YO‘Q

Assalomu alaykum.

So‘zni qudratli kuch deganlaricha bor. Bir so‘z bilan a’lo kayfiyatdan asar ham qolmasligi yoki ko‘nglingiz tog‘dek ko‘tarilishi mumkin. Har ishning unumi ishonch deb atalmish tuyg‘uga bevosita bog‘liq ekan, uni salbiy ta’sir etuvchi omillardan himoya qilmoq lozim. Biz ehtiyot bo‘lishimiz kerak bo‘lgan omillardan biri “Yo‘q” so‘zidir. “Yo‘q” so‘zining kuchi shu qadar xatarliki, uning ta’siri natijasida muhim bir ish boshlanmasligi yoki nihoyasiga yetmay qolishi mumkin.   

Henri maktabda o‘qir edi. 

Kunlarning birida o‘qituvchi o‘tilgan mavzuni gapirib berish uchun uni doskaga taklif qildi. Yosh Henri o‘rtaga chiqib, ma’ruzasini endi boshlagan edi hamki, o‘qituvchi: “Yo‘q, unday emas!” – deb bolakayning fikrini bo‘ldi. “Qaysidir o‘rinda xato qildim, shekilli”, - deb ko‘nglidan o‘tkazgan Henri mavzuni qayta boshladi. Hech qancha gapirib ulgurmagan ham ediki, o‘qituvchi unga yana e’tiroz bildirdi: “Yo‘q, noto‘g‘ri aytyapsan”. Hafsalasi pir bo‘lgan Henri alamzada kayfiyatda joyiga borib o‘tirdi.

O‘qituvchi boshqa o‘quvchini ma’ruzalar minbariga chaqirdi. Bu bola ham Henri aytgan gaplarni takrorlay ketdi. O‘qituvchi uning ham fikrini bo‘ldi: “Yo‘q, xato fikr”. Biroq bu o‘quvchi mulohazalarini davom ettiraverdi va yakuniga ham yetkazdi. Shunda o‘qituvchi uni olqishlab qo‘ydi va borib joyiga o‘tirishi mumkinligini aytdi. 

Henri hayron bo‘ldi. U ko‘nglida paydo bo‘lgan e’tirozlar bilan o‘qituvchisiga murojaat qildi: “Men ham ayni shunday gapirib berayotgandim-ku, ustoz. Buni qanday tushunish kerak?!”

O‘qituvchi unga jilmayish bilan boqdi va shunday dedi: “Mavzuni to‘liq tushunmaganing bor gap – buni tan olishing kerak. To‘g‘ri, men seni to‘xtatishga harakat qildim. Biroq sen bunga imkon bermasliging kerak edi. Seni to‘xtatishimga imkon berganing o‘zingga ishonching yo‘qligidan dalolat beradi. Hatto, butun dunyo “Yo‘q” desa ham, sen “Ha” deyishing va haq ekaningni isbotlab berishing lozim”.

Rad va inkorning turli ko‘rinishlari va darajalari bor: “Qila olmaysan”, “Qo‘lingdan kelmaydi”, “Uddalashingga ishonmayman”, “Mumkin emas”, “Adashyapsan”, “Unday emas” va h. k. Bular o‘z ta’sir kuchidan kelib chiqib, ko‘nglimizning “Ishonch” deb atalmish oynasiga uriladi va turli darajada zarar yetkazadi. 

Dunyodagi buyuk ixtirolarning ko‘p qismi “Yo‘q”, “Mumkin emas” kabi raddiyalar sababli bir necha yillarga kechiktirilgan. Kechiktirib bo‘lsa-da amalga oshirilgan   ixtirolarning aksari o‘sha “Yo‘q”larga, “Mumkin emas”larga e’tibor berilmagani samarasi hisoblanadi. Agar Tomas Edison 1000-urinishi zoye ketganidan so‘ng yaqinlari gapiga quloq osganida, bir necha yillik avlod vakillari chiroqsiz qolib ketgan bo‘lardi. Noo‘rin “Yo‘q”lar ishonch oloviga sepilayotgan suvlardir.

Toshbaqalar yangi hayot izlab tog‘ oshmoqchi bo‘lishibdi. Yigirmatacha toshbaqa yo‘lga otlanibdi. Qolganlar bu ishning amalga oshishiga ishonmaganliklari sababli urinib ham ko‘rishmabdi. Bu ham kamday, yo‘lga otlanganlar ortidan “Yo‘q, baribir tog‘ni oshib o‘tolmaysiz”, “Buning iloji yo‘q” degan so‘zlarni ham “otishibdi”. Tog‘ning yuqorisi sari harakatlanayotgan toshbaqalar birin-ketin holdan toyib, chekina boshlashibdi. Faqat bittagina toshbaqa tog‘ni oshib, o‘zi maqsad qilgan hayotga yetishibdi.

Oradan oylar o‘tibdi.

Haligi toshbaqa sobiq safdoshlarini ko‘rish uchun eski makoniga kelibdi. Undan qolgan toshbaqalar so‘rashibdi:

- Yo‘lga otlangan toshbaqalar ichida sendan kuchliroqlari bor edi. Ular ham tog‘ni osha bilishmadi. Sen buni qanday uddalading?

Mehmon bo‘lib kelgan toshbaqa hayron bo‘lib debdi:

 - A?

U kar edi.

“Yo‘q”larni eshitaverish ko‘nglimizga shubha-gumonlar urug‘ini ekaveradi. Shu bois yon-atrofimizdan yog‘iladigan “Yo‘q”larga nisbatan kar bo‘lib olishimiz foydadan holi emas. Bizning maslahatimiz: buni hozirdanoq boshlang:

 -  Siz o‘qishga kirishingizga ishonasizmi?

 -  …

Omon bo‘ling.

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments