ENGLISH

Assalomu alaykum.

Xabaringiz bor, 2012-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori e’lon qilindi. Bu Qaror xalqimizning chet tillarini, ayniqsa, ingliz tilini o‘rganishi yo‘lida tashlangan dadil qadam bo‘ldi. Aslida, davlat miqyosida amalga oshirilayotgan bu harakatlarning zamirida nima yotadi?

Hech kimga sir emaski, jahon tillari orasida ingliz tilining nufuzi va qamrovi yildan yilga oshib bormoqda. Shu tildagi telekanallar, teleloyihalar, filmlar va turli nashrlar, axborot resurslari va internet ma’lumotlari boshqa tillardagidan ko‘ra ko‘proq va bu ko‘rsatkich yanada o‘sib borayotgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Biz bugun axborot asrida yashayotgan ekanmiz, zamon bilan hamnafas bo‘lishimiz, xalqaro minbarlarda ham o‘zimizni ko‘rsata olishimiz, o‘z so‘zimizni erkin ifoda eta bilishimiz uchun ingliz tilini bilishni davrning o‘zi talab qilib qo‘ymoqda.

Xo‘sh, ingliz tilini bilgan va bilmagan zamondoshimiz o‘rtasida qanday farq bor? Birining boshqasidan qanday ustunligi seziladi? Buni bir nechta punktda ko‘rib chiqishimiz mumkin.

1. Internet tarmog‘i bugun ma’lumotlar ko‘lamining kattaligi, ular bilan tanishishning, ulardan foydalanishning qulayligi bilan boshqa vositalardan qator afzalliklarga ega. Ma’lumotlarning katta qismi ingliz tilida ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu tilni biluvchi kishi oldida ulkan imkoniyatlar eshigi ochiq ekani ma’lum bo‘ladi.

2. Tasavvur qiling: siz ishga joylanmoqchisiz. Bir bo‘sh o‘ringa 10 kishi nomzodlik qilmoqda. Ulardan biri (balki, bu sizdir) ingliz tilini biladi. Nima deb o‘ylaysiz, ish beruvchi kimni tanlar ekan?

3. Jahon adabiyoti bizni hamisha lol qoldirib kelgan. Tarjimonlarimizning xizmatlari samarasi o‘laroq biz ana shu durdonalardan bahramand bo‘lib kelmoqdamiz. Biroq asl matnni o‘qib oladigan zavqni, taassurotni hech bir tarjima bera olmaydi. Shu zavqni tuyib ko‘rish uchun, hech bo‘lmasa, biz aytgan fikrning to‘g‘ri ekanini his qilib ko‘rish uchun ham ingliz tilini o‘rganish lozim.

4. Vaqti kelar, ish yuzasidan yoki sayohat maqsadida, balki fan yoki sport musobaqalarida ishtirok etish uchun xorijga borishga to‘g‘ri keladi. Mehmonxonaga joylashasiz, do‘konlarga xarid uchun kirasiz, bilmagan narsangiz yoki joyingiz haqida ko‘cha-ko‘ydagilardan so‘rashga to‘g‘ri kelib qoladi… Xullas, har qadamda ingliz tilini bilganingizdan xursand bo‘lib yurasiz yoki aksincha.

5. Ingliz tilini bilish qo‘shimcha daromad manbayi bo‘lib ham xizmat qilishi mumkin. Daraja va malakangizga qarab sayohatchilarga gidlik qilishingiz, boshqalarga ingliz tilidan, ayniqsa, IELTS va TOEFL kurslaridan saboq berishingiz, xorijliklar va yurtdoshlarimiz o‘rtasida tarjimonlik qilishingiz, OAV bilan shartnoma tuzib, badiiy va hujjatli filmlarni, turli matnlarni tarjima qilib berishingiz mumkin. Sanagan-larimizdan birortasini doimiy daromad manbayingizga aylantirgan taqdiringizda ham maoshingizdan nolimaysiz.

6. Bugun gidsiz yoki tarjimonsiz degani butun umr shu ish bilan mashg‘ul bo‘lasiz degani emas. Hayot siz uchun qanday “sovg‘a” lar tayyorlab qo‘yganini hali bilmaysiz-ku, to‘g‘rimi?! Joze Mourinyoni bugun butun dunyo eng zo‘r murabbiylardan biri sifatida taniydi. Aslida, oddiy tarjimon bo‘lgan bu kishining futbol murabbiysi sifatida og‘izga tushishi uning uchun hayotning ajoyib “sovg‘a”si bo‘lgani ayni haqiqat.

7. Bugun yurtimiz bizlardan ham ma’nan, ham jismonan barkamol, shu bilan bir qatorda, chet tillarida erkin so‘zlasha oladigan kadrlar yetishib chiqishiga umid bog‘lagan. Buyuk kelajakni bunyod etishga qodir, Vatan xizmatiga doim “labbay” deguvchi bunday yoshlar yurtning tayanchi, iftixori sanaladi. Ana shunday yuksak nomga loyiq bo‘lish uchun ham chet tilini bilish lozim. 

Bu punktlarni yana davom ettirish mumkin, biroq yana bir holatga alohida to‘xtalmay o‘tolmaymiz. Vaqt-soati kelib oilali bo‘lamiz, nasib qilgan bo‘lsa, bir nechta farzandning ota-onasiga aylanamiz. Yillar o‘tib ular maktabga borishadi. Ingliz tilidan bugun o‘rgangan ma’lumotlarini siz bilan o‘rtoqlashgisi keladi. Shunday pallada ularning oldida ojiz holda o‘tirsak, “Bor, boshimni og‘ritma” desak, XXI asr kishisiga, axborot asri o‘zbek ota-onasiga yarashmasa kerak. Xulosa o‘zingizdan.

TAHRIRIYAT.

 

 

0 ta izoh

There are no comments