ABITURIYENT BO‘LIB QOLSAM …

Hayot –  yomon ustoz. Oldin imtihon qilib, keyin dars beradi.

usti.jpg
Aksar odamlar yoshlari ulg‘aygach, o‘zlaridan kichiklarga nasihatgo‘y bo‘lib qolishadi. Buning sababi juda oddiy. Ular ham biz kabi yosh bo‘lishgan. Yoshlikda esa xatoliklarga yo‘l qo‘yishgan, undan tajriba orttirishgan. Lekin, afsuski, bu tajriba o‘zlaridan ko‘ra yoshlarga nasihat qilish uchun ko‘proq ish beradi.  

Keling, bugun sizga nasihatgo‘ylik qilmaylik-da, o‘zimizning abituriyentlikdagi xatolarimizni  afsus bilan eslaylikki, shoyad bular sizga tajriba vazifasini o‘tab bersa. 

Agar abituriyent bo‘lib qolsam, ertadan tonggacha dars qilishga urinib, vaqtimni isrof qilmas edim. Dars qilish uchun o‘zimga kerakli miqdorda vaqt ajratar, shu vaqt mobaynida boshqa ishlarga chalg‘imas edim. Shunchaki, diqqatimni darsga qaratib, atrofdagilarning nima haqida suhbatlashayotganiga aslo e’tibor bermas edim. Do‘stlarim darsdan tashqari mavzularda suhbat boshlashsa, nafaqat ularga qo‘shilmasdim, balki ularni ham befoyda suhbatdan chetga tortib, diqqatlarini darsga qaratishlarini talab qilar edim.  

Belgilangan vaqtlarda dars tayyorlab bo‘lgach, bo‘sh vaqtlarimda miyamga dam berish maqsadida jismoniy ishlar bilan shug‘ullanar edim: uy ishlariga qarashar, toza havoda sayr qilar, sport mashqlarini bajarar edim. Bu yo‘l bilan ham o‘zim uchun, ham boshqalar uchun foydali bo‘lgan bo‘lardim. 

Agar qayta abituriyent bo‘lib qolsam, uy vazifalarimni aslo kechiktirmas edim. Qandaydir bahonalar topib yoki qandaydir tadbirlar uchun uy ishlarimni ortga surmas edim. Avval uy ishimni bajarib qo‘yib, keyin tadbirlarga vaqt ajratar edim. Chunki, tug‘ilgan kun, bayram yoki shunga o‘xshash tadbirlar keyingi yil yana qaytib keladi, lekin abituriyentlikning qaytib kelishi juda ham yoqimsiz holat. 

If_I_were_young_again___by_arminx2a.jpg

Agar uy vazifalarini yaxshi bajarmaganim sababli keyingi mavzularni o‘zlashtirishda qiyinchiliklarga duch kelishimni oldindan bilganimda edi, uy ishini barcha ishlardan avval bajarar edim.

Tartibsizlik, dangasalik umrimning yana bir yilini olib ketishini bilganimda edi, ehh… 

Abituriyentlik yaxshigina asos (fundament) ustiga qurilishini bilganimda edi, maktabdagi umrimni behuda o‘tkazmas edim. O‘rta maxsus kurslarning birinchi kursidanoq tayyorgarlikni boshlab  yuborar, 3-kursga kelganimda esa mavzularni esdan chiqarib yubormaslik uchun testlarni yechib borar, yo bo‘lmasa, o‘rgangan usullarimdan osonroq usullarni o‘rganar edim. 

Maktabda, abituriyentlik davrida o‘rgangan bilimlarim keyinchalik o‘z yo‘nalishimning asosi bo‘lib xizmat qilishini bilganimda edi, o‘sha mavzularning asl mantig‘ini yaxshilab o‘zlashtirib olar edim. Har bir jarayonning sodir bo‘lish sabablarini o‘rganar edim. 

Yoshligim qaytib qolganida edi…

O‘tmish zamonlardagi qirollardan biri xalqining ahvolini o‘rganish maqsadida qishloqlarni aylana boshlabdi. Bir uyga mehmondorchilikka kirsa, unga tuxum qovurib olib kelishibdi. Qirol qovurilgan tuxumni non bilan paqqos tushirgach: “Kechki ovqat uchun necha pul beray”, - deb so‘rabdi. Shunda uy egasi undan 10 oltin istabdi. Hayron bo‘lgan qirol: “Sizning qishlog‘ingizda tuxum kammi, namuncha qimmat bo‘lmasa”, - debdi. Bunga javoban uy egasi shunday javob bergan ekan: “Yo‘q, hazrati oliylari, qishlog‘imizda tuxum tanqis emas, muammo qirolimizda. U har kuni mehmon bo‘lib kelavermaydi…”

Hikoyadan quyidagicha xulosa chiqarish mumkin: izmingizdagi imkoniyatni behuda sarflamay, yoshlik davringizdan unumli foydalaning. Chunki qishloqdagi uyga qirol yana tashrif buyurishi mumkin, lekin yoshlik davri boshqa berilmaydi. Bunday imkoniyatdan unumli foydalanish kerak. 

Azimjon MAHMUDOV
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments