MAVZULARNI TUGATA OLAMIZMI?

– Juda ham sekin ketmayapmizmi?

– Shu ketishda mavzularni tugata olamizmi? 

studentbooks copy.jpg

Yuqoridagi savollar juda ko‘p abituriyentlar tomonidan o‘z o‘qituvchilariga beriladi. Balki, bu savollar o‘qituvchilar eng yomon ko‘radigan savollardan biri bo‘lsa, ajab emas. Bu o‘qituvchining qilayotgan mehnatiga shubha bilan qarashga o‘xshaydi. “O‘zi siz bizni tayyorlay olasizmi?”-degan savolning biroz boshqacharoq ko‘rinishidir. 

Albatta, abituriyent mavzularni tezroq tugatib, qo‘shimcha testlar ishlashni xohlaydi. Xayolida qaysidir mavzular qolib ketib, talaba bo‘lish yo‘lida uning oyog‘idan chaladiganday ko‘rinaveradi. Balki, ularning fikrida ham oz bo‘lsa-da jon bordir. Lekin…  

Mavzularning tugamay qolishida kim ko‘proq aybdor: o‘qituvchimi yo siz – abituriyentmi?

O‘qituvchi barcha mavzularni o‘zi yaxshi o‘zlashtirib olgani sababli ularni sizga o‘rgatish unchalik qiyinchilik tug‘dirmaydi. Lekin u mavzularni o‘zlashtirishda sizning qabul qila olish imkoniyatlaringizni inobatga oladi.  Ya’ni o‘qituvchi bir darsda ko‘plab mavzularni tushuntirib berishi mumkin, lekin asosiy masala bu emas, asosiysi – sizning ularni qanchalik qabul qila olishingiz.  

O‘qituvchi 3 soatda tushuntiradigan mavzuga doir testlarni siz 2 yoki 3 kun ishlaysiz. Aslida, mavzuni siz qo‘shimcha testlarni yechish orqali o‘zlashtirasiz. Bu esa sizni mavzuni o‘zlashtirishingiz uchun muhim faktor dars o‘tilishi emas, sizning o‘sha mavzuga doir testlarni yechishingiz ekanligini ko‘rsatmoqda. Endi bir o‘ylab ko‘ring: o‘qituvchi 3 soatda siz o‘rganadigan mavzuni ikki baravar ko‘paytirib tushuntirdi. Ma’lumot ko‘pligi va zichligidan siz 3 soat ichida nimalarni o‘rgana olasiz? Ularning qancha qismi esingizda qoladi? Darsdan keyin bu mavzuga doir testlarni yechishda ma’lumotlar bir-biriga aralashib ketmaydimi? 

345370-257x300.jpg

Yuqoridagi savollarga javob topishning juda ham oddiy yo‘li bor. Amalda bir bora sinab ko‘rish. Faqatgina bunday narsani o‘qituvchingiz ravo ko‘radimi, yo‘qmi? Unisi bizga qorong‘u. Ko‘pchilik abituriyentlar o‘zlariga yaqin yerlarda repetitorlarga yoki o‘quv markazlariga borib ta’lim olishadi. U yerdagi aksariyat o‘qituvchilar bir necha yillik abituriyent tajribasiga egalar. Siz esa birinchi yil yoki ikkinchi yil tayyorgarlik ko‘ryapsiz. Kimning tajribasi ko‘proq? Albatta, o‘qituvchingizniki. Demak, siz o‘sha o‘qituvchingizning tajribasiga ishoning. U sizni kirish imtihoniga qadar eng optimal shaklda tayyorlaydi. Balki, mavzularni tugatmas, balki, bir-ikki mavzu qolib ketar. Ammo u siz erishishingiz mumkin bo‘lgan eng yuqori cho‘qqiga olib chiqadi.  

Qaysidir mavzularni chala o‘zlashtirib, barchasini tugatsangiz, chala bilim sababli 10-15 ta testni yecha olmaysiz. Bir-ikki mavzuni qoldirib boshqalarni mukammal o‘zlashtirsangiz esa  1-2 savolni ishlay olmaysiz, xolos.  

Aslida, siz mana shunday masalalarga bosh qotirib o‘tirgandan ko‘ra darsingizni qilishingiz ko‘proq foydali. Har qanday holda ham sizni sizdan ko‘ra ko‘proq o‘ylaydigan ustozlaringiz bor. Sizning abituriyentlikdan qutulib, talaba bo‘lishingizdan ular ham manfaatdor. Istasangiz, bu gapni fidoyilik sifatida, istasangiz biznes sifatida qabul qiling. 

Oldinlari ustozga farzandini olib borgan ota-onalar: “Go‘shti sizniki, suyagi bizniki”, - degan iborani ishlatishar edi. Bu esa siz istaganday bolamni tarbiyalang, biz sizga ishonamiz, sizning ishingizga aralashib xalal bermaymiz degan ma’noni ifodalaydi. Siz ham ustozingiz ishiga hadeb aralashavermang. U sizni eng to‘g‘ri yo‘ldan olib ketayotganiga ishoning. Har holda, ustozingizni o‘zingiz tanlagansiz. Uning tajribasiga ishongansiz. Yo unday emasmi?

Azimjon MAHMUDOV
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments