HAQIQIY HUZUR

Qadim zamonlarda bir donishmand qirol o‘tgan ekan. U bir kuni kim huzurning eng go‘zal tasvirini yarata olsa, bu san’atkorga katta mukofot berishini e’lon qildi. Bir necha kunlik sa’y-harakatdan so‘ng bir-biridan go‘zal rasmlar chizildi. Nihoyat, bu rasmlar baholash uchun saroyga topshirildi. Ularni ko‘zdan kechirayotgan qirolning e’tiborini ikki rasm oldi. Lekin ulardan birini tanlash lozim edi. 

Rasmlardan birida  sukunatga cho‘mgan ko‘l ifodalangan. Ko‘lda yuksak tog‘larning rohatbaxsh tasviri aks etardi. Yuqorida esa paxtaday yumshoq bulutlar samoni bezab turar edi. Rasmni tomosha qilgan kishi unda huzurning mukammal tasviri ifodalanganligiga ishonch bildirar edi. 

Ikkinchi rasmda esa tog‘lar bor edi. Lekin na dov-daraxt, na qorlar – faqat katta yalang‘och tog‘lar. Yuqorida esa jahldor osmondan yomg‘ir yog‘ar, chaqmoq chaqar, tog‘ning etagida esa sharshara shovullab oqar edi. Qisqasi, bu rasmdan huzurni ilg‘ash malol edi. Lekin negadir qirol bu rasmga termulib turar edi. Chunki unda shalolaning yonidagi qoyalardan birida cho‘plarni ko‘rdi. Bu cho‘plar qoyalikda ona qush qurayotgan uyaning cho‘plari edi. Shovqin solib oqayotgan suvning ichida ona qush o‘z uyasini barpo qilmoqda edi. Qushda ajoyib sokinlik va huzur yashirin edi. 

Sezgan bo‘lsangiz, qirol ikkinchi rasmni g‘olib deya e’lon qildi. Sababini esa quyidagicha izohladi: “Huzur shovqinsiz, g‘amsiz va qiyinchiliksiz hayot degani emas. Huzur – bu qiyinchiliklar og‘ushida ham yurakning huzurga erisha olishidir”.

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments