YANGI YIL IBRATLARI

Happy-new-year-2014-awesome.jpg

“Vaqt – oqar daryo” deganlaricha bor ekan. Mana, 2013-yil o‘z o‘rnini yangisiga bo‘shatib bermoqda. Yaqindagina yurtdoshlarimizni Yangi yil bilan tabriklab qog‘oz qoralagandik. Bugun esa shu yilning so‘nggi soni orqali g‘oyibona ko‘rishib turibmiz. Mayli, yillar o‘taversin, fasllar almashaversin, muhimi, sog‘ bo‘laylik, tinch hayot kechiraveraylik. 

Chegaramiz osha olislarga boqar ekanmiz, hamma yoqda ham bayram kayfiyati hukmron. Jahon xalqlari unutilmas onlarni o‘z qadriyat-lariga xos tarzda o‘tkazish tadorigida. Bugun biz turli xalqlarning Yangi yilni kutib olish an’analariga  bir nazar tashlashni niyat qildik. Asl niyatimiz esa shunchaki nazar tashlash emas, balki ulardan nimalarnidir o‘rganish, hislarimizni Sizlar bilan bo‘lishish. Demak, boshladik.  

Sayohatni “Ko‘hna qit’a”dan boshlaymiz.

Italyanlarning ajoyib odatidan boxabarsiz. Ular 31-dekabr kechasida eskirgan mebel bo‘ladimi yo idish-tovoqmi – barini derazadan uloqtirishadi. 

Biroz tafakkur qilib ko‘rsak, Bizda ham “derazadan uloqtirilishi” kerak bo‘lgan ancha narsalar bor ekan. Tushkunlik, dangasalik, tartibsizlik… Keling, shu yili bir kecha italyan ham bo‘lib ko‘raylik, zora 2013-yilda umrimizni qisqartiradigan, hayotimizning yanada go‘zal bo‘lishiga raxna soladigan “virus”lar bizlardan yiroq ketsa. 

Chexlar Yangi yilda bir-birlariga sovg‘alar ulashishar ekan. Qizig‘i shundaki, agar yoqmagan sovg‘a bo‘lsa, uni do‘konga qaytarib berish (!) mumkin ekan. Zo‘r-a?

Biz ham bir yil mobaynida ongimiz va ruhimizni turli “sovg‘a”lar bilan boyitdik. Kimning topgani bilim bo‘ldi, do‘st bo‘ldi, muhabbat bo‘ldi; kimdir qalbiga dog‘, tiliga zahar ham orttirib oldi. Biz ham yil yakunida yoqmagan “sovg‘a”larimiz – “dog‘”lardan, “zahar”lardan voz kechsak,  yangi yilda bunday “in’om”larni qayta qabul qilmaslikka harakat qilsak, yaxshi emas, zo‘r bo‘lgan bo‘lardi. 

Nemislar Yangi yil arafasida bir-birlariga  o‘z qo‘llari bilan tayyorlangan buyumlar bilan siylashar ekan. Do‘konniki, baribir, do‘konniki-da! O‘z qo‘ling bilan tayyorlaganing, baribir, boshqacha-da! 

Bizlar ham do‘konni qo‘ya turib,  o‘zimizniki bo‘lgan narsalar bilan do‘stlarni xushnud etsak, yaxshiroq bo‘lardi, deb o‘yladik. Chin dildan aytilgan iliq so‘zlar, yaqinlar bilan diydor ko‘rishish zavqini do‘konlardan topib bo‘lmaydi. Ular do‘konni to‘ldirib turgan har qanday suvenirdan qimmatliroq va qadrliroq. 

Ruminlar bayram torti ichiga tangacha yashirishadi. Tanga kimga chiqsa, Yangi yilda unga baxt-omad hamroh bo‘ladi, deb ishonishadi ular.

Keling, Biz ham qalbimizga bir “tanga” (niyat) yashiraylik. Ajabmas, kelayotgan yilda u yuz ko‘rsatsa, ulkan maqsadlarimizdan biriga erishsak. 

Lotin Amerikasi davlatlaridan biri – Panamada ham ajoyib odat bor. Panamaliklar karnay-surnay, sirenalarni chalib, atrofni ularning tovushlari bilan to‘ldirishadi. Ular shu orqali yovuz kuchlarni haydashar ekan.

Biz ham qalb-lardagi yovuzliklarni hayday olamiz. Bunda bizga karnay-surnay shovqini shart emas. Ajdodlarimiz ezgu niyat, yaxshi amal va shirin so‘z bilan ham bu ishni qilib kelishgan, biz ham qila olamiz. Hamma gap, shuni amalga oshirishda.  

Xitoyliklar Yangi yil bayrami oqshomida qo‘llarida fonar bilan ko‘cha kezishadi. Ularning e’tiqodicha, shunday qilinsa, kishi kelayotgan yilda o‘z yo‘lini yoritgan bo‘lar ekan.  

Bizlar ham yaqinlashayotgan yilda ko‘ngil ko‘chalarimiz yorug‘ bo‘lishini istaymiz. Qalb mudom ziyo istaydi. Bizning fonarimiz – bu, albatta, bilim. Bilim chiroqlari bilan yoritilgan “ko‘chalar”ga zulmat yaqin kelmaydi.   

AQSHda kishilar turli tadbirlarni o‘tkazib olgach, kelayotgan yilga maktub yozishadi. Bu nomada orzu-istaklar bayon etiladi. 

Keling, Biz ham orzu-niyatlarimizni qog‘ozga tushiraylik. Iloyim, tinchligimiz abadiy bo‘lsin. 2014-yil – “Sog‘lom bola yili”da oilalarimizdan baxt, xursandchilik, fayz arimasin. Yurtimizga har jihatdan sog‘lom, barkamol avlodni yetishtirib berish yo‘lida vaqtini, kuchini ayamayotgan zamondoshlarimizga eng ezgu tilaklarimizni bildirib qolamiz. Chin dildan talaba bo‘lish niyatida bilim olayotgan abituriyentlar maqsadlariga yetishsin. Yangi yil  yaxshi yangiliklar yili bo‘lsin!

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments