FIZIKA

Xoh abituriyent, xoh ixtiyoriy bir ta’lim oluvchi bo‘lsin, biror fanni, xususan, fizikani ham yaxshi o‘zlashtirish uchun, avvalo, unda istak bo‘lishi lozim.  Sir emas, yashirishning keragi ham yo‘q, texnika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarida kirish imtihonlaridan o‘tish boshqa yo‘nalishlarnikidan birmuncha osonroq. Bunga kirish ballarining boshqa yo‘nalishlar kirish ballarinikidan pastroq ekanligi ham misol bo‘ladi. “Nima uchun fizikani tanlading? Qiziqishing bormi texnika sohasiga?” kabi savollar bilan abituriyentlarga murojaat qilganimizda 80 foiz o‘quvchining javobi quyidagicha bo‘ladi: “Qiziqishim yo‘q, shunchaki, texnika yo‘nalishidagi OTMlarda kirish ballari nisbatan pastroq bo‘lar ekan, shuning uchun fizikani tanladim”. Mana shunday noto‘g‘ri maqsad qo‘yishning o‘zi fizika faninini o‘zlashtirishni qiyinlashtirib yuboradi. Shaxsiy istak, o‘rganishga xohish bo‘lmagandan keyin nafaqat fizika fanini, balki boshqa fanlarni o‘zlashtirish ham qiyinchilik tug‘diradi.

Hurmatli abituriyent, fizikani o‘zlashtirishga qiynalyapsizmi? Dars paytida nimalarnidir tushunganday bo‘lib, uy ishi yoki mustaqil ravishda boshqa biror masqni ishlay olmayapsizmi? Mana shu satrlarni o‘qiyotganingizda qalbingizga quloq solib ko‘ring-chi, siz nega aynan fizika fanini tanlagan ekansiz. Agar fanga qiziqmay, shunchaki fizikani o‘qishga chog‘langan bo‘lsangiz, o‘zingizni biroz majburlab, fizikaga qiziqtirishga harakat qilib ko‘ring. Buning uchun atrofingizdagi ba’zi hodisa va jarayonlarga aql ko‘zi bilan qaray olishingizning o‘zi kifoya. Yoqqichni bosganingizda nega lampa deyarli bir zumda nur socha boshlaydi? Nega siz 70 kilogramm tosh bosib ucha olmaysiz-u, necha ming tonnalik samolyotlar samoda xuddi ustingizdan kulgandek uchib yuribdi? Nega ba’zi ozg‘ingina, yengilgina odamlar suvda o‘zini tuta olmay cho‘kib ketadi-yu, necha yuz ming tonnalik bahaybat kemalar suv yuzida bemalol suzib yuribdi? Televizor ekranida tasvir qanday hosil bo‘lyapti? Nega Afrika o‘lkalarida qor yog‘maydi-yu, shimoliy o‘lkalarda qor tonnalab yog‘adi? Agar siz o‘zingizga ongli ravishda mana shu savollarni bersangiz, anglab yetasizki, sanab o‘tilgan jarayon  va hodisalarni birinchi galda fizika fani yordamida tushunishingiz mumkin.

Siz fizikaga, tabiat hodisalariga qiziqasiz-u, lekin test ishlashga kelganda qiynalyapsizmi? Kerakli formulalarni topa olmayapsizmi? Ko‘pchilik fizikadan qiynalayotganlar kerakli formulani topa olmaslikdan shikoyat qilishadi. Qani bir o‘ylab ko‘raylik-chi, formula aslida nima o‘zi? Formula - bu tabiatda yoki xususiy bir holatda kechadigan fizik jarayonning matematik ifodasi, biror fizik kattalikning boshqasiga qanday matematik apparatlar orqali bog‘lanishidir. Biror test ishlanishidan oldin berilgan savolni hech bo‘lmaganda 90 foiz tushunib olguningizga qadar qayta–qayta o‘qib chiqishingiz, misolda qanday jarayon haqida gap borayotgani, aynan nima so‘ralganini to‘liq tushunib olishingiz kerak. Keyin esa berilgan misol fizikaning qaysi bo‘limi, aynan qaysi mavzuga tegishli ekanligini aniqlab olishingiz lozim bo‘ladi. Mavzu esa bir necha qismdan iborat bo‘lgani uchun berilgan misol mavzuning aynan qaysi qismidan tushganligini bilishingiz darkor. Savolning aynan qaysi shablon, qolipga tegishli ekanligini aniqlab olganingizdan keyin, misolda aynan qaysi fizik kattaliklar haqida aytilganini va aynan nima so‘ralganini aniqlab olishingiz kerak. So‘ngra berilgan fizik kattaliklar qatnashgan bitta yoki bir nechta formulani topib, eng oxirida formulaga ko‘ra matematik hisoblashlarni amalga oshirishingiz kerak. Ko‘pchilikda esa teskarisi bo‘ladi. Misolni ishlash eng birinchi formula qidirishdan boshlanadi. 

