ADABIYOT (Bu fanni o‘zlashtirishda nimalarga e’tibor berish kerak?)

Bugun biz “Adabiyot” fanini o‘zlashtirish bo‘yicha ayrim tavsiyalarimizni berib o‘tmoqchimiz. Mazkur sahifa orqali faqat bir jihatga – tushunilishi qiyin so‘zlarni yod olish masalasiga to‘xtaldik. 

She’riy va nasriy asarlar ostida izohi berilgan so‘zlarni yodlash shartmi?

Bugungikunda test savollarida shunday mayda detallar ham so‘ralmoqdaki, hech bir ma’lumotga nisbatan “bu narsa testda tushmaydi”, “buni bilish shart emas” jumlalarini qo‘llab bo‘lmay qoldi. Ushbu mulohaza tushunilishi qiyin so‘zlarga ham taalluqli. Darslikda bormi, bilib qo‘yish shart. Shunday ekan, osonroq o‘rganish usulini izlash kerak.

Tushunilishi qiyin so‘zlarni yodlashda qanday usuldan foydalangan ma’qul?

Pedagogikada so‘zlarni matn ichida yodlash tavsiya qilinadi. Masalan, chug‘z so‘zini Huvaydoning “Chug‘zdek vayronalar ichra …” yoki Muqimiyning “Chug‘zdek qilg‘ay Muqimiy ham navo vayronada” misralari orqali yod olinsa, bir kuni esdan chiqib qolganda ham u yerda qo‘llangan “vayrona” so‘zi chug‘zning boyqush ekanini eslatib turadi.

Tushunilishi qiyin so‘zlarni mavzulashtirgan holda yodlash ham yaxshi samara beradi. Agar siz o‘zingiz uchun quyida berilayotgan namunaga o‘xshash ma’lumotnoma tuzib, uni to‘ldirib, yod olib borsangiz, mushkulingiz ancha yengillashadi:

1. Kishi nomlari:

Bilqis (Sulaymonning yori);

Osaf (Sulaymonning vaziri);

Fag‘fur (Xitoy shohi);

Qorun (boy va xasis kishi, yer yutib yuborgan)…

2. Joy nomlari:

Sabo (Bilqisning shahri);

Kan’on (Yusufning yurti);

Xo‘tan (dasht: go‘zallari, ohu va mushklari bilan mashhur);

Badaxshon (la’l toshi bilan mashhur shahar)…

3. O‘simliklar:

yosuman (yasmin guli; makkora ma’nosida);

nargis (gul; ko‘zga o‘xshatiladi);

rayhon (soch va kokilga o‘xshatiladi);

arg‘uvon (tanasi qizil daraxt)…

4. Hayvon va qushlar:

palang (yo‘lbars);

andalib (bulbul);

karkas (qush: Namrud ular yordamida osmonga chiqqan);

xuffosh (ko‘rshapalak);

g‘urob (qora qush) …

5. Tasavvufiy so‘zlar:

sabuhiy, chog‘ir, may, sharob, xamr, boda (mast qiluvchi ichimlik; ishq timsoli)

sog‘ar, jom, paymona, kosa (qadah; ko‘ngil timsoli);

soqiy, kosagul, paymonachi (may quyuvchi; murshid timsoli);

vahdat (birlik, birlashish) …

6. Ranglar:

axzar, sabz (yashil);

savdo, siyoh, hind, mushkin (qora);

zard, za’faroniy (sariq);

ol, gulgun, arg‘uvoniy (qizil)…

7. Ko‘p bor izohi keltirilgan so‘zlar:

tamanno (orzu, istak);

itob (qahr-g‘azab);

bahr (dengiz);

sabo (tong shamoli) …

8. Osmon jismlari:

qamar, moh (oy);

axtar, kavkab (yulduz);

Atorud (Merkuriy sayyorasi; ko‘kning dabiri, ya’ni falakning kotibi );

kunj, burj (sayyoralar qo‘nadigan manzil) …

9. Odam a’zolari:

banogo‘sh (quloqning sirg‘a taqiladigan qismi);

xat (ayollarning labi tepasidagi mayda tuklar);

erin, irin, dudoq, la’l (lab);

zaqan (baqbaqa)…          

Albatta, punktlar yana davom etadi. Siz “Sinonimlar” bandini ham kiritib, ayni ma’noni beruvchi so‘zlarni guruhchalarga joylashingiz mumkin. Masalan, ochun, ajun, dahr, ofoq, o‘zlak so‘zlari “dunyo”ni anglatishi jihatidan umumiylik hosil qiladi. Boshqa bandlarda keltirilgan sinonimlar uyasini shu punktda qayta keltirishingiz ham mumkin. Takrorlar faqat foyda beradi.

Bunday maxsus lug‘atni har bir abituriyent o‘ziga qulay tarzda, biz keltirgandan boshqacharoq shaklda ham tuzishi mumkin.

Yodlanishi kerak bo‘lgan so‘zlar soni juda ham ko‘p. Ular ichidan qaysilari eng muhimlari sifatida qaraladi?

Bizningcha, abituriyent darslikda shu darslik mualliflari alohida to‘xtalgan so‘zlarga katta e’tibor qaratishlari lozim. Masalan, 8-sinf “Adabiyot” darsligida “guzar” so‘zining “o‘tish” va “ketish” ma’nolariga maxsus to‘xtalingan. Demak, ma’lumotnomadan “Darslikda maxsus to‘xtalingan so‘zlar” degan band ham joy olishi kerak.

Atoqli otlar, albatta, yod olinishi shart. Har bir abituriyent Faridun, No‘shiravoni odil, Hotami Toyi, Sulaymon, Zikriyo, Ayyub, Masih, Qorun, Xizr, Jamshid kabi qator ismlar nimaning timsolini anglatishi hamda qanday munosabat bilan Sharq adabiyotida faol qo‘llanishini bilishi lozim. Aks holda, quyidagi kabi testlarni yecha olmaydi:

 

Alifdek qadlari nundek bo‘lib xam, Tushub abro‘larig‘a Shamradek chin.

Ogahiy qalamiga mansub ushbu baytda qo‘llangan Shamra so‘zi qaysi bandda to‘g‘ri izohlangan?

A) shaxs nomi

B) sayyora nomi

C) shahar nomi

D) daryo nomi

Tashbeh va talmeh san’atlarini yuzaga keltirishda faol qo‘llanadigan so‘zlarni bilish shart. Ayni shu ikki san’atni yaxshi o‘zlashtirish orqali abituriyent 50 dan ortiq so‘zni yod oladi.

Abituriyentlarimizga adabiyotni o‘zlashtirishda qunt va sabot tilab qolamiz. 

Mansur SIDDIQOV 

Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi

0 ta izoh

There are no comments