MATEMATIKA (Bu fanni o‘zlashtirishda abituriyent nimalarga e’tibor berishi lozim?)

2mathgr.jpg

Matematika boshqa fanlarga nisbatan o‘zlashtirilishi nisbatan oson fanlardan biri hisoblanadi. Bunga dalil sifatida kirish imtihonida o‘quvchilarning boshqa fanlardan 30 tadan oshirishga, matematika fanidan esa 36 ta yechishga urinishlarini keltirishimiz mumkin. Qolaversa, matematika aniq faktlarga asoslangan bo‘lgani sababli deyarli har qanday savolning yechimini topish mumkin. 

Matematika fanidan o‘quvchilar qanday qiyinchiliklarga duch kelishadi-yu, ularning yechimlari qanday? Keling, ana shular haqida gaplashaylik.

O‘zlashtira olmayapman. Albatta, ba’zan qaysidir mavzularni o‘zlashtirolmaslik holatlari kuzatiladi. Bu esa insonda dars qilish ishtiyoqini yo‘qotadi. Shubhasiz, qaysidir mavzuni o‘zlashtira olmaslik boshqa mavzularga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Demak, bu kamchilikni tez bartaraf etish lozim. Buning uchun esa ushbu mavzuga oid osonroq savollardan misollar yechishni boshlash va asta-sekinlik bilan ularni orttirib borish lozim. Mavzuni tushunmadim degan bahona o‘zingizdan boshqaga zarar keltirmasligini unutmang. Demak, har qanday holda ham mavzuni o‘zlashtirishga kuch sarflashingiz lozim. Bu masalada sizga yordam berishi mumkin bo‘lgan hammadan yordam so‘rashdan uyalmang.

Misollarim chiqmayapti. Misollarni yecha olmaslik yuqoridagi holatning davomi hisoblansa-da, lekin o‘zlashtira olmaslikdan anchagina yengil. Odatda, misolning ishlanish yo‘lini to‘g‘ri tanlab olgan bo‘lsangiz, juda ham kichik arifmetik xatoliklarga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lasiz. Afsuski, uni topishga juda ham qiynalasiz. Sababi siz birinchi xatolikka yo‘l qo‘ygan yo‘lingizga bog‘lanib qolgansiz. Bunday hollarda biroz chalg‘ish, masalan, dam olish yoki boshqa testni yechib, keyin ushbu savolga yana qayta urinish foyda keltiradi. Siz kirish imtihonida test topshirasiz, shu sababli ishlanish yo‘li to‘g‘riligi oddiy arifmetik xatolik sababli o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. 

Yechilish yo‘lini to‘g‘ri tanlay olish. Misolning tez va to‘g‘ri yechilishida usulni to‘g‘ri tanlay olish eng muhim narsa hisoblanadi. Agar misolni yechish uchun to‘g‘ri, biroq uzoq yo‘lni tanlasangiz, bu sizni qimmatli vaqtlaringizdan ayiradi. Yo‘lning uzunligi esa sizning adashib qolish ehtimolligingizni oshiradi. Yo‘lni to‘g‘ri tanlab olish uchun esa tajriba, ya’ni turli misollarni ko‘p-ko‘p ishlash lozim bo‘ladi. Matematikani o‘rganishning birgina yo‘li KO‘P MISOL  ISHLASH hisoblanadi.

Do‘stlaridan yoki ustozdan yordam so‘rash. Albatta, hamma misollarni o‘zingiz yecha olmaysiz. Bunday paytda atrofingizdagi do‘stlaringizdan yoki ustozingizdan yordam so‘rashingiz tabiiy hol. Lekin siz uchun o‘sha misoldan qutulish emas, shu misolning yechilish yo‘li muhim bo‘lishi lozim. Ya’ni do‘stingiz misolni yechib bersa, siz B javobni belgilab qutulsangiz, ertasi kuni yana shu savolga duch kelganda yecha olmay turaverasiz.

Xo‘sh, bunday holga tushmaslik uchun nima qilish lozim? Avvalo, yordam so‘rashdan oldin, shu savolni yechishga yaxshilab urinib ko‘rish kerak. Natijaga erisha olmaydigan bo‘lsa, do‘sti yechib bergan qog‘ozni tashlab yuborib, shu misolni qaytadan yechish kerak. Imkoni bo‘lsa, boshqa bironta shu misolni tushunmagan odamga tushuntirib berish ham ancha foydali. Undan tashqari, yana takrorlaymiz: ko‘proq misol ishlash lozim.

O‘z ustida ishlash. Ustozga yoki boshqalarga bog‘liq bo‘lmay o‘z ustida ishlay olishni o’rganish nafaqat abituriyentlik bosqichida, balki butun umr davomida qo‘l kelishi mumkin. Qaysidir mavzuni tushunmay turgan abituriyent shu mavzuga doir kitoblarni varaqlasa, boshqa muhim ma’lumotlarga ham duch keladi. Buni odat qilgan abituriyent talabalik davrida ham qiynalmaydi.

Savolni o‘qishdagi e’tiborsizlik. Ba‘zan abituriyentlar savolda so‘ralmagan narsalarni topib qo‘yishadi. Masalan, “Qaysi biri noto‘g‘ri?” deb so‘ralgan savollarni “Qaysi biri to‘g‘ri?”deb o’qib, shunga mos javoblarni belgilab qo‘yishadi. Bu esa qimmatli 3,1 balldan ayrilishga olib keladi. Ba’zan 0,1 ball ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu sababli savollarni e’tibor bilan o‘qing. Noto‘g‘ri muqobil javoblarga e’tibor bering. Ana shunda ikkita to‘g‘ri javob chiqib qolishi sizni sergak torttiradi.

Formula kitobchasi yoki kalkulyator. Formula kitobchasi yoki kalkulyatorlar yaxshi tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyent uchun foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi. Masalan, har safar qaysidir formulani topa olmaganida mayda yozuvli kitobchaga ko’z yugurtirgandan ko‘ra shu formulani oq qog‘ozga 2-3 marta yozib eslab qolish yaxshiroq. Kalkulyator masalasida qat’iy bir gapni aytishimiz mumkin: matematika fanidan test yechayotgan abituriyentga KALKULYATOR KERAK EMAS! Mabodo siz ularga o‘rganib qolsangiz-u, imtihon kuni ular yoningizda bo‘lmasa, ruhiy tushkunligingizning o‘zi talaba bo‘la olmaslik uchun yetarli. 

Biz o‘z tajribamizdan kelib chiqqan holda sizga foydali maslahatlar berishga urinib ko‘rdik. Xuddi shunday maslahatlarni siz o‘z ustozingizdan so‘rab ko‘ring – ularning boy tajribasi sizga, albatta, qo‘l keladi.

Azimjon MAHMUDOV

Matematika fani o‘qituvchisi

 

0 ta izoh

There are no comments