BALKI, KEYINROQ QILARMAN !?

Ko‘pchilik abituriyentlar muvaffaqiyatga erishish yo‘llarini juda ham yaxshi bilishadi. Qaysi yo‘llardan yurib, qanday manzilga yetib borishdan ham xabardorlar. Lekin asosiy masala bularni bilishda emas, shu ishni amalga oshirishda. 

Sichqonlar mushukning o‘zlariga qiladigan hujumidan juda ham zerikkan. Har kuni qo‘rquvda yashash jonlariga tekkan edi. Ular yig‘ilib, bundan qutulish chorasini qidirishar edi. Shunda ichlaridan biri: “Men yo‘lini topdim”, - deya baqirdi. “Mushukning bo‘yniga qo‘ng‘iroq ilib qo‘yamiz, bizga yaqinlashganda uning ovozini eshitib, hammamiz yashirinib olamiz”.

Taklif barchaga ma’qul tushdi. Hamma xursandchilikdan o‘zini qo‘yarga joy topa olmay qoldi. Lekin muhim bir masala bor edi: mushukning bo‘yniga qo‘ng‘iroqni kim iladi?

Muammolarga yechimlar, choralar doimo topiladi. Lekin asosiy muammo topilgan chorani amalga oshirish. 

homework copy.jpg

Demak, siz uy ishlarini o‘z vaqtida bajarish kerakligini bilasiz, mavzuga doir qo‘shimcha testlar yechilishi lozimligidan xabardorsiz. Endi bo‘lsa, quyidagi oddiygina ishlarni amalga oshiring:

1. Bajarishingiz kerak bo‘lgan ishlaringizni ,albatta, uddalang.

2. Ularni qilish  kerak bo‘lgan paytda, bajarilishi kerak bo‘lgan usulda ado eting.

3. Bu yumushlarni xohlasangiz ham, xohlamasangiz ham bajaring.

Bilamiz: bu nazariyadan amaliyotga o‘tish juda qiyin bo‘ladi. Chunki dars tayyorlash muhiti, oilaviy, iqtisodiy muammolar, imkoniyatlarning kamligi to‘g‘risida  yuzlab  bahonalar topiladi. Aslida, bahona qidirishga ketgan shuncha vaqt va g‘ayrat-shijoatni  dars tayyorlashga sarflasak, maqsad tomonga birmuncha  yaqinlashib qolgan bo‘lardik. Afsuski,  dars tayyorlashdan ko‘ra bahona topish ancha  oson.

“Keyinroq qilarman” degan o‘y  ishni keyinga qoldiruvchilarning eng ko‘p takrorlagan so‘zlaridir. Ularning eng asosiy bahonasi shumikan deb gohida o‘ylab ham qolasiz. Bir kun juda qattiq charchaganlarini, yana bir kun mazalari yo‘qligini, boshqa kuni esa kayfiyatlari yaxshi emasligini ro‘kach qilishadi. Ertasi kuni tog‘ni talqon qiladigan darajada  yaxshi dam olishgan bo‘lishadi; kasaldan  ham juda tez tuzalib ketadi; kayfiyatlari a’lo darajada bo‘ladi. Faqat o‘rtada bir muammo  qoladi:  ularning ertalari hech kela qolmaydi.

Odatda, qiyinroq misol yoki masalaga duch kelib qolganingizda uni keyinroq qilarman deb chetga surib qo‘yasiz. Bu xuddi onda-sonda duch keladigan  muammolarni yig‘ib qo‘yib, hammasini birdan hal qilaman deyishga o‘xshaydi. O‘zingiz  o‘ylab ko‘ring, bitta masalani hal qilishga imkoniyatingiz yo‘g‘-u, qanday qilib birdaniga 10 tasini yecha olasiz. Bu o‘ziga ishonmaydigan odamlarning usuli hisoblanadi. Ba’zida muammoni vaqt izmiga tashlab qo‘yish kundalik va kishining o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan muammolar uchun yaxshi natija berishi mumkin. O‘sha muammolar vaqt o‘tishi bilan hal bo‘lib qolishi ham mumkin. Lekin  dars tayyorlash  tartib va davomiylikdan iborat jarayon hisoblanadi. Masalan, kechga qoldirilgan ishlar kichkinagina jismga o‘xshasa-da, erta-indin u  joyidan qimirlatish mumkin bo‘lmay  qolgan katta toshga aylanishi mumkin.    

Ishlarini doimiy kechiktirib yuradigan odamlar, aslida, kichik toshlardan o‘zlarining oldilarini to‘suvchi bitta katta tog‘ yasashadi. Keyin bu to‘siqdan oshib o‘ta olmaslik dardi ularni qiynaydi va umidsizlikka tushishadi.

Aytaylik, ishlar yig‘ilib qolgan, endi nima qilasiz? Ish qanchalik