OLIY MALAKALI HAMSHIRA

Inson sog‘lig‘i barcha narsadan muhim. Sizga ma’lumki, davomiyligi eng uzoq bo‘lgan ta’limni sog‘liq sohasining vakillari olishadi. Buning sababi oddiy: ular inson hayoti uchun javobgar shaxslar bo‘ladi. 

Sog‘lig‘imiz uchun javobgar ana shu shaxslarning asosiy yordamchilari hamshiralar hisoblanib, insonlarga doktorlar tomonidan yozib berilgan davolanish jarayonini amalga oshirishadi.

images.jpg

Hamshira bosh vrachning asosiy yordamchisi hisoblanadi. Vrachning tavsiyasiga binoan retseptlarni, ma’lumotlarni, yo‘llanmalarni yozib beradi. Kasalxonalarda xonalarning tartibiga qaraydi, bemorlarning joylashish kun tartibini belgilaydi, dorilarini vaqtida berib turadi. Hamshiraning aniq vazifalariga ukol qilish, emlashlar, arterial bosimlarni o‘lchash kabi ishlar kiradi. Hamshira, doktordan farqli ravishda, o‘zi mustaqil davolash jarayonini belgilay olmaydi va retsept yozmaydi.

Hamshira hududiy terapevtlar bilan birga ishlashi, statsionarlardagi bemorlarga qarab turishi va amaliyotlarda (operatsiya) xirurgga yordamchilik vazifalarini bajarishi mumkin.

Oliy ma’lumotli hamshiraning vazifalariga quyidagilar kiradi:

1) davolash-profilaktika sohasida: aholi sog‘ligiga ta’sir etuvchi xavfli omillarni topish va oldini olish, sog‘lomlashtirish, aholi o‘rtasida sanitar-gigiyenik, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish, aholini davolash, bemorlarni parvarishlash va kuzatish, malakali hamshiralik yordamini tashkil etish, yoritish va nazorat qilish, moddiy, mehnat va informatsion resurslardan ratsional foydalanishning nazorat qilinishini ta’minlash, hamshiralik xizmatini to‘g‘ri tashkillashtirish, ijtimoiy - iqtisodiy rivojlanish salmog‘iga qarab boshqaruvni rivojlantirish, davolash profilaktik muassasalari faoliyatini va aholi salomatligining asosiy ko‘rsatkichlarini qayd etish, rejalash, ro‘yxatga olish, hisobot tayyorlash va tahlil etish, marketing xizmatlarini ko‘rsatish va boshqarishni, kasbiy faollikni, jismoniy tetiklikni va ruhiyatni qayta tiklash; 

2) pedagogik sohada: hamshiralik ishi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini pedagogik va psixologik omillar bilan boyitish; 

3) metodologik – konsultatsiya sohasida: hamshiralik ishi bo‘yicha metodik seminarlar o‘tkazish, metodik tavsiyalar ishlab chiqish; 

4) tibbiy-ijtimoiy sohada: aholining alohida ijtimoiy-gigiyenik, tibbiy-demografik, ijtimoiy-ruhiy qayd etilgan guruhlarida xavfli omillarga qarshi ijtimoiy ta’minot organlari va homiylar bilan hamkorlikda ishlash; 

5) loyiha-tahliliy sohada: hamshiralik ishining strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqish va tatbiq qilish; 

6) ilmiy – tadqiqot sohasida: hamshiralik ishini tashkil etish va boshqarishning ilg‘or shakllari va usullarini ishlab chiqish, tekshirish va tatbiq etish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishda faol qatnashish.

Yuqoridagi kabi kasbiy faoliyat turlarini bajarishda barcha talablarga javob bera oladigan mutaxassislarni yetishtirish Oliy ma’lumotli hamshiralar tayyorlashning Davlat ta’lim standartlarida belgilab qo‘yilgan. 

Florens Naytingeyl hamshiralik haqida shunday deydi: “Hamshiralik ishi – bu «tashkilotchilik, amaliy va ilmiy tayyorgarlikni talab qiluvchi san’atdir”. 

Yangi avlod hamshirasi – bugungi kunda yuqori malakali va oliy ma’lumotli hamshira bo‘lib, qayddan o‘tgan, ekspert bilimlariga ega, klinik kompetent va murakkab ahamiyatli qarorlar qabul qila olishga qodir, raqobatbardosh umumkasbiy bilimga ega, yangi bilimlarni o‘zlashtira olishi, o‘zini har tomonlama takomillashtira olishi, mehnatini ilmiy asosda tashkil qila bilishi, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismonan baquvvat, sport bilan muntazam shug‘ullanib borish zarurati haqida ilmiy tasavvurga ega hamda fan va texnika asrida sog‘liqni saqlash tizimida yangi texnologiyalar bilan ishlash, chet tillarini bilish darajasi zamonaviy standartlarga mos bo‘lishi kerak bo‘lgan hamshiradir.

Hamshira quyidagi joylarda ishlashi mumkin:

  • hududiy poliknikalar;
  • gospitallar, kasalxonalar;
  • qutqaruv xizmatlari, FVV;
  • ta’lim maskanlari;
  • bolalar va qariyalar uylari

Oliy malakali hamshira yuqoridagilarni bilish bilan birga odamlarni, aniqrog‘i, hamshiralarni boshqarishni ham uddalay olishi lozim. Chunki bosh hamshira, odatda, oliy malakali hamshiralar orasidan tanlab olinadi. 

Mazkur yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun abituriyentlar tibbiyot kolleji diplomiga ega bo‘lishlari, biologiya (3,1) hamda ona tili va adabiyot (1,1) fanlaridan test topshirishlari, hamshiralik ishi bo‘yicha ijodiy ish sinovidan o‘tishlari lozim. Bu yo‘nalish  bakalavriatida ta’lim 3 yil davom etadi.

Lobar BOLTAYEVA tayyorladi.

 

 

0 ta izoh

There are no comments