YAXSHI VA YOMON

article-2125571-05656E4F000005DC-877_638x646.jpg

Leonardo da Vinchi “So‘nggi kechki nonushta” nomli rasmni chizishda juda katta qiyinchiliklarga duch keldi…

Yaxshini hazrati  Iso orqali tasvirlab, yomonni so‘nggi kechki ovqatda unga xiyonat qilgan Yahuda orqali ko‘rsatib berishi lozim edi. Rasmning yarmini bitirgach, bu insonlarga model vazifasini o‘tab beradigan chehralar qidirishi lozim edi. Shu sababli o‘zi istagan yuzlarni qidira boshladi. 

Kunlarning birida rassom xor konsertini ko‘rishga bordi. Xordagilardan birining chehrasi yaxshini ifodalashga uyg‘unligini his qildi. Konsertdan so‘ng o‘sha odamni o‘z xonasiga taklif qilib, fikrini bildirdi. Shundan so‘ng u odamga qarab yaxshini ifodalab olish maqsadida ko‘plab namunalar chizib oldi.

Oradan uch yil o‘tgach, “So‘nggi kechki nonushta” asari ham tugallanib qolgan bo‘lsa-da, Yahudani tasvirlaydigan odamni topa olmas edi. Cherkov esa Leonardodan rasmni tezroq tugatishini talab qilar edi. Bir necha kunlik izlanishdan so‘ng  rassom o‘z istagidagi odamga duch keldi. Axlatlar ichida yotgan odam mastlikdan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan edi. Leonardo o‘z yordamchilari yordamida, qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, o‘sha odamni cherkovga olib bordi. Chunki yana ham yomonroq odamni qidirishga uning vaqti ham, imkoni ham yo‘q edi.  

Yordamchilar topilgan odamni tik tutib turdilar. Bechora nimalar bo‘layotganini bilmas edi. Leonardo esa uning yuzida aks etgan ishonchsizlikni, gunohni, xudbinlikni rasmda aks ettirar edi…

Leonardo ishini tugatgach, odam o‘ziga keldi. Mastligi tarqalib, shishib ketgan ko‘zlarini ochib devordagi go‘zal rasmni ko‘rdi va shunday dedi: “Men bu rasmni oldin ham ko‘rganman…”

“Qachon? Qayerda?” - Leonardo hayronlikdan o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi. “Uch yil oldin”, - dedi odam hazin to‘la ovoz bilan. “Qo‘limdagi bor imkoniyatlar yo‘qolmasidan oldin bir xorda qo‘shiq aytardim. O‘sha paytlarda bir rassom Isoning yuzini tasvirlash uchun meni chaqirgan edi…”

Yaxshi va yomonning yuzi bir xil... .

 

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments