TELEFONIM-HAYOTIM

slave-to-your-cell-phone-mobile-phone-addiction-cell-phone-slavess-technology-slaves.jpg

Kundalik hayotda texnologiya juda ham rivojlanib ketdi. Dunyo kichrayib, ancha olisdagi yaqinimiz bilan bemalol gaplashish, xabarlashish, hattoki, yuz ko‘rishish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Masofa endi muammo bo‘lmay qoldi. 

Albatta, texnologiyaning bunday rivojlanishi insoniyatning og‘irini anchagina yengil qilib beradi. Qaysidir ishni bitkazish uchun qanchadir masofani ikki marta bosib o‘tmasdan, telefon orqali hal qilinadigan bo‘lib qoldi. Muhimi, informatsiyani istalgan joyga bir daqiqa ichida yetkaza olish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Albatta, bu ishlar telefondan to‘g‘ri foydalanganda qo‘l keladi. Afsuski, ishi faqatgina o‘qishdan iborat bo‘lgan abituriyentlar uchun telefon deganlari foydadan ko‘ra ko‘proq zararning koni bo‘lib qolmoqda. 

So‘nggi model telefonlarga ega bo‘lgan abituriyentlar bu telefonning barcha imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga urinadilar. Ularning internetdan foydalanish, odnoklassniki, whats App, instagram va h.k. kabi imkoniyatlari aynan bizning abituriyentlar uchun chiqarilgandek. Go‘yoki, shu imkoniyatlardan foydalanmasa, telefonini falon pulga sotib olgani isrof bo‘ladigandek.

Balki, bu mavzuda oldin ham suhbatlashgandirmiz. Lekin ba’zi abituriyentlarga eslatib turish foydadan xoli bo’lmaydi. 

Telefonlarni ishlatishda ularning qulayligidan unumli foydalana bilgan odam o‘zi uchun juda ham kerakli imkoniyatlar yaratib olishi, umrining ko‘p vaqtini unumli o‘tkazishga erisha olishi mumkin. 

Eynshteyn atom parchalanishini kashf qilgan. Bu ish energiya ta’minotida juda ham qo‘l keladigan, insoniyat hayoti uchun ham juda foydali kashfiyot edi. Lekin shu atom parchalanishi atom bombasining kashfiyoti uchun ham asos bo‘ldi.  

telefon-koles-zdziwiony-okulary-facet-think-490.jpg

Demak, bir narsadan butun insoniyatning rivoji uchun ham, uni butunlay yo‘q qilib yuborish maqsadida ham foydalanish mumkin ekan. Ayrim odamlarning telefondan boshini ko‘tara olmayotganlarini ko‘rgach, yoshligimizda adabiyot kitobimizda o‘qigan Chingiz Aytmatovning manqurtlar (zombi) haqidagi asari yodga tushadi. Asarda odamlarning boshiga tuya terisini yopib, oftobda qizdirishgan. Natijada odamning sochi tashqariga emas, ichkariga o‘sgan va tirik qolgan odamlar zombiga aylangan. Farq shundaki, hozirda odamlarni zombiga aylantirish uchun asarda tasvirlanganchalik vaxshiylikka hojat qolmagan. Qo‘liga telefon berib qo‘y - yetarli. Telefonda buyurilgan hamma buyruqlarni ular to‘la-to‘kis bajarishadi. Umrlarini o‘sha telefonga termulib o‘tkazib yuborishadi. Kamiga, o‘sha telefonda virtual erishgan natijalari bilan ko‘krak kerib maqtanib yurishadi. Xuddi juda ham muhim vazifani uddalaganday.

Lekin ozgina o‘ylab ko‘raylik, o‘sha ishlar bolaning kelajak hayoti uchun qanchalik qo‘l kelarkin? Yurtiga, millatiga foydali bo‘lishni orzu qilgan abituriyent uchun hayot zinapoyalarida qanday ko‘mak vazifasini bajarar ekan?

Telefonning abituriyent uchun deyarli hech qanday foydali tarafi yo‘q. Faqat ota-onasi yoki yaqinlari bilan suhbatlashish uchun kerak, xolos. Sezib turibmiz: bu gaplarga qarshi Sizda ham qandaydir fikr bor.

Adabiyot, tarix kabi fanlarni yozib olib o‘qib yuraman deb o‘zingizni ovutmang. Chunki kitobdan yoki qog‘ozdan o‘qish telefondan o‘qishdan ancha qulay va ko‘zni charchatmaydi. Telefonda biroz o‘qigandan so‘ng ko‘zingiz charchaydi va qo‘lingiz beixtiyor aslida siz uchun zararli bo‘lgan mashg‘ulotlar tomonga yurib ketadi. Shu sababli ushbu ma’lumotlarni kitob topib yoki chop etib olib o‘qish siz aytgan telefonning foydali tarafini inkor qiladi.

Albatta, biz telefonni butunlay tashlab yuboring demoqchi emasmiz. Zamon bilan hamnafas yurish lozim. Lekin zamonni bahona qilib, telefonga qul bo‘lib olish…

Biz, atrofga qarab, ko‘zimiz ko‘rgan vaziyatlarga qo‘ldan kelganicha baho beramiz. Hech kimning hayot tarzini o‘zgartirib yuborishga kuchimiz yetmaydi. Lekin, o‘z tajribamizdan kelib chiqib, sizlarga o‘z fikrimizni bildirib qo‘yishni vazifamiz deb bilamiz. Xulosa qilish o‘zingizdan.

 Azimjon MAHMUDOV

 

 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments