KIMYO (Bu fanni o‘zlashtirishda nimalarga e’tibor berish kerak?)

I. Matematikani bilish

Shoirimiz Erkin Vohidov o‘z tarjimayi holini qayerda va qachon tug‘ilganidan emas, ota va onasi qanday tanishishganidan boshlagan, chunki shoir shu tanishuv mevasi ekanligini nazardan qochirmagan. Bizning kimyo fanini o‘rganish uchun ham fanning o‘zidan emas, unga asos bo‘lgan fanlarni, ayniqsa, matematikani bilish katta ahamiyatga ega. Chunki kimyo masalalarining yechimini topishda matematik amallardan foydalanish, bir va ikki (ba’zan hatto matematika bilan shug‘ullanayotgan abituriyentlar ham duch kelmaydigan uch) noma’lumli tenglamalarni tuzish va ularni yecha olish muhim. Bundan tashqari, ma’lum mavzularga tegishli bo‘lgan sonlarning darajali ifodalari, logarifm va boshqalar mavzu mohiyatini chuqur anglash imkonini beradi. Yana ona tili darsidan qo‘shimchalarning qanday ma’no anglatishiga ham diqqat qilinishi kerak. Masalan, „40% li eritmaga suv qo‘shilishidan eritma konsentratsiyasi 30% ga kamaydi“ ifodasida ajratib ko‘rsatilgan qo‘shimcha orqali yangi eritmaning 30% li eritma bo‘lganligi emas, 40% dan 30% ga kamayib 10% bo‘lib qolganligi ifodalangan. 

 

II. Takrorlash o‘ta muhim. 

Takrorlash barcha fan uchun birdek muhim hisoblanadi. Ammo kimyo fanidan takrorlashni boshqa ahamiyatli tomoni ham borki, bunda avval yechgan masalangizni yana qaytadan yechib ko‘rish tavsiya etiladi. Sababi fanning o‘rganish predmeti bo‘lgan zarrachalar juda kichik bo‘lganidan uni tasavvur qilish birdan bo‘lib qoladigan ish emas. Negaki, masalani birinchi marta yechayotgan o‘quvchi faqatgina sonlar ketma-ketligi va tayyor formulaga qo‘yishinigina eslab qola oladi. Masalada kechayotgan kimyoviy jarayonni xuddi multfilmdek ko‘z oldiga keltira olish uchun shu masalani yana qayta yechib ko‘rish talab etiladi. Zarrachalar harakati va o‘zgarishini to‘g‘ri tasavvur qila olgan o‘quvchi masala yechishda qiyinchilikka uchramaydi. Bu narsa, ayniqsa, eritmalar va aralashmalardagi masalalarni yechishda muhim hisoblanadi. Shuning uchun kimyoviy masalani bilgan o‘quvchi bilmaganiga tushuntirsa, o‘rgatgan o‘quvchi ko‘proq narsaga ega bo‘ladi.       

 

III. Esda saqlashning turli usullaridan foydalanish

1. Gapli ifodalar. Bu usuldan bir necha ishtirokchilardan iborat holatni eslab qolishda foydalangan ma’qul. Masalan, ham kislota, ham ishqor bilan reaksiyaga kirisha oladigan amfoter metallar (Be, Al, Zn, Pb, Sn) ni yodda tutish oson bo‘lishi uchun „Bezovta Alining Ruxi Qo‘rg‘oshin Sandiqda“ degan gapni eslab qolish kabi…  

 

2. Ma’lum bir tashqi xususi-yatlaridan modda xossalariga bog‘lash. Masalan, kompleks tuzlar mavzusida qizil va sariq qon tuzlari bir-biriga juda o‘xshash K3[Fe(CN)6] va K4[Fe(CN)6]. K3 qismida kirill alifbosidan K va Ç tovushlarini bildirishidan “qizil” so‘zini chiqarsa bo‘ladi. Yoki kislorodli kislotalarda kislorodlar sonidan vodorodlar sonini ayirsak, 2 va undan katta son chiqsa kislota kuchli, aks holda, kislota kuchsiz. Masalan, H2SO4 da 4 – 2 = 2, demak, kuchli, HNO2 2 – 1 = 1, demak, kuchsiz …   

 

IV. Nimaga?

O‘rganilayotgan ilmiy fikrning sababini bilish ahamiyatli. Kimyoviy ifodalar haqida fikr yuritilayotganda qilgan xulosangizga nisbatan so‘ralgan  „NIMAGA?“ degan savolga javob bera oladigan holatda bo‘lishingiz kerak. Masalan: 

-Davriy jadvalda guruh bo‘ylab tepadan pastga tomon atomlarning radiusi kattalashib boradi.

-Nimaga?

-Chunki kimyoviy elementlarning davriy jadvalida pastga tushgan sari davr raqami ortib, atomlardagi elektron pog‘onalar soni ortib boradi. Atom radiusi yadrodan tashqi elektron pog‘onagacha bo‘lgan masofa bo‘lganidan pog‘onalar soni ortib borishi bilan masofa ortib boradi.

-Davriy jadvalda davr bo‘ylab chapdan o‘ngga tomon atomlarning radiusi kichiklashib boradi.

-Nimaga?

-Bunda atomlarda elektron pog‘onalar soni bir xil. Atomning o‘lchami, tashqi elektron pog‘onaning yadrodan qanchalik uzoqda ekanligiga bog‘liq ekan. Yadroning tashqi pog‘onadagi elektronlarning o‘ziga tortish xususiyati qanchalik katta bo‘lsa, o‘lcham shuncha kichiklashadi. Demak, bunda atom yadrosining musbat zaryadi (proton soni) qancha katta bo‘lsa, u shunchalik manfiy zaryadlangan elektronlarni o‘ziga yaqin tortadi va natijada atom radiusi kichrayadi.

Otabek MO‘YDINOV 

Kimyo fani o‘qituvchisi

 

 

3 ta izoh

  1. Gravatar

    Juda yaxshi tavsiya ekan eslab qolaman

  2. Gravatar

    Juda yaxshi tavsiya ekan eslab qolaman

  3. Gravatar

    Juda yaxshi tavsiya ekan eslab qolaman