bo‘lishadi. Mahallalarimizda nafaqat o‘zbeklar, balki boshqa millat vakillari ham bir qozon, bir dasturxon atrofida bayram shukuhini tuyadilar.  

Navro‘z  - yaxshi niyat bayrami. Ezgu niyatlar ila sumalak pishirish uchun qozon osiladi, sumalak atrofida o‘tirganlar bayram taomiga xush niyatlar ila tosh tashlashadi. Qozon qaynar ekan, sumalakni kavlash uchun qo‘liga gavron olgan har bir kishi xudodan niyatlariga yetkazishni so‘rab dilida iltijolar qiladi.  

Navro‘z  - mehr bayrami. Bayram taomiga hammaning mehri qo‘shiladi. Sumalak ko‘pchilikning mehridan bunyod bo‘ladigan taom, desak mubolag‘a bo‘lmas. Idishlarga suzilgan sumalak mehr timsoli bo‘lib har bir oilaga kirib boradi. Turli sabablar bilan sumalak tayyorlashda ishtirok etmaganlar ham bu taomdan tatib, o‘zgalar mehridan bahramand bo‘lishadi.  

Navro‘z  - ozodalik bayrami. Buni birgina hasharlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Hashar xalqni birlashtiradi. Hashar elga yarashadi. Bir tan-u bir jon bo‘lib qo‘liga supurgi yoki belkurak olgan kishilar ko‘kalamzorlashtirish ishiga o‘z hissalarini qo‘shishga oshiqadilar. 

Navro‘z  - shodlik, o‘yin-kulgi bayrami. Qishning sovuq onlarida koptok tepolmagan, quvlashmachoq va bekinmachoq o‘ynolmagan bolalar bayram bahona varrak uchiradilar, turli xalq o‘yinlarida ishtirok etadilar. Qozon atrofida bo‘ladigan aytishuvlar, bahri baytlar, aytiladigan lapar va qo‘shiqlar davrani ham, o‘yin-kulgiga moyil qalblarni ham qizitadi.

Navro‘z  - ozodlik bayrami. Uzoq o‘tmishda bu bayram yov zulmidan xalos bo‘lish bilan bog‘liq bo‘lmaganligi tabiiy. Biroq biz o‘tgan asrning katta qismida Navro‘zni emin-erkin nishonlash sharafiga ega bo‘lmadik. Istiqlol munosabati bilan biz bunday baxtga musharraf bo‘layotirmiz. Navro‘zni bayram qilish orqali biz nafaqat bahorni qarshi olyapmiz, balki shu bayramning qaytishini, ozodlikni ham tantana qilyapmiz. 

Navro‘z  - salomatlik bayrami. Bu bayram bahona hududlarda milliy o‘yinlar va sport turlari bo‘yicha musobaqalar uyushtiriladi. Kurash deysizmi, arqon tortish yoki futbol deysizmi, bularning bari inson salomatligini yaxshilash yo‘lida xizmat qiladi.

Navro‘z  - go‘zallik bayrami. Bu bayram shunday paytda nishonlanadiki, ko‘m-ko‘k tusga burkangan tabiat ko‘zlarni, qalblarni yashnatadi. Bayramning yanada shukuhli bo‘lishiga bu go‘zallik katta ta’sir ko‘rsatadi, albatta. 

Hurmatli yurtdoshlar! Barchangizga Navro‘zi olam muborak bo‘lsin deb qolamiz. Qalbingizni shukronalik, yaxshi niyat, mehr, shodlik va go‘zallik sira tark etmasin.

 TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments