BIOLOGIYA (Bu fanni o‘zlashtirishda nimalarga e’tibor berish kerak?)

Men va mening vaqtim bir-biriga sira to‘g‘ri kelmaydi. 

(A. Shopengauer)

I. Biologiya fani nimani o‘rganadi va uni o‘zlashtira boshlaganimizda bizga ko‘proq nima yordam beradi?

Biologiya fani boshqa fanlardan ma’lum darajada farq qilib, hayotning tiriklik qismini o‘rganadi. Avvalo, fanni tushunish, hayotda o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgan, ba’zan guvohi bo‘lgan yoki turli xil telekanallar orqali  tabiatni tanishtirish mavzularidagi dasturlarni kuzatib borish fanni o‘zlashtirishga ozmi-ko‘pmi yordam beradi. Chunki biologiya fani, boshqa fanlardan farqli o‘laroq, hayotda mavjud, ko‘pchiligi (hayvon va o‘simliklar olami)ni  biz ko‘rganimiz uchun uni eslab qolishimiz (ayniqsa, ko‘rish xotirasi), tasvirlab bera olishimiz ancha oson kechadi. Masalan, botanikada berilgan ko‘pchilik o‘simliklar, zoologiyadagi hasharotlar sinfi vakillari, sudralib yuruvchilar sinfi vakillari ( turli xil toshbaqalar, kaltekesaklar, ilonlar) yoki o‘rgimchaklar turkumiga mansub har xil o‘rgimchaklarni ko‘pchiligimiz ko‘rganmiz hamda ma’lum darajada ta’riflab ham bera olamiz. Albatta, fanni o‘rganish mobaynida ma’lum bir hayvon yoki o‘simlik turini hayotda ko‘rgan yoki kuzatgan bo‘lsangiz, uni yodda saqlab qolish shuncha yengil kechadi. Shuning uchun darsliklarda berilgan turli rasm hamda jadvallardan foydalangan holda o‘qish muhimdir.

 

II. Mavzuni o‘zlashtirish qanday olib borilsa, xotirada uzoqroq saqlab qolishga erishish mumkin?

Bunda abituriyentlar, asosan, biologiyada ko‘p uchraydigan turlar, ularning uchrashi, qayerlarda tarqalganligi hamda ahamiyatini yodda saqlashga qiynalishadi. Tabiiyki, bundan kayfiyati tushib, keyingi mavzularni o‘zlashtirishga ishtiyoqi pasayadi, bu esa nafaqat ushbu fanni, balki boshqa fanlarni ham o‘rganishiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi. Buning uchun abituriyent eslab qolishning turli usullaridan foydalanishi, asosan, so‘zlardagi ba’zi harf yoki so‘zlarni o‘zaro bog‘lash usulidan foydalanishi yaxshi natija beradi. Misol:

1. Botanikaning barg mavzusida barglarining o‘lchami 50-70 sm dan 1 m gacha yetadigan o‘simliklar rovoch, ojud, kovraklar keltirilgan. Bu o‘simliklarning bosh harflarini yig‘ib oddiygina “rok” holatida eslab qolish ancha oson.

2. Zoologiya darsligida ninachi turlarining tarqalish joyi aytib o‘tilgan. Bunda  vohalarda moviy ninachi, tog‘ hududlarida  halqali ninachi, oqmaydigan suv havzalarida suluv ninachi turi tarqalgan. Buni ulardagi o‘xshash harflarni o‘zaro bog‘lash orqali oson eslab qolish mumkin. Ya’ni: Voha- moviy; tog‘ hudud- halqali; oqmaydigan suvlarda- suluv ninachi.

3. O‘zbekistonning ichki suv havzalaridan ovlanadigan baliqlar – ilonbosh, zog‘ora, oq amur, oqcha, oq sla, xumbosh. Agar ularning bosh harflari yig‘ib bog‘lansa, “izooox” hosil bo‘ladi va buni xotirada saqlab qolish ancha oson.

4. Charx ilon chaqqanda odam tanasida kuchli og‘riq kuzatilsa, qalqontumshuq ilon chaqqanda esa badan shishib ketadi. Charx- kuchli og‘riq; Qaqontumshuq- shish va h.k.

 

III. Fanni o‘zlashtirayotganda faqatgina darslikni o‘qib takrorlash emas, balki uning qisqacha mazmuni va kerakli qismlarini yozib borish muhim.

Odamda xotira nafaqat o‘qish orqali, balki yozish, eshitish, o‘qigan mavzuni gapirib berish kabi usullar qo‘llanganda yanada chuqurlashadi. Mavzuni o‘qib bo‘lgach, uni test yoki oddiy savol-javob shaklida qayd qilib borilsa, ikki marta o‘qigandan ham ziyod eslab qolishga erishiladi. Albatta, mavzuni to‘liq o‘qib bo‘lgach, o‘z guruhdoshi, shu mavzuni o‘zlashtirishga ulgurgan abituriyent yoki o‘qituvchi bilan savol- javob shaklida mustahkamlash eslab qolishning eng yaxshi va sinalgan usuli ekanligini inkor etmaymiz. 

    

IV. Mavzularni hayotga bog‘lagan holda tushunish, ko‘z oldiga keltirish orqali eslab qolishga harakat qilish. Har bir darslikka turlicha yondashishning muhimligi

 

Yer yuzida hayot kechirayotgan har qanday tirik mavjudot o‘z tiriklik xususiyatini saqlay olishi, tashqi tuzilishi hamda yashash tarzi o‘zi hayot kechirayotgan muhitga bevosita bog‘liq ekanligi, bu belgi va xossalarning aynan shu muhitga mos ekanligi undagi o‘ziga xoslik kam-ko‘stsiz va mukammal darajada ekanligi bilan bog‘liqdir. Misollar:

1. Chigirtkalar va baqalarning orqa oyoqlari kuchli rivojlanganligi uning sakrab harakat qilishi natijasidir.

2. Baliqlar tanasining suyri shaklida ekanligi, suvda hayot kechiruvchi sutemizuvchilar oyoqlarining suzgich qanotlariga aylanganligi ularning suvda doimiy hayot kechirishi oqibatida muhitga moslashganlik oqibatidir.

3. Zaharli ilonlar (kapcha ilon)ning nay sadosiga mos ravishda harakat qilishi (raqsga tushishi) ularning taralayotgan ohangga mahliyo bo‘lishi emas, balki o‘sha nayning harakatlanishini takrorlashi bilan bog‘liq, sababi esa oddiygina: ilonlarning eshitishi rivojlanmaganligidir. Demak, organizmlar tuzilishidagi belgi va xossalar uyg‘unligi o‘zi yashayotgan muhitga moslashishning natijasi. Shunga muvofiq holda mavzuni tushunish va xotiraga muhrlash lozim.

Odam anatomiyasi fanini o‘zlashtirishda esa odam o‘z organizmini, ya’ni a’zolar va ularning ishlash jarayonlarini ko‘z oldiga keltira olishi muhim bo‘lib, bu ham fanni tushunishni, o‘zlashtirishni osonlashtiradi, shu bilan birgalikda, organizmda kechayotgan fiziologik jarayonlarni yanada mukammal bilib olishga yordam beradi. Darslikni o‘zlashtirishda unda berilgan rasmlar va jadvallardan ko‘proq foydalanish tavsiya etiladi. Albatta, mavzuni o‘qishdan avval o‘qituvchi yoki mavzuni o‘zlashtirib bo‘lgan, bu haqda mulohaza qila oladigan abituriyentdan uning mazmun-mundarijasini tushunib olish lozim.

 

V. Darsliklarni o‘zlashtirishda ularning ketma-ketligiga  rioya qilish

Botanikani avval o‘zlashtirish, so‘ngra tegishli ketma- ketlikda zoologiya, odam anatomiyasi hamda umumiy biologiya, jumladan, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun tayyorlangan biologiya darsligini tegishli uzviylikda o‘zlashtirishga ahamiyat berish lozim. Bunga amal qilish nima uchun kerak? Malakali, abituriyentlarni bir necha yillar davomida tayyorlab kelayotgan ko‘pchilik ustozlar aynan ushbu ketma- ketlikni buzmagan holda dars beradilarki, sababi aynan endigina biologiya fanini o‘zlashtira boshlagan o‘quvchilarni birdaniga fanning eng murakkab qismi bo‘lgan kitoblar (yuqorida oxirgi bo‘lib sanalgan darsliklar) bilan boshlash mavzuni umuman tushunmaslikka, ushbu fanning o‘ta qiyin ekanligi, o‘zlashtirish mumkin emasligi haqida fikr uyg‘onishiga sabab bo‘ladi. Yana bir tarafi, oxirgi darsliklarda oldingi darsliklar asosida mavzular tushuntiriladi hamda dastlabki darsliklardagi kabi to‘liq tushuntirib o‘tilmasdan, faqat ularga umumiy tushuncha berib xulosa shaklida to‘xtalib o‘tiladi. Shuning uchun darsliklarning ketma- ketligiga amal qilish ko‘proq ahamiyatga ega.

 

VI. Mavzularni o‘zlashtirib bo‘lgandan so‘ng uni chuqurlashtirish hamda uzoq xotiraga joylash usullari

O‘qilgan har qanday mavzuni boshqa abituriyentga tushuntirib (gapirib) berish, o‘zaro mulohaza qilish, savol- javob shaklida takrorlash mavzuni chuqur va uzoq vaqt mobaynida eslab qolishda katta ahamiyatga ega. Ayrim mavzularni turli xil o‘yinlar (masalan, “miya hujumi” usulida), o‘zlashtirishning boshqa xil usullaridan (test, yozma, nuqtalar o‘rnini to‘ldirish, mantiqiy savollar) orqali takrorlash abituriyentning nafaqat mavzuni tushunib eslab qolishini, balki aqlning charxlanishi hamda ma’naviy va ruhan dam olishini ham yaxshilaydi.

 

Rustam TILEMISOV

Biologiya fani o‘qituvchisi  

0 ta izoh

There are no comments