AJOYIB TAVSIYALAR

* Kinoteatrda popkorn yeyotganda, popkorn ovozini mendan boshqa hech kim eshitmayapti deya og‘zingizni mahkam yopayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizni ovora qilyapsiz. Chunki siz har qancha uringaningiz bilan yoningizdagi odamlar o‘sha ovozni eshitishadi va birozdan keyin tugashini bilib sabr qilib o‘tirishadi.

* Uyga dadangiz belgilagan vaqtdan bir soat kechikib kelgan bo‘lsangiz, uyga yaqinlashganda ikki daqiqa vaqtliroq yetib borish uchun oyoqlaringiz harakatini tezlashtirmang, befoyda. Chunki otangiz uchun o‘sha ikki daqiqaning umuman ahamiyati bo‘lmaydi va kechikilgan 1 soat uchun baribir javob berasiz.

* Kun bo‘yi charchab avtobusga chiqib o‘tirish baxtiga muyassar bo‘lsangiz, o‘zingizni uxlaganga solib joy bermaslikka befoyda urinmang. Uxlamayotganingiz baribir bilinib qoladi. Buni sezgan yoshi katta amaki va xolalar sizning tepangizda turib olib sizga ma’naviy bosim o‘tkazishadi va uzog‘i bilan 3 bekatdan so‘ng joyingizni egallab olishadi.

* Radioda kimdir siz sevgan qo‘shiqning qo‘yilishini so‘raganida xursandchilikdan sakrab yubormang. Chunki  radiodagi djga qo‘shiq buyurtma beradiganlar ko‘p va siz ham shu qo‘shiqni kutayotganingizni bilgan dj boshqa buyurtmalarga e’tibor beradi va siz kutib o‘tirishingizga to‘g‘ri keladi.

* Imtihonga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytingizda, ustoz bu yerni so‘ramaydi degan qismingizni yaxshilab o‘rganing. Chunki ertangi kunda o‘sha bo‘limdan yuqori balli savolga duch kelib qolsangiz, o‘sha yerdagi hissiyotlaringizni ta’riflashga til, yozishga qalam ojiz bo‘ladi. 

* Bir uyda sizdan boshqa do‘stlaringiz bilan birga yashasangiz, uxlashdan oldin chiroqni kim o‘chirishini aslo o‘ylamang: chunki, chiroqni o‘chirish sizga kerakligini bilib qolgan do‘stlaringiz, go‘yo har kuni siz chiroqni o‘chirishga majbur bo‘lganday muomoala qilishni boshlashadi.

* Juda ham orziqib kutib zo‘rg‘a erishgan texnologik jihozingizni ustiga o‘rab qo‘yilgan salafanlarini yulib tashlashga ko‘zingiz qiymayotgan bo‘lsa, adashasiz. Chunki kutilmagan vaqtda, kutilmagan odam kelib, sizdan ruxsatsiz shartta yulib tashlaydi va shu vaqt “Shuni olib tashlashga ko‘zim qiymagan edi” yoki “shuni yulib tashlashga meni aqlim yetmaganmidi, go‘yo”-deya siqilishdan nariga o‘ta olmaysiz, qo‘lingizdan ham hech narsa kelmaydi.

* Qanchalik yaqin bo‘lsangiz ham, do‘stingizning ko‘ziga qarab qo‘shiq aytmang. Chunki  do‘stingiz uyalganidan ko‘zini qayerga olib qochishni bilmay qoladi.

* Bu mavzuni hali uzoq davom ettirish mumkin, lekin oxirgisini aytib, tavsiyalarimizni ham tugata qolaylik. 

* Uyga kirib kelganingizda, sizni ko‘rib turishiga qaramay: “Keldingmi, bolam?”-degan ma’sum onangizga “yo‘q hali o‘qishdaman, kelmadim”-deya javob bermang. Bu savolni nega har kuni so‘rashadi, buni bilmayman, ammo ular ona. Onalik mehrlarini ko‘p bora isbotlashgan. Ularga bunday deb bo‘lmaydi. 

 

0 ta izoh

There are no comments