ONA TILI (Bu fanni o‘lzlashtirishda abituriyent nimalarga e’tibor berishi lozim?)

1. Avvalo, bu fanni yaxshi o‘zlashtira olishiga, kirish imtihonida kamida 30 tadan oshirishiga ISHONISHi kerak. “Men baribir 20 tadan ham oshira olmayman”, “Bu fan menga qiyinlik qiladi”, “Qo‘limdan kelmasa keragov” degan o‘ylar bilan yurgan abituriyent birinchi galda ulardan qutulish chorasini ko‘rishi lozim. Shunday o‘ydagi abituriyent dast o‘rnidan tursin-da, o‘zining ixlosi baland o‘qituvchisiga dardini aytsin. O‘qituvchilar nafaqat bilim, balki ruhiy dalda ham bera olishadi.

2. Barcha fanlarni o‘rganishda ham lozim bo‘ladigan harakat, qunt, muttasillik, takrorlab yurish, muayyan tartibga amal qilish kabi ishlar bu fanni o‘zlashtirishda ham muhim sanaladi.

3. “Ona tili” va “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” kurslari bilan to‘liq tanishib chiqqan abituriyent testlarni yechish orqali o‘zining qaysi mavzularda ko‘proq xato qilayotganini bilib oladi. Endi asosiy masala o‘sha kamchiliklarni bartaraf etish bo‘lib qolyapti. Biz tajribadan kelib chiqqan holda quyida abituriyentlar tomonidan yo‘l qo‘yiladigan ayrim xatoliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida to‘xtalib o‘tamiz. 

a) savolni to‘liq tushunmaslik

Bu quyidagilarda ko‘rinadi:

1. Savolni noto‘g‘ri tushunish

1-TEST : Qaysi gaplarda paronimlarni qo‘llash bilan bog‘liq xatolik uchramaydi?

1. Ovqat quyulib qolibdi.

2. Oynaga darz ketibdi.

3. Unga servis sovg‘a qilishibdi.

A) faqat 3                    B) 1, 3

C) 1, 2, 3                   D) 1, 2

Paronim so‘zlarni yaxshi farqlaydigan abituriyent ushbu testda xatolikka yo‘l qo‘yibdimi, demak, u savolni noto‘g‘ri tushungan. Berilgan gaplarning faqat          3-sidagina yanglish so‘z qo‘llangan, shu bois eng avval A variant safdan chiqarib tashlanishi kerak. Chunki savolda xatolik uchraMAydigan gaplarni topish so‘ralgan.   

2-TEST: O‘zbek tilida til undoshlarining nechtasi jarangsiz juftiga ega?

A) 6 ta                        B) 8 ta

C) 3 ta                        D) 9 ta

“Albatta, 8 ta” degan xayol bilan B variantni belgilab qo‘ygan o‘quvchi o‘z shoshma-shosharligi va e’tiborsizligining qurboni bo‘ladi. U mana shu illatlar oqibatida savolni noto‘g‘ri tushunadi va xato javobni belgilab qo‘yadi. Testda nimani topish kerak? Jarangsiz juftiga ega har qanday undoshning EMAS, aynan TIL undoshlarining soni so‘ralyapti. Demak, 8 ta jarangli ichidan LAB undoshi bo‘lgan V hamda B tovushlarini olib tashlash kerak. Ana shunda to‘g‘ri javob A ekani ma’lum bo‘ladi. 

b) savoldagi ayrim elementlarni ko‘zdan qochirish

3-TEST: Yasalishga asos qismida otdan sifat yasovchi qo‘shimcha qo‘llangan fe’l qaysi qatorda berilgan?

A) eskirmoq    B) ishonchsizlik

C) o‘tkirlandi    D) asabiylashmoq

 Bu o‘rinda o‘quvchi bir emas, naq to‘rt talab haqida gap borayotganini unutmasligi kerak. Faqat sifat yasovchi qo‘shimchaning ketidan quvib ishonchsizlik yoki o‘tkirlanmoq so‘zlarini belgilab qo‘yish xato sanaladi. Chunki bizdan fe’l so‘ralyapti, demak, B safdan chiqadi. Otdan sifat yasovchi qo‘shimcha so‘ralyapti, demak, A va C ham olib tashlanadi. Ko‘rinib turibdiki, to‘g‘ri javobning D ekani osongina ma’lum bo‘ldi-qoldi.

II. Shoshma-shosharlik

Yuqoridagi 2-testning havoga sovurilishida ham ushbu qusurning “hissasi” borligi ta’kidlandi. Endi quyidagi testga e’tibor qaratamiz:

4-TEST: Xayollarga ko‘milib, ishga borishni ham unutdi.

Ma’no ko‘chishi turini aniqlang.

A) metafora               B) metonimiya

C) sinekdoxa             D) metafora va metonimiya

Ko‘milish so‘zida metaforik ko‘chish borligini sezish qiyin emas. Biroq savolning osonligidan havolanib shoshqaloqlik bilan A variantini belgilab qo‘yish xatolikka olib keladi. Bu testda-ku, A variant to‘g‘ri emas, lekin u to‘g‘ri javob bo‘lganida ham B, C, D variantlari ko‘rilmay qolmasligi kerak. 

Berilgan testda abituriyent D javobga e’tibor qilsa, unda ham metafora, ham metonimiya variantlari keltirilgan. Bu narsa o‘quvchida “Balki, metonimik ko‘chish ham bordir” degan o‘rinli gumonni paydo qiladi. Ana shu fikr sababli u gapni qayta ko‘rib chiqadi va ishga so‘zida ko‘chishning metonimiya turi ro‘y berganiga diqqatni qaratadi.

Maslahatimiz: hech qachon shoshqaloqlik qilmang. Har bir javob varianti ko‘rib chiqilishi shart.      

4. Yod olinishi kerak bo‘lgan nuqtalarni e’tibordan chetda qoldirish

5-TEST: Noto‘g‘ri mulohazani aniqlang.

A) Qul Alining “Qissayi Yusuf” dostoni g‘arbiy til an’anasida yozilgan. B) Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” asari sharqiy til an’anasida yozilgan.

C) “O‘g‘uznoma” eski o‘zbek tilida yaratilgan dastlabki manbalardan biridir. 

D) Qur’onning so‘zma-so‘z tarjimasi, izoh va sharhi hisoblangan “Tafsir” XII asrda yaratilgan.

Gapning lo‘ndasi shuki, darslikdagi ma’lumotlarni yod olmagan bo‘lsangiz, berilgan testni omadli taxmin yo‘li bilangina to‘g‘ri ishlashingiz mumkin. Ushbu testning javobini o‘zingiz topa qoling.

5. So‘nggi maslahatimiz quyidagicha: ko‘p test ishlash kerak, aziz abituriyentlar. Qancha test xohlasangiz, sotuvdan topish mumkin; agar yangi test xohlasangiz, marhamat, “Abituriyent” gazetasi xizmatingizda. Imkoniyatlarning hammasi muhayyo, gap faqat ishlashda, ulardan oqilona foydalanishda qoldi.

Barcha abituriyentlarimizga ona tilini o‘rganishda kuch-quvvat, sabr-toqat va g‘ayrat-shijoat tilab qolamiz.

Mansur SIDDIQOV

Ona tili va adabiyot o‘qituvchisi

 

0 ta izoh

There are no comments