Ma’lumki, fizika aniq fan hisoblanadi. Aniq fanlarga oid testlar hisob–kitobsiz, aniqroq aytadigan bo‘lsak, matematikasiz bo‘lmaydi. Qush ikki qanoti bilan uchgani kabi fizikaning ham ikki qanoti borki, ularning birisiz abituriyent testni deyarli ishlay olmaydi.  

Birinchisi tasavvur qilish, fizik jarayonni ko‘z oldiga keltira olish, ta’bir joiz bo‘lsa, xayolan, xuddi kompyuter dasturlarida qilingani kabi, jarayonning animatsiyasini ko‘ra olish. Ikkinchisi esa matematika, hisob-kitob. Trigonometriya yoki logarifmlarni qo‘ya turaylik, eng oddiy matematik apparatlarni misolda qo‘llay bilmaslik natijani nolga tushirib qo‘yishi mumkin. Abituriyent kasrlar ustida matematik amallarni bajara olmasa yoki chiziqli va kvadrat tenglamani ishlay olmasa, ildizdan chiqara olmasa, qanday qilib fizikadan yaxshi natija ko‘rsata oladi? Demak, matematikasiz uzoqqa bora olmaysiz, hurmatli fizik.

Yana bir muammo shundaki, abituyent ham fizikani, ham matematikani biladi, lekin savolni tushunmaydi! Tan olish kerak, ba’zi test savollari tushunarsizroq tuzib qo‘yiladi, lekin hammasi ham emas. Savolni, nima so‘ralganini aniq tushunmay turib, qanday qilib test ishlash mumkin? Ba’zan kichkinagina qo‘shimcha yoki vergul savolning ma’nosini o‘zgartib yuborishi mumkin. Kinematika bo‘limiga tegishli bo‘lgan quyidagi ikkita test savolining berilishiga e’tibor qarating.

1) Havo shari 300 metr balandlikka ko‘tarilgach, shamol uni 400 metr g‘arbga uchirib ketdi. Havo sharining bosib o‘tgan yo‘lini toping. (S=700 m).

2) Havo shari 300 metr balandlikka ko‘tarilishi davomida shamol uni 400 metr g‘arbga uchirib bordi. Havo sharining bosib o‘tgan yo‘lini toping. (S=500 m). 

Savollarning berilishi deyarli bir xil. Lekin jarayon umuman har xil. Farqlash sizdan. 

Yuqoridagi test savollarini keltirish orqali ona tili va adabiyot faniga bejiz e’tibor qaratmadik.  Umumiy holatda, inson o‘zining ona tilini yaxshi tushuna olishi, gaplarni farqlay olishi va o‘z fikrini chiroyli, qisqa va lo‘nda ifodalay olishi lozim. Bu fikrlar nafaqat test yechuvchi abituriyentlarga, balki test tuzuvchilarga ham tegishlidir. Savol tushunari tuzilgan bo‘lsagina, uni tushunishni talab qilish o‘rinli bo‘ladi.

Fizika o‘rganayotgan abituriyentlarimizga bu yo‘lda sabr va kuch-quvvat tilab qolamiz.

Oybek QUDRATOV 

Fizika fani o‘qituvchisi

 

 

0 ta izoh

There are no comments