JAMOAVIY RUH

Teamwork-Powerpoint-Templates_1.jpg

Zamonaviy futboldagi eng kuchli o‘yinchilar qaysi jamoalardan chiqishiga hech e’tibor berganmisiz? “Barselona”, “Real”, “Bavariya”, “Manchester Yunayted” …. E’tibor bering, kuchli o‘yinchilar kuchli jamoalar ichidan chiqmoqda. Garchi o‘yinchi individual ravishda qanchalik kuchli bo‘lmasin, uni qo‘llab-quvvatlovchi jamoadoshlari bo‘lmas ekan, uning barcha harakatlari befoyda ketadi. Misol tariqasida Manchester Yunaytedning Rayan Giggs ismli futbolchisini keltirishimiz mumkin. O‘z jamoasida qanchalik muvaffaqiyatga erishgan bo‘lmasin, terma jamoasi bilan bunday muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritmagan. Sababi: terma jamoada uni qo‘llab-quvvatlaydigan sheriklari yo‘q... 

Ushbu mavzuda juda uzoq gapirish mumkin, lekin biz bugun ana shunday jamoaviy ruhning abituriyentlar hayotidagi o‘rni haqida fikr bildiramiz.  

bir_team.jpg

Birgalikda uzoqroqqa boramiz! Yolg‘iz emas, sherik bilan ishlash anchagina samarali bo‘ladi. Chunki bir o‘zingiz qisqa vaqt ichida zerikasiz. Uzoq vaqt qaysidir fan bilan shug‘ullanib o‘tira olmaysiz. Yo‘lga chiqqaningizda, o‘zingizga o‘xshab fikrlaydigan odamlar bilan birga bo‘lish juda uzoq masofalarni ham bir qadamlik yo‘lga aylantirib qo‘yadi. Qancha kilometrlarni ortda qoldirib qo‘yganingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz.

Abituriyentlik yo‘lida o‘zingizga o‘xshab fikrlaydigan va bir xil yo‘nalishda tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentlar bilan birgalikda yurar ekansiz, nafaqat bilimingizni mustahkamlaysiz, balki qiziqarli va xotiralarga boy bir yilga ham ega bo‘lasiz.

Yordamlashish. Albatta, test sinoviga tayyorgarlik ko‘rar ekansiz, o‘zingiz yecha olmaydigan test savollariga ham duch kelasiz. Bunday paytda sizga yordamlasha oladigan hamrohning bo‘lishi siz uchun foydali. Qolaversa, sizga qaysidir ma’lumotni o‘rgatayotgan do‘stingiz ham bahonada bilimini ancha mustahkamlab oladi. 

Yolg‘izlikda qaysidir savolingiz chiqmasligidan siqilib, soatlarni behuda sarflayotgan bo‘lsangiz, do‘stlar bilan bu ishni daqiqalarda hal qilib yuborasiz. Lekin savol so‘rashda haddan oshishingiz oxir-oqibatda do‘stlaringizning sizdan bezor bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun me’yorni saqlab o‘zingiz ham ishlashdan voz kechmang.

Raqobatlashish. Yuksaklikka intilish insonning tabiatiga xos. U qaysidir sohada ko‘pchilikdan yuqoriroqda bo‘lishga intiladi. Yoki boshqalarning undan o‘zib ketayotganini his qilsa, ularga yetib olishga urinadi. Albatta, sog‘lom raqobat tomonlarning o‘sishiga sabab bo‘ladi. Yordamlashish va raqobat bir-biriga zid ishlar emas. Har qanday holda ham o‘rgatayotgan odam o‘rganayotgan odamdan nimanidir yaxshiroq bilishini his qilishi bu raqobatga ko‘maklashib yuboradi. 

Albatta, kuchsizlikni his qildirib qo‘ymaslik uchun biladigan odamdan so‘ramaslik, shunchaki, qaysarlik belgisi xolos. 

Unutmang, birgalikda tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentlar bir-birining dushmani emas. Ularning qaysidir OTM dagi aynan bir yo‘nalishga topshirish ehtimoli judayam kam. Mabodo, shunday bo‘lganda ham, ular bir-biriga ko‘maklashib, o‘sha yo‘nalishga ajratilgan kvotalardan ikkitasini band qilishi mumkin. 

Shunday qilib, birgalikda shug‘ullanishning foydali jihatlarini sanab o‘tdik. Lekin buning bir “minus” tarafi bor. Bu yaxshi sherik tanlay olmaganda namoyon bo‘ladi. Ya’ni sherigingiz sizni dars qilishdan ko‘ra ko‘proq o‘yin-kulgiga chorlaydigan bo‘lsa, odamga mehnat qilishdan ko‘ra dam olish ko‘proq yoqqani bois, o‘sha do‘stingiz sizga bir kun o‘z ta’sirini o‘tkazadi va siz dars tayyorlamay qo‘yasiz. 

Barchangizga abituriyentlik yo‘lida yaxshi yo‘ldosh tilagan holda suhbatimizni yakunlaymiz.

Azimjon MAHMUDOV

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments