TAROZI

Assalomu alaykum.

time-article-embed-brain-clock.jpg

Hind hikoyatlaridan birida aytilishicha, qadimda qabila boshliqlaridan birining vaqt-soati yetibdi. Huzuriga jon oluvchi farishta kelganida, qabilaboshi unga yuzlanib debdi:

 - Men yuz yil umr ko’rdim, biroq qilinishi kerak deb o’ylagan ishlarimning yarmini ham bajarib ulgurganim yo’q. Vaqt bu qadar tez o’tadi deb o’ylamagan ham edim. Mening yuzta o’g’lim bor. Sendan iltimos: ana shulardan birini mening o’rnimga olsang-u, men yana yuz yil hayot kechirsam, chala qolgan ishlarni bitirib olsam.

  Farishta taklifni qabul qilibdi. Yuzta o’g’ilni chaqirtirib, ulardan qaysi biri otasiga umrini berishga rozi ekanini bilmoqchi bo’libdi. Endigina o’n oltiga qadam qo’ygan kenjatoy oldinga chiqib debdi:

 - Mening umrimni ola qol.

- Sen o’n olti yilgina yashading, xolos. Akalaringdan bir nechtasi yetmishdan oshgan. Ular jonini bersa yaxshiroq bo’lmasmikin? – debdi farishta.

- Otam yuz yil yashab hayotga to’ymagan, ishlarini ham yakuniga yetkazmagan ekan, unda men umid ham qilmasam bo’ladi. Mening umrimni otamga beraver.

Qabilaboshi bir o’g’lining hayoti evaziga yana yuz yil yashabdi. Umr suvdek o’tib, uni yana jon oluvchi farishta yo’qlab kelibdi. 

 - Buni qara, - debdi qabilaboshi, - yana yuz yil umrim bor deb ko’p ishlarni ortga surib yuboribman. Kel, yana bir imkon ber. O’g’illarimdan birini o’zing bilan olib ketsang-u, men yana yuz yilgina yashasam.

Keksa Yayati yana yuz yil umrguzaronlik qilibdi. U farishtani bundan keyin ham yetti bor qaytarib, naq ming yil hayot kechiribdi. 

Yana jon oluvchi farishta kelibdi. 

- Yana qaysidir o’g’lingdan voz kechasanmi?

 - Yo’q, yetar, - debdi qariya. – Endi tushundimki, muammo vaqtning qanchaligida emas, o’zimning aql-idrokimda ekan. Aql bilan ish ko’rmaganligim bois ayrim ishlarimni ming yil ichida ham yakunlay olmadim. Orada to’qqiz o’g’limning nobud bo’lgani qoldi. Bu xulosamni farzandlarimga yetkazib olay, keyin sen bilan ketaman.

Bu hikoyat bizni aql-idrokning nechog’lik zarur qurol ekanidan yana bir bor ogoh etadi. Abituriyentlarimiz yoddan chiqarmasliklari kerakki, bir yilda amalga oshirilishi lozim bo’lgan ishni shu muddatda bajarish ham, yana bir necha yilni sarflab yuborish ham mumkin. Aql tarozisida o’lchanmagan maqsad-u rejalar bizga qimmatga tushishi shubhasiz. Nafaqat vaqtimiz, balki ortiqcha kuch ham sarf etamiz bu holda. 

O’tgan asrning 70-yillarida AQSHda istiqomat qiluvchi Jonga germaniyalik do’stidan maktub kelibdi. Konvertni ochib, xatni qo’liga olib qarasa, uzundan uzun gaplar. “Hoynahoy, do’stim menga boshidan o’tganlarini erinmay, sabr bilan yozib yuborgan ko’rinadi. Qani, o’qib ko’raylik-chi”, - deb o’ylabdi Jon va xatni o’qishga kirishibdi. Uning e’tiborini maktub yakunidagi jumla tortibdi: “Uzr, do’stim, vaqtim kam edi, shuning uchun ko’p yozvordim”.

Xulosa o’zingizdan. Har bir qadam bosayotganimizda aql-idroq hamisha hamrohimiz bo’lsin.

Omon bo’ling.  

 

0 ta izoh

There are no comments