YANGI YIL TA"TILI

 

tatil.jpg

- Bu yil abituriyent uchun dam olish yo‘q. 

- Dam olsak, ulgura olmaymiz.

- Abituriyentga kim qo‘yibdi ta’tilni! 

Bizningcha, yuqoridagi gaplarga gazetamizning 24-sonidagi “Ibratli dunyo” sahifasida “Bandlik” nomli hikoyacha orqali juda aniq javob berilgan. Garchi u yerda o‘tinchi haqida gapirilgan bo‘lsa-da, har birimiz o‘zimizga xulosa chiqarib olishimiz mumkin.

Miyamizni ishlatar ekanmiz, u charxlanib borgani sari charchab ham boradi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, kichik muddatli tanaffusga ehtiyoj sezadi. Ayniqsa, ko‘p yillik ta’tildan so‘ng birdan qattiq ishlab yuborsa, bosimga dosh bera olmasligi mumkin. Shu sababli ta’til albatta kerak. 

Yuqoridagi gap-so‘zlar xuddi abituriyent uxlamasligi kerak degan ta’birga o‘xshaydi. Inson organizmi uyquga qanchalik ehtiyoj sezsa, ma’naviy hordiqqa ham shunchalik muhtoj bo‘ladi. Shunday ekan, ta’tilda siz ma’naviy dam oling.

Ishlashdan charchagan, juda ham sekinlik bilan ishlayotgan miyangizga biroz dam berib, yanada kattaroq tezlik bilan ishlab keta olasiz. Har holda, sport poyapzali kiygan yapon haqidagi hikoyani eshitgandirsiz. Eshitmagan bo‘lsangiz, keling aytib beray: 

Amerikalik va yaponiyalik ikki tadbirkor o‘rmonda tashkil etilgan seminarga tashrif buyurishdi. Tanaffus paytida ular o‘rmonda sayr qilishni ma’qul deb topishdi. Bir payt ortlaridan eshitilgan yirtqich hayvonning o‘kirigi ularni cho‘chitib yubordi. O‘zlari tomonga o‘qday otilib kelayotgan arslonni ko‘rgan tadbirkorlar oyoqlarini qo‘lga olib qocha boshlashdi.

Qochib ketish asnosida yapon birdan to‘xtab, xaltasidan yengil sport poyabzalini olib kiya boshladi. Shunda amerikalik unga qarab: “Shuni kiysam, arslondan tezroq yugura olaman, deb o‘ylayapsanmi?”- deb baqirdi va oyoq kiyimini kiyish bilan andarmon bo‘lgan sherigidan 20 metrcha o‘zib ketdi. Nihoyat, yapon tadbirkor oyoq kiyimlarini kiyib bo‘lgach, tezda amerikalikka yetib oldi va ko‘p o‘tmay undan o‘zib ham ketdi. Keyin u orqasiga o‘girilib: “Bu oyoq kiyimi bilan arslondan qochib qutula olmasligim mumkin, lekin seni ortda qoldira olaman”,- deb javob berdi. 

Toza havoda aylanishga chiqish, bayram dasturxonida oila a’zolaringiz bilan birgalikda o‘tirish, bayramga tayyorgarlik va bayramona kayfiyat sizning darslardan chalg‘ishingizga sababchi bo‘ladi. Darslardan chalg‘ib boshqa narsa bilan shug‘ullanish esa sizni, oz bo‘lsa-da, darslardan dam oldiradi. Miyangizni umuman boshqa narsalarga chalg‘itadi. Bundan tashqari, ma’naviy dam olish turlariga teatrlarni, istirohat bog‘lariga sayohat qilishni kiritish mumkin. Lekin aslo kompyuter va virtual o‘yinlarni kirita ko‘rmang. Chunki ular dam oldirishdan ko‘ra ko‘proq charchatadi. Shundoq ham kitoblardagi bilimlardan ezilib yotgan miyangiz kompyuterdagi tez o‘zgaruvchi ranglardan, nurlardan yanada ko‘proq toliqadi. Ta’til so‘ngida siz dam olib, sof holda emas, horg‘in holda darslarga qaytasiz. Shu sababli ko‘proq toza havoda sayr qilishga e’tibor qarating.

Ta’tildan unumli foydalanish ta’tilning o‘zidan muhimroq. Chunki siz bir hafta kitob-daftarlarni yig‘ishtirib qo‘yib, umuman boshqa ishlarga sho‘ng‘ib ketsangiz, natijada ta’tildan so‘ng yana dars tayyorlashga qaytishingiz uchun kamida bir-ikki hafta talab qilinishi mumkin. Shu sababli ta’tilda dam olish bilan birgalikda formadan chiqib qolmaslik uchun oz miqdorda dars tayyorlab turish lozim. Oldin kuniga 10 soat dars tayyorlayotgan bo‘lsangiz, ta’tilda takrorlash maqsadida 2-3 soat dars tayyorlang. Bu vaqtda ham yangi mavzularni o‘zlashtirishga emas, eski mavzularga doir testlarni yechishga e’tibor qaratish ma’qul. Eski mavzularni takrorlash juda ham ko‘p energiya talab qilmaydi. Shu orqali ta’tildan ham dam olgan holda, ham dars tayyorlash formasini saqlagan  holda chiqib kelamiz. 

Sizga ta’tilni maroqli o‘tkazib, yangi 2014-yilda talabalik baxtiga erishishlik nasib qilishini tilaymiz. Yangi yilda ko‘rishguncha …

Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments