YANGICHA RUH

Yangi 2014-yil kirib keldi. Barchamiz yangi yilni kutib olib, bayramni nishonlab, yana kitob-daftarlarimiz yoniga qaytib keldik. Aslida, har bir bayramning kelishi – abituriyent uchun muhim bo‘lgan kirish imtihoni yanada yaqinlashganidan darak.

Agar marafonning boshida sekin-asta yugurish boshlansa, ma’lum masofadan so‘ng qizishib olingach, tezlik oshiriladi. Siz aynan shu tezlik oshiriladigan bosqichga yetib keldingiz. Albatta, tezlik oshirishdan avval qisqagina tanaffus qilib ham oldingiz. Endi bo‘lsa, yangi yilda yangi kuchlar bilan bor e’tiborni mavzularni o‘zlashtirishga, testlarni yechishga qaratishimiz lozim.

Vaqt yaqinlashgan sari insonni hayajon bosib, o‘ziga bo‘lgan ishonch yo‘qola boradi. Aksiga olib, sizga o‘z ta’sirini o‘tkazadigan “mehribon” maslahatgo‘ylar ham ko‘payib qoladi. Bu, albatta, sizning tayyorgar-ligingizga o‘zingiz sezmagan holda o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Bunday paytda esa sizdan kar qurbaqa haqidagi hikoyani eslash talab qilinadi. Keling, o‘sha hikoyani yana bir bor eslaylik: 

Bir kuni qurbaqalar bahslashmoqchi bo‘lishibdi. Ular juda baland minoraning ustiga kim oldin chiqish musobaqasi o‘tkazishibdi. Bir nechta qurbaqa bu o‘yinni ko‘rish uchun to‘planishibdi. Shundan so‘ng musobaqa boshlanibdi. To‘plangan tomoshabinlardan hech biri bu qurbaqalarning muvaffaqiyatiga ishonmas edilar. Ulardan faqat: “Hech kim qila olmaydigan ishga qo‘l urib vaqt o‘tkazishyapti… Baribir bajara olishmaydi… Boshqa foydaliroq ish bilan shug‘ullanishsa bo‘lmaydimi?...” kabi ishtirokchilarga  salbiy ta’sir o‘tkazuvchi fikrlar eshitilar edi. 

Musobaqaga qatnashayotgan qurbaqalar minoradan bir necha marta tushib ketishgach, birma-bir o‘yindan chiqa boshlashibdi. Faqat ulardan biri erinmay, har safar sabr-toqat bilan minora tepasiga qarab harakat qilar edi. 

Pastdan esa salbiy fikrlar kuchaygandan kuchayib, ko‘paygandan ko‘payib borar edi: “Bechoralar baribir eng tepasiga chiqa olishmaydi… Aytmadimmi sizlarga...” 

Birgina qurbaqadan boshqa hammasi musobaqani tark etishdi. Oxirida yolg‘iz qolgan jonivor, nihoyat, minora ustiga chiqishni uddalabdi. Boshqalar undan bu ishni qanday amalga oshirganini so‘rashsa, undan javob yangramabdi. Chunki uning qulog‘i kar bo‘lib, ularni eshitmayotgan edi.

Yo‘q, qulog‘ingizni kar qilib olmaydigan bo‘lsangiz, ko‘pchilik marafon ishtirokchilari finalga yetib bormay yo‘ldan chiqib qolganiday, siz ham birinchi avgustga yetmay maydonni tark etib qolasiz. Chunki maslahatgo‘y-larimiz ko‘pincha bizning yaqin atrofimizdagilar bo‘lishadi. Garchi ular sizga yomonlik tilashmasa-da, yaxshilik qilyapmiz degan o‘y-xayolda yomonlik qilib qo‘yishadi. 

Demak, atrofdagilarning gaplariga qulog‘imizni yopib ololsak, boshqa ta’sirlarni yengish unchalik mushkul bo‘lmaydi, faqatgina bahona qidirib oddiy sabablar bilan voz kechmasangiz bo‘ldi. Masalan, kun bo‘yi qaysidir misolni chiqara olmadingiz yoki qaysidir mavzuni tushunmayapsiz. Balki, kichik bir tanaffusdan keyin shu misol yoki mavzuga qaytganingiz ma’quldir. Chunki fikrning chalg‘ishi boshqacharoq o‘ylashga sabab bo‘ladi. Mabodo, bugun o‘zlashtira olmasangiz, bu ishni ertaga amalga oshirishingiz mumkin. Boringki, shu mavzuni umuman tushuna olmayapsiz. Bu juda ham katta fojia emas, chunki o‘sha siz o‘zlashtira olmagan yo bir dona savol tushadi, yoki umuman tushmaydi. Faqat shunday fikr bilan tushunilmagan mavzular sonini orttirib yuborsangiz, unda ahvolingiz chatoq bo‘ladi.

Undan tashqari, ko‘pincha qiyin tuyulgan mavzularni o‘zlashtirib olsangiz, keyinchalik bu mavzudagi savollar juda ham oddiy tuyuladi. Gapimga isbot kerak bo‘lsa, ikki oy bilmaydigan va hozirgi kunda o‘zlashtirib olgan mavzuyingizga doir testlarni yechib ko‘ring. O‘sha paytda juda ham qiyin edi. Hozir esa xamirdan qil sug‘urganday oson hal bo‘lmoqda. Shu sababli siz o‘zingiz o‘rganayotgan fandan qiyin mavzular yo‘qligiga o‘zingizni ishontiring. Har qanday savollarni yecha olishingizga, Oliy o‘quv yurtiga davlat granti asosida kira olishingizga, do‘stingiz bajarayotgan ishlarni siz ham bajara olishingizga o‘zingizni ishontira oling. Sizga talaba bo‘la olmaysan deyayotganlarga ularning gapi noto‘g‘ri ekanligini isbotlay olishingizga ishoning. Sizga ishonayotganlarning ishonchini oqlay olishingizga ishoning, shunda keyingi yangi yilni biz bilan birga kutib olmaysiz. Demak, yangicha ruh bilan darsga olg‘a!

Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments