MAQSAD

General bo‘lishni orzu qilmagan askar, askar emas.

– Qaysidir oliy o‘quv yurtining Iqtisod yo‘nalishiga kirib olsam, keyin bir gap bo‘lar.

– Men Radiotexnika yo‘nalishining yetuk mutaxassisi bo‘laman!

Red-Target-Aim-3.jpg

Yuqoridagi ikki jumlani mazmunan solishtiring. Birinchi gapni gapirayotgan abituriyentning yo‘nalishiga yuqori ball bilan kiriladi. U sohaning ixtiyoriy yo‘nalishiga kirib olishning o‘zi katta baxt. Radiotexnika yo‘nalishining kirish balli esa nisbatan past. Gapning lo‘ndasi: birinchi va ikkinchi fandan ko‘proq miqdorda yechilsa, kirib ketiladigan yo‘nalish. Shu sababli, birinchi gapni gapirayotgan odam bilan ikkinchi gapni aytayotgan odamni tenglashtirib bo‘lmaydi.  

Afsuski, unday emas. Inson o‘zi uchun hayotda qandaydir maqsad tanlaydi va unga qarab intilib boradi. Tanlangan maqsad sizning yo‘lingizni oydinlatuvchi chiroq vazifasini o‘taydi. Bu maqsadni qanchalik yuqoridan tanlasangiz, shunchalik yaxshi.  

Endi, e’tibor bering, birinchi gapni gapirayotgan abituriyentning maqsadi oliy o‘quv yurtiga bir amallab kirib olish. Qaysi bilim yurti ekani ham ikkinchi darajali.  Bu holatni quyidagicha izohlash mumkin: maqsadni shunday belgilagan kishining o‘qishdan keyingi hayoti ham mavhumlikdan iborat bo‘lib qoladi. Oliy ta’limni tamomlagandan so‘ng qaysi kasbning etagidan tutish ham o‘z ahamiyatini yo‘qotib qo‘ygan. Aksariyat hollarda bunday abituriyentlar oliy o‘quv yurtini tugatgach, umuman boshqa soha bilan shug‘ullanishadi. Yoki o‘zlariga yaqin bo‘lgan sohaning tovarlarini bozorda sotishadi. Aniqlik kiritadigan bo‘lsak, telekommunikatsiya muhandisligini tugatgan talaba uyali telefonlarni sotish bilan mashg‘ul bo‘lsa (aslida, shunday mahsulotlarni ishlab chiqarish kabi ishlarni amalga oshirishi kerak edi), kompyuter texnologiyalari muhandisi bozorda kompyuter ehtiyot qismlarini sotish bilan shug‘ullanadi (aslida, dasturlash ishlari, kompyuterlarni o‘zaro bog‘lanishlarini ta’minlashlari yoki internet provayderlarda faoliyat yuritishlari kerak edi). 

Agar bozor yoki do‘konlarda shunday ehtiyot qismlarni sotish bilan shug‘ullanmoqchi ekansiz, sizga 4 yil umringizni behuda o‘tkazib, umuman kerak bo‘lmaydigan narsalarni o‘rganish nega kerak? Bunday ishlarni oliy o‘quv yurtiga kirmasdan ham o‘rgansa bo‘lardi-ku?! Bu umringizni isrof qilish emasmi? 

Endi ikkinchi fikr egasi haqida gaplashsak. U hayotdagi eng asosiy tanlovini qilib bo‘lgan. Maqsad aniq. Faqat o‘sha tomonga qarab intilish qolgan. Inson nimanidir maqsad qilib unga intilar ekan, albatta, maqsadiga erishadi. Muhimi, ko‘p ishni amalga oshirgach, maqsadga ikki qadam qolganida taslim bo‘lmaslik.  

Inson nimanidir o‘ziga maqsad qilib qo‘ysa-yu, u maqsadiga tezda erishib olsa, buning unchalik qiymati bo‘lmaydi. Masalan, bir bolaning otasi har turli o‘yinchoqlardan olib bergan, bola esa ularni sindirsa, yangisidan olishini biladi. Shu sababli, unga o‘yinchoqlarining umuman qadri yo‘q: xohlaganini sindiradi, xohlaganini tashlab ketadi. Aksincha, boshqa bir bola o‘yinchoqlarga qiyinchilik bilan erishadi. O‘sha o‘yinchoqqa erishish uchun chorakni a’lo baholarga tugatishi yoki nimanidir yodlab olishi talab qilingan. Endi bu bola uchun o‘sha o‘yinchoqning qadri baland. Uni hech narsaga alishmaydi, ko‘z qorachig‘iday asraydi.  

Biz hayotda tanlagan maqsad ertaga o‘z qadrini yo‘qotadigan maqsadlardan bo‘lmasligi kerak. Maqsad bo‘lsin – jamiyatga foydali bo‘lsin. Oliy o‘quv yurtiga kirish bosh maqsad emas, u maqsad yo‘lidagi kichik bir zina vazifasini o‘tab bera oladi, xolos. 

 Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments