KIRISH IMTIHONIGA 133 KUN QOLDI!

article98675.jpg

KIRISH IMTIHONIGA 133 KUN QOLDI! Gazetamizning har soni muqovasida yoziladigan ushbu ma’lumot juda tez eskiruvchi xabar hisoblanadi. Hatto, siz ushbu maqolani o‘qiyotgan vaqtingizda ham bu xabar allaqachon eskirgan bo‘lishi mumkin. Uning qanchalik tez eskirishini his qilish uchun esa abituriyent.uz saytining bosh sahifasidagi sanagichni bir daqiqagina kuzatish yetarli bo‘ladi. U yerda vaqtning o‘tishi har qanday abituriyentni hayajonlantirishi turgan gap.  

Aslida, o‘tayotgan har bir soniya bizni kirish imtihoni sari yaqinlashtirish bilan birga umrimizning ham qismlarini olib ketmoqda. Agar biz bu soniyalardan unumli foydalana olmasak, soniyalar yig‘ilib daqiqalarni, daqiqalar soatlarni, soatlar kunlarni, oylarni, yillarni olib ketadi. Vaqt o‘tib ketgandan so‘ng esa unga achinish bilan qarashdan hech qanday naf yo‘q. Poyezd ketgan, chipta esa qo‘lingizda qolib ketgan bo‘ladi.  

Vaqtdan qanchalik unumli foydalanayotganingizni tekshirmoqchi bo‘lsangiz, o‘tgan umringizga bir e’tibor bering. Nechadir yillik umringizning qanchalik tez o‘tib ketganini-yu, bu umrning aksariyat qismini behuda sarflaganingizni his qilasiz. Hayotda muvaffaqiyatga erishgan odamlarning shu yoshda erishganlariga o‘z muvaffaqiyatlaringizni solishtirib ko‘ring… 

Yuqoridagi gaplar sizni, oz bo‘lsa-da, umidsizlikka tushirgan bo‘lsa bordir. O‘zingiz abituriyentlik davringizda erishgan natijalaringizni bir taroziga qo‘yib ko‘ring. Albatta, jiddiy tayyorgarlik ko‘ra boshlagach, o‘z dunyoqarashingizda, bilim saviyangizda va fikrlashingizda sezilarli o‘zgarishlarga erishgansiz. Balki, bu davrda ham keraksiz narsalarga ko‘p vaqtingizni sarflagandirsiz, lekin oldingiga nisbatan vaqtingizdan ancha unumli foydalana boshlagansiz. Lekin abituriyentlik bosqichidan talabalik bosqichiga o‘tish uchun bu kamlik qilishi mumkin, hattoki, mumkin emas, kamlik ham qiladi. Chunki sizning raqiblaringiz kunni tunga ulab tayyorgarlik ko‘rish bilan band. Sizning maqsadingiz 30 tadan oshirish bo‘lsa, ularning maqsadi – 36 ta yechib chiqish.  

36 ta yechish erishib bo‘lmaydigan maqsad emas. Faqat qolgan 133 kundan o‘ta unumli foydalanish juda muhim. Vaqtingizni behudaga sarflaydigan play station, odnaklassniki, televizor, telefon  kabi vaqt kemiruvchilaridan o‘zingizni himoya qiling. O‘sha narsalarda nimagadir erishishingiz: yozgan statusingizga kimnidir “klass” tugmasini bosishi, play stationda qaysidir kuchli jamoani yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratishingiz kabilar sizning hayotingizda zarracha ham o‘zgartirish sodir qilmaydi. Aksincha, sizni o‘ziga rom qilib olib, umringizning soatlarini behudaga uchirib yuboradi.

Shu o‘rinda ma’lumot o‘rnida bir narsani aytib o‘tsak. O‘yin dasturi tuzadigan firmalar, odatda, o‘yinni o‘ta qiyin qilib yuborishmas ekan. Buning sababi o‘ynayotgan odam o‘yinda natijaga erisha olmay, o‘yindan voz kechib yubormasin degan fikr bo‘lar ekan. Bu nima degani? Qaysidir o‘yinda kompyuterni  mag‘lubiyatga uchratishingizni dastur tuzuvchilar xohlagani sababli uddalayapsiz. Siz ko‘proq shu o‘yinga rom bo‘lib, vaqtingizni o‘ldirayotgan vaqtda dasturchilar sizga bu o‘yinning yangisini sotish dardida bo‘lishadi. Bu esa zanjir reaksiyasiday davom etaveradi.  

Aslida, o‘tgan vaqt o‘tib ketdi. Asosiysi – bundan keyingi hayotingizni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish. Siz o‘zingiz uchun kichik yon daftarcha tutib, shu daftarchaga bir kunda necha soat foydali ishlar bilan shug‘ullanganingizni-yu, necha soat behuda sarflaganingizni belgilab boring. Yon daftarchadagi yozuv sizga tez orada o‘z ta’sirini, albatta, o‘tkazadi. U yerda behuda sarflangan vaqtlarni ko‘rgach, o‘zingiz ham bunga chora qidira boshlaysiz. Yana bir yo‘li bor: tungi uyqudan oldin kun bo‘yi qanday keraksiz ishlar bilan shug‘ullanganingizni bir sarhisob qiling. Bugungi kunda keraksiz deb hisoblagan ishlaringizni, ertangi kunda takrorlamaslikka urining. Bu narsa, balki, qanchadir vaqtdan so‘ng foyda berar, lekin, albatta, beradi foydasini. Bu sarhisob davomida qaysi ishlarni foydali, qaysi birini zararli deb topish o‘zingizga bog‘liq.

 Azimjon MAHMUDOV

 

 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments