DERAZA

Katta kasalxonalarning birida ikki og‘ir bemor xonadosh edilar. Xona ixchamgina bo‘lib, uni tashqari bilan birgina deraza bog‘lab turar edi. Odamlardan biri davolash jarayonining bir bo‘lagi sifatida tushlikdan so‘ng yotog‘idan turishi, xonada aylanishi lozim edi. Shu sababli uning krovati deraza yonida joylashgan edi. Ikkinchisi esa kun bo‘yi joyiga mixlanib yotar edi. 

Birinchi odam har kuni tushlikdan so‘ng o‘rnidan turar va deraza yoniga kelib, ikkinchi sherigiga tashqarida nimalarni ko‘rayotganini aytib berar edi:

“Derazamiz yaqinida bir bog‘, uning o‘rtasida ko‘l bor. Ko‘lda o‘rdaklar, g‘ozlar suzib yuribdi. Bolalar ularga non ushoqlarini otishmoqda. Ko‘lda paroxodlar suzib yuribdi. Sevishganlar sohil bo’ylab sayr qilishmoqda. Chetroqda bolalar koptok o‘ynashmoqda. Daraxtlar orasidan shaharning ko‘m-ko‘k osmoni ko‘rinib turibdi ”.

Ikkinchi odam bu gaplarni ishtiyoq bilan tinglab o‘tirar edi. U bolani qanday ko‘lga yiqilib tushganini, yoshgina qizaloq chiroyli, jimjimador ko‘ylakda yurganini tasavvur qilar edi. Go’yo xayolida xonadoshi ham o’shalar orasida yuribdi-yu, o’zi esa xonada yolg’iz umr o’tkazyapti.

Kunlardan bir kun bu xayollar hasadga aylandi: nega sherigi ko‘rgan narsalarni bu odam ko‘rmasligi kerak?! Nega unga bunday imkoniyat berilmagan? Bu fikridan o‘zi ham uyalib ketgan bo‘lsa-da, biroq o‘ylashdan to‘xtay olmadi. Lekin bir kasal odamning qo‘lidan nima ham kelardi. 

Bir kuni kechasi deraza yonidagi odam qattiq yo‘talib, qo‘li yordamida hamshirani chaqirishni ishora qilar edi. Lekin ikkinchi odam uni jimgina kuzatishda davom etdi. Birinchi odam nafas olishdan to‘xtasa ham, ikkinchi odam harakatlanmas edi. Tongda xonaga do’xtirlar kirganida odam jonsiz yotar edi…

Shundan so‘ng tirik qolgan bemor krovatini deraza oldiga ko‘chirishlarini so‘radi. Uning iltimosini bajarishdi. Bir daqiqa o’tar-o’tmas bilaklaridagi bor kuchini to‘plab derazadan tashqariga qaradi. U yerda qup-quruq eski devordan boshqa narsa yo‘q edi…

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments