MEHR VA NAFOSAT TIMSOLI

8-mart copy.jpg

Salom, abituriyent!   

 

Yurtimiz uzra bahor hukm sura boshladi.Qalblarda bayram shukuhi, bayramona kayfiyat. Ushbu faslda onajonlarimiz, opa-yu singillarimiz – barcha ayollar o‘z bayramlarini nishonlaydilar. Shu munosabat bilan biz ham ilk sahifamizda ayollar, aniqrog‘i, o‘zbek ayollari haqida so‘z yuritishga qaror qildik.  

               Izlaridan ibo ergashib yurgan, 

               Hayoning ketidan hatto xayoli.

               Har sahar oftobni uyg‘otib turgan,

               O‘zbek ayolisan, o‘zbek ayoli.

Hatto boshqa tillarga tarjima qilib bo‘lmaydigan ibo, hayo so‘zlari o‘zbek ayolining bosh xususiyatlaridan birini anglatadi. Yuzida, ko‘zida, so‘zida iffat barq urib turgan o‘zbek ayolining o‘zi-da hayo timsoli desak degulik. Yurishida, qarashida, so‘zlashida nafosat balqib turgan o‘zbek ayolining o‘zi-da go‘zallik timsoli deb aytsak aytgulik. Sabr-toqat bobida ham ular olqishlarga munosib. “Qirq yil qirg‘inda ham yorini kutgan”, alamlarini jim “ichiga yutgan” ayollarimizning bardoshi tog‘larning hasadini keltirar darajada mustahkam. Ularning farzand tarbiyasidagi xizmatlarini-ku so‘z bilan ifodalab berish mushkul. Muqimiy, Hamid Olimjon va yana qator adiblarimiz, allomalarimizning kamol topishida onalarining hissalari katta bo‘lganini o‘qiganmiz, eshitganmiz. Shoira Zulfiya onasini eslab, u haqida shunday degan edi: “Agar iste’dodim bor bo‘lgan bo‘lsa, uning chashmasi – onam. Agar adabiyot ahliga bir kaft don yanglig‘ she’riy hosil tutgan bo‘lsam, uning urug‘ini qalbimga avval onam sochganlar”.

buketik_11.jpg

Onalarimizning oq suti-yu allasi orqali qalblarimiz mehr bilan munavvar bo‘lgan bo‘lsa, oqshom ertaklari sabab axloqimiz ezgulik tomon talpina boshlagan. Agar biz bugun nimadir yaxshi ish qilgan yoki qilayotgan bo‘lsak, bunda, albatta, bir paytlar onamiz bergan sut, kuylagan alla va aytgan ertaklarining xizmati bor. 

 Ayollarimiz haqida so‘z ochgan ekanmiz, To‘maris momo va uning jasorati haqida to‘xtalmay o‘tolmaymiz. Ona yurt uchun qo‘liga qilich ushlagan, vatan manfaati yo‘lida o‘g‘lining o‘limini mardlarcha qarshi olgan bu ayol tillarda doston bo‘ldi. To‘maris ko‘zidagi uchqun, tomiridagi shijoat bizning ayollarga ham meros qoldi. O‘g‘lini dor ostidan qutqarib olgan Qurbonjon dodhoning jasorati fikrimizni tasdiqlaydi.

Teleekran orqali biror dasturni tomosha qilar ekanmiz, bizga ko‘ringani suxandon bo‘ladi, xolos. Aslida, bu dasturning tayyor bo‘lishida kadr ortida xizmat qilgan kishilarning hissasi juda kattadir. Bizning buvilarimiz va onalarimizni kadr ortidagi xodimlarga o‘xshatish mumkin. Navoiyni butun dunyo taniydi, tan oladi, biroq uning onasi haqida deyarli ma’lumotga ega emasmiz. Balki Alisherning Navoiy bo‘lishida o‘sha ayolning xizmatlari eng ko‘p singandir?! Ha, bizning ayollar jahonga Buxoriy, Beruniy, Ibn Sinolarni tarbiyalab berishdi. Ularning  xizmatlari hamisha o‘zlari kabi buyuk bo‘lgan. 

Jahon mumtoz adabiyotini varaqlar ekanmiz, ayol qalamkashlar barmoq bilan sanagulik darajada kam ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Bizda esa noyob badiiy topilmalari bilan mashhur bo‘lgan shoiralar anchagina. Nodira, Uvaysiy, Anbar Otin, Dilshodi Barno, Manzuma, Nozima-xonimlar qatorini yana uzoq davom ettirish mumkin. Bundan xulosa chiqadiki, zaminimizdan allomalarning ko‘plab yetishib chiqqanligi shunchaki tasodif emas ekan. 

O‘zbek ayolini mehrda quyoshga, sabrda tog‘larga, sadoqat va go‘zallikda yana boshqa timsollarga qiyos etsak bo‘ladi, biroq unga eng yaxshi nom baribir “o‘zbek ayoli” bo‘lib qolaveradi:

 

               Ta’rifing topolmay qoldim sukutda,

               Chunki sen bebaho, sen behudud-da!

               Senga unvon bitta, senga nom bitta:

               O‘zbek ayolisan, o‘zbek ayoli!

 

Barcha ayollarimizni bayramlari bilan muborakbod etamiz.

TAHRIRIYAT

 

0 ta izoh

There are no comments