YONG‘IN

house fire on flickr.jpg

Mariya va Jon ismli er-xotinning ikki sevimli farzandi bor edi: bir o‘g‘il va bir qiz. Jonning yaxshi maosh topadigan ishi bor edi. U ishidan ruxsat olib bir necha kunga xizmat safariga yo‘l oldi. Xotinini ham aylantirib kelish maqsadida o‘zi bilan olib ketdi. Bolalarni esa ishonchli bir ayolga tashlab ketishdi. 

Safar ular o‘ylaganidan ertaroq tugab uylariga qaytishdi. Ular o‘z kvartallariga kirib kelgach, tutun hidini seza boshlashdi. Jon o‘zining yo‘li bo‘lmasa-da, avtomobil rulini hid kelayotgan tomonga burdi. Uylardan biri alanga ichida yonayotgan edi. Mariya: “Bu bizning uyimiz emas-ku, uyga keta qolaylik”, - dedi. Lekin Jon yonayotgan uyga yaqinroq kelib, baqirib yubordi: 

 - Bu bizning fabrikada ishlaydigan Fredning uyi. U ishdan chiqib yetib kelmagandir. Balki, biror bir yordamimiz tegib qolar!

 - Bu yerda bizning qiladigan ishimiz yo‘q, - e’tiroz bildirdi Mariya. – Buning ustiga yangi kiyimlardasan: tutun hidi o‘rnab qoladi. Shu sababli yaqinlashmay qo‘ya qolgin.

Jon Mariyaning gaplariga e’tibor bermay uyning yonida to‘xtadi. Uyning deyarli barcha qismi alanga ichida edi. Ko‘zlari dahshatga to‘lgan bir ayol bor ovozi bilan chinqirar edi: “Bolalar! Bolalarni kimdir qutqarsin!” Jon ayolga yaqinlashib: “O‘zingizni qo‘lga olib, bolalarning qayerda ekanligini ayting”,-dedi. Ayol tinmay hansirar edi. “Bolalar xonasi… zaldan to‘g‘riga o‘tib chapga…”

Mariyaning e’tirozlariga e’tibor bermagan Jon ustidan suv quyib, kiyimlarini ho‘lladi. Ro‘molchasini suvga botirib, boshiga bog‘ladi-da, ichkariga kirib ketdi. Nihoyat, bolalar xonasini topib oldi. U yer tutun bilan to‘lgan va issiq edi. Jon eshikni sindirib, ikki bolani qo‘ltiqlari orasiga qisib olib chiqdi. U bolalarni qutqarar ekan, ichkarida yana boshqa bolalarning qichqirig‘ini ham eshitgan edi. 

Tashqariga chiqib, bolalar bilan birga toza havodan nafas olgach, ichkarida nechta bola borligini so‘radi. Unda yana ikkita bola borligini aytishdi. Mariya esa juda ham xavotirda edi:”Qilayotgan ishing joningga qasd qilish bilan teng. Uy istalgan vaqtda qulashi mumkin, ichkaridagi bolalar bilan birga o‘zing ham o‘lasan…”

Jon Mariyaga qo‘l siltab yana alangalar ichiga yo‘l oldi. Bir amallab, ichkaridagi ikki bolani olib chiqqanida bolalar ham, Jon ham tutundan yo‘talishar edi. Baxtlariga uy qulash uchun ularning chiqishlarini kutib turganday, ular yo‘talish bilan band ekan, uy ham yer bilan bir bo‘ldi.

Lekin Mariyaning ko‘zida ham hayajon, ham qo‘rquv bor edi. Chunki Jon qutqarib chiqqan so‘nggi ikki bola o‘zlarining bolalari bo‘lib, boquvchi ayol bozor qilish uchun chiqqanida ularni shu uyda qoldirgan edi…

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments