GO‘ZALLIK RAMZI

1642220-bigthumbnail.jpg

Ayollar, siz dunyo go‘zalligining eng asosiy sababchilaridan birisiz. Sizlar o‘zingiz go‘zal bo‘lishingiz barobarida tevarak-atrofimizni, hayotimizni go‘zallashtirasiz. Sizning yaratilishingiz shunday: go‘zal xilqatsiz.  

Siz ona bo‘lib nasllarni davom ettirasiz. Sizning mehringiz qalblarni ilitadi. Bu mehrsiz inson mukammal, qalblar munavvar bo‘la olmaydi. 

Jamiyat rivojlanishida ham sizning o‘rningiz beqiyos. Biz erkaklar andak qo‘polligimiz sababli amalga oshira olmaydigan ishlarni sizdagi nazokat xamirdan qil sug‘urganday hal eta oladi. 

Sizni ta’riflash uchun sahifalar, daqiqalar yetmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, siz eng yaqinlarimiz:  onamiz, opamiz, singlimiz, qizimiz yoki rafiqamizsiz.  

Gazetamizning aksar o‘quvchilari abituriyentlar bo‘lgani bois biz ham asosiy murojaatimizni talaba bo‘lish maqsadida qo‘liga kitob olgan qizlarga qaratsak. 

Aziz singillar! Siz o‘zingiz uchun bir yo‘l tanladingiz. Tanlagan yo‘lingiz nisbatan mashaqqatli, qiyinchiliklarga boy. Buni ilm yo‘li deydilar. Bu yo‘lda tanlov (imtihon) bor. Undan eson-omon o‘tib olganlar keyingi yo‘lda davom etishadi. Qandaydir hunarni o‘rganishni tanlagan tengdoshingiz sizdan kamroq vaqtda hunarni egallab olishi yoki ustoz topishda qiyinchiliklarga duch kelmasligi mumkin. Biroq siz avval imtihon topshirasiz, keyin nechadir yil davomida o‘sha kasb sirlarini o‘rganasiz. Bu esa, o‘z-o‘zidan, ulkan sabr va irodani talab qiladi. Sizda bu narsalar yetarli ekanligiga ishonamiz. 

Sizning hissiyotingiz ba’zan qanchadir vaqtingiz zoye ketishiga sabab bo‘ladi. Kim bilandir arazlashib qolishingiz, kimningdir siz haqingizda gapirgan nojo‘ya fikridan xabardor bo‘lib qolishingiz bor o‘y-u xayolingizni egallab oladi-da, boshqa narsaga, aniqrog‘i, darsingizga diqqatingizni jamlay olmay qolasiz. Achinarlisi, shunchalik qayg‘urganingiz, asab tolalaringizni yo‘qotishingiz evaziga, aksariyat hollarda, hech narsa qo‘lga kiritilmay qolib ketadi. Shunday paytlarda bularning hammasi o‘tkinchi ekanligini, kimningdir fikri sizning kelajagingizda juda ham katta ahamiyatga ega emasligini eslang. Ular bilan umuman ko‘rishmasligingizni yoki nechadir yilda bir marotaba ko‘rishishingizni unutmang. Siz shunday vaqtda bosiqlik bilan ish ko‘rsangiz, albatta, do‘stingiz qilgan ishidan pushaymon bo‘lib sizdan uzr so‘raydi. Uzr so‘ramagan taqdirda ham siz hech narsa yutqizmaysiz.

Siz yon atrofdagi hodisalarga juda ham ta’sirchansiz. Kimningdir kimgadir qilgan nohaqligi sizga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu narsani muhokama qilishni, haq tarafning yonini olishni istaysiz. Lekin voqealarning negizi ko‘rinishidan farq qilishi mumkin. Siz nohaq deb o‘ylayotgan odamingiz, aslida, haq bo‘lishi ham mumkin. Undan tashqari, hodisaga chetdan boshqalarning aralashishi uni jiddiylashtirib yuboradi. Shu sababli ularni o‘z hollariga qo‘ying:  o‘zlari kelishib olishadi. 

Yuqorida diqqat qaratilgan mayda-chuyda narsalar siz darsga sarflashingiz kerak bo‘lgan vaqtning ancha qismini o‘g‘rilab qo‘yadi. Shu sababli aslo chalg‘imang, Siz talaba bo‘lishingiz lozim. 

Biz sizning fitratingizni o‘zgartirmoqchi emasmiz. Ayolsiz, ayolligingizcha qolishingizni xohlaymiz, chunki siz shunday go‘zalsiz, shu holingizda qadrliroqsiz. Faqat tanlagan yo‘lingizning keyingi pillapoyasi bo‘lmish talabalikka tezroq erishishingiz uchun har bir daqiqa, har bir soniya ahamiyatli ekanini  unutmasligingizni istaymiz.  

Bayram bahona bo‘lib sizga dilimizdagilarni yetkazdik. Bayramingiz muborak, aziz singillar. Keyingi yilgi bayramingizni oliy o‘quv yurtlarida nishonlash barchangizga nasib qilsin.

Azimjon MAHMUDOV

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments