BESH AMR

Olimlardan biri tush ko‘ribdi. Tushida unga shunday amr kelibdi: 

- Tong otgach, ilk ko‘rgan narsangni ye, ikkinchisini yashirib qo‘y, uchinchisining tilagini qabul qil, to‘rtinchisini xafa qilma va beshinchisidan qoch. 

Tong otgach, olim yo‘lga chiqibdi. Unga dastlab bir tog‘ duch kelibdi. U tog‘ni ko‘rib o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Buni qanday yeyish mumkin? Lekin amrga qarshi borgisi ham kelmasdi. Shu sababli unga yeyish uchun yaqinlashdi. Yaqinlashgan sari tog‘ kichrayib borardi. Va nihoyat, unga yetib kelganida osmono‘par tog‘ bir luqmaga aylanib qoldi va uni yutib yubordi. U asalday shirin edi.

Keyinroq yo‘lida oltin to‘la lagan paydo bo‘ldi. Buni yashirib qo‘yishim amr etilgan, deb chuqur qazib tillalarni ko‘mib qo‘ydi. Ishini tugatgach, biroz yurib, orqasiga o‘girilib qarasa, tillalar yana yer sirtiga chiqib qolganmish. Ortga qaytib yana ko‘mib qo‘ydi, lekin tillalar yana yer yuzasida paydo bo’lib qolaveribdi. Axiyri, olim “Men buyurilgan amrni bajardim” debdi-yu, yo’lida davom etibdi.  

Shundan so‘ng yo‘lidan bir qush chiqdi. Uni lochin quvlab kelardi. Qush kelib odamga: “Ey buyuk zot, meni qutqarib qol”, - dedi. U qushni ushlab qo‘yniga yashirdi. Chunki uchinchisining tilagini qabul qilish buyirilgan edi. Shunda lochin kelib: “Ey buyuk zot, men ochman. Ertalabdan beri shu qushni quvlab yuribman, sen esa uni yashirib qo‘yding”, - debdi. Odam biroz qiyin vaziyatda qolibdi. Chunki uchinchining tilagini qabul qilish bilan birga to‘rtinchisini xafa qilmasligi ham lozim edi-da. Shundan so‘ng bir chora topdi. O‘z sonidan biroz kesib lochinga tashladi va 3- va 4- amrlarni ham bajo keltirdi. 

Olim yo‘lida davom etar ekan, hidlanib qolgan murda chiqibdi. Undan qochib ketdi. Besh amrni bajargan odam buning sirlarini bilishni istardi va ertasi kuni tushida barcha narsa ayon bo‘ldi:

- Ilk duch kelib yeganing sening jahlingdir. Ko‘rinishdan tog‘ga o‘xshaydi. Sabr bilan ichingga yut-sang, asalday shirin bo‘ladi. Ikkinchisi yaxshiliging: qancha yashirsang ham yuzaga chiqaveradi. Uchinchisi senga berilgan omonat, unga xiyonat qilmasliging kerak. To‘rtinchisi senga kimdir ehtiyoj bilan kelsa, u narsadan o‘zing mahrum bo‘lsang ham uni qondirish lozimligi. Beshinchisi esa g‘iybatdir. Sasigan murdaday bo‘ladi. Uni qayerda ko‘rsang, undan qoch.

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments