VAQT

Barchamiz hayotning qisqaligi haqida gapiramiz-u, lekin umrimizni bekorchi narsalarga sarflashdan tiyilmaymiz.  

Seneka

Muvaffaqiyatga erishishda eng muhim omillardan biri VAQT hisoblanadi. Lekin, afsuski, ko‘pchiligimiz mana shu omilning borligini bila turib, undan unumli foydalanish usullarini bila turib, ularni amalga oshirmaymiz.

Faraz qiling: har kuni tongda sizning hisobingizga 86 400 so‘mlik pul qo‘yildi. Faqat kechagi pulingiz bugunga o‘tmaydi. Va har kuni qanchasini ishlatgan bo‘lsangiz ham, o‘sha kungi hisobingiz yopiladi. Bu holda nima qilgan bo‘lardingiz? Har holda, bor pulning so‘nggi tiyinigacha ishlatishga harakat qilgan bo‘lardingiz, to‘g‘rimi? 

Hammamizning shunga o‘xshash boyligimiz bor: Vaqt. Har tongda hisobimizga 86 400 soniya qo‘yiladi. Tunda hisobimiz yopiladi. Har kunimiz shu shaklda aylanib o‘tib boradi. Kechagi kun bugunning hisobiga bir soniya ham qo‘shib bermaydi. 

Bugunni bugungi hisobimiz bilan o‘tkazishimiz lozim. Uni yaxshi ishlarga sarflaylikki, kelajakda o‘zimizga muvaffaqiyat va baxt bo‘lib qaytib kelsin.

vaqt.jpg

BIR YILning qadrini kirish imtihonlaridan o‘ta olmagan abituriyentdan so‘rang.

BIR HAFTAning qadrini haftalik jurnal muharriridan so‘rang.

BIR DAQIQAning qadrini samolyotga kechikkan yo‘lovchidan so‘rang.

BIR SONIYAning qadrini to‘qnashuv oldini ololmagan haydovchidan so‘rang.

BIR MILLISONIYAning qadrini yugurish bo‘yicha musobaqada kumush medal olgan sportchidan so‘rang. 

Unutmang, vaqt hech kimni kutib turmaydi.  

Kecha o‘tmishga aylandi, ertaga nima bo‘lishi mavhum. Bugun esa hovuchlaringiz ichidagi vaqt sizga armug‘on. 

Ertamizni qurish yo‘lida hozirgi yashayotgan vaqtimizni foydali ishlarga sarflash juda muhim hisoblanadi. 

Siz hech o‘tirib bugun kun bo‘yi nimalar bilan shug‘ullanganingizni, qaysi ishga qancha vaqt ajratganingizni hisoblaganmisiz? Hisoblashga urinib ko‘ring. Buning foydasi katta. Hisoblab chiqqach, siz kichik vaqtlardan qanchasini keraksiz ishlarga sarflab yuborganingizni ko‘ra olasiz. Bu hisob-kitob, aslida, qancha vaqtingizni foydali ishlarga sarflaganingizni ham ko‘rsatadi. Vaqtni samarali ishlatish muvaffaqiyatning kalitlaridan biridir.

· Vaqtingizni qanday bekorchi narsalarga sarflaganingizni o‘ylab ko‘ring va ularning ro‘yxatini tuzing.

· Keyin vaqtni bekorchi narsalarga sarflashning  qanchaga tushishini hisoblab ko‘ring.

· Ro‘yxatdan eng oson voz kechishingiz mumkin bo‘lgan uch narsani tanlang va ulardan shu zahoti voz keching. 

· Bu ishni tez-tez takrorlab turing.

G‘arbda vaqtdan samarali foydalanishga oid kurslarning birida o‘qituvchi har biri turli kasbni egallagan o‘quvchilariga amaliy dars berishga qaror qiladi. U sinfxonaga guldon qo‘yib, unga yirik toshlarni soladi va “Bu idish to‘ldimi?” – deb so‘raydi. O‘quvchilar: “Ha, to‘ldi”, - deb javob berishgach, tortmasidan mayda shag‘al toshlarini olib, idishga soladi. Idishni silkitib, mayda toshlarni yirik toshlar orasiga joylashtiradi va yana: “Idish to‘ldimi?”–deb so‘raydi. O‘quvchilar bu safar ham: “Ha”, - deb javob berishadi. O‘qituvchi idishning ichiga endi qum soladi. Qum toshning oralarini to‘ldirib bo‘lgach, sinfga qarab: “Endi-chi?”–deb so‘raydi. O‘quvchilar yana: “Ha, to‘ldi”, – deyishadi. O‘qituvchi bu gal idishga suv quyadi. Shu bilan idish to‘ladi. O‘qituvchi: “Bu ko‘rgan voqeangizdan qanday xulosa chiqardingiz?” –deb so‘raydi. O‘quvchilardan biri: “Ish rejangiz qanchalik to‘la bo‘lsa ham, yangi ishlar uchun vaqt topish mumkin”,–deb javob berdi. Bu e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydigan xulosa bo‘lsa-da, o‘qituvchining bermoqchi bo‘lgan asl ibrati boshqa edi. Agar katta tosh bo‘laklarini eng avval guldonga solib qo‘ymasangiz, keyin aslo ularni joylashtira olmaysiz. 

Hayotimizdagi katta tosh parchalari qaysilar? Biz ularni hamma narsadan oldin bajaryapmizmi? Yoki guldonni suv va qum bilan to‘ldirib, katta toshlar tashqarida qolib ketyaptimi?

Xulosa chiqarish va amal qilishni o‘zingizga qoldirdik. 

 Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments