2014-YIL –SOG‘LOM BOLA YILI

 

Baby-With-Mother-Wallpaper0.jpg

Assalomu alaykum. 

Yangi yildagi ilk sonimiz orqali siz bilan sog‘-omonlikda yuzlashib turganimizdan behad xursandmiz. Ilm olish va bilim berish yo‘lida dadil harakat qilayotgan yurtdoshlarimizga kuch-quvvat tilab qolamiz. 

2014-yil yurtboshimiz tomonidan “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilinganidan xabaringiz bor, albatta. Ertangi kunning bunyodkorlari bo‘lmish yangi avlod tarbiyasiga davlat miqyosida e’tibor berila-yotgan ekan, o‘ylaymizki, bu harakatlar kelgusida o‘zining katta hosilini beradi.

Aslida, mustaqil yurtimizda sog‘lom avlod tarbiyasi masalasiga istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab davlat siyosati darajasida e’tibor berib kelinmoqda. 2000-yilning “Sog‘lom avlod yili”, 2001-yilning “Onalar va bolalar yili”, 2008-yilning “Yoshlar yili”, 2010-yilning esa “Barkamol avlod yili” deb atalishi ham yosh avlodga e’tibor siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini tasdiqlaydi. Joriy yilning “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilinishi nafaqat o‘sha ishlarning uzviy davomi, balki yangi bosqichi hamdir. O‘rinli savol tug‘iladi: bu masalaga davlatimizning alohida e’tibor qaratishi zamirida qanday maqsadlar yotadi? 

Xalqimiz shuuridan joy olgan bir hikmatli ibora bor: “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur, qudratli elning farzandlari sog‘lom bo‘lur”. Biz bir ulkan bino qurayotgan ustalar kabimiz. Ana shu binoning poydevori – yoshlarimiz. Poydevorning har jihatdan mustahkam bo‘lishi qad ko‘tarajak imoratning ertasini belgilab beradi. 

Farzandlarining jismonan baquvvat bo‘lishi uchun ularni yoshligidan chiniqtirib tarbiyalagan qadimgi Sparta davlati o‘g‘lonlari haqidagi afsonalar haligacha mavjud. Yoshlarining intellektual salohiyatini o‘stirish uchun jon-u jahonini baxsh etib harakat qilgan Yaponiya diyori bugun o‘sha mashaqqatlarining mevasini tatimoqda.  Bizning diyorimiz ham yosh avlod tarbiyasida ulkan tajribaga, o‘rnak bo‘la oladigan malakaga ega. Zaminimizda voyaga yetgan tasavvuf tariqatining bosh g‘oyasi komil inson bo‘lganini-yu, Temuriylar davrida yosh shahzodalarning tarbiyasi tajribali shaxslar qo‘liga topshirilganini, jadidlarimizning yoshlarni ma’rifatli qilish yo‘lida ko‘rsatgan fidoyiliklarini-yu, yoshlarga bo‘lgan bugungi e’tiborni eslab o‘tishning o‘zi fikrimizning to‘g‘riligini  isbot eta oladi. 

Sog‘lom bola sog‘lom muhitda, totuv oilada kamol topadi. Mana shu fikrga suyanadigan bo‘lsak, sog‘lom bola tarbiyasini ta’minlash jarayonida oilalarning mustahkamligi, mahalla ahllarining hamjihatligi masalasi ham kun tartibida turadiki, bu bilan kuchli jamiyatni barpo etish yo‘lida qo‘yayotgan qadamlarimiz yanada tezlashadi. 

Bugun fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yoshlarimiz erishayotgan yutuqlar ko‘zlarni quvontirmay qo‘ymaydi. Yaqindagina muvaffaqiyat-larini oshqishlagan-larimiz – yosh futbolchilar va shaxmatchi-larimiz jahon minbarlarida ham bizning hech kimdan kam emasligi-mizni yana bir bor isbot etib berishdi. Mana shu muvaf-faqiyatlar olg‘a tashlayotgan odimlarimizning samarasi hisob-lanadi. Yillar o‘tib bugun o‘tqazgan nihollarimiz serhosil daraxtga aylanishini va ulardan bahramand bo‘lishni Yaratgan barchamizga nasib etsin.

Biz mulohazalarimizni muhtaram yurtboshimizning quyidagi so‘zlari bilan yakunlashni lozim topdik: “Biz tayanchimiz va suyanchimiz, g‘ururimiz va iftixorimiz bo‘lmish bolalarimizga, farzandlarimizga ishonch bilan, hurmat-e’tibor bilan qarashni kelajagimizga bo‘lgan ishonch, millatimizga, xalqimizga bo‘lgan hurmat-ehtirom ifodasi deb bilamiz”.

 TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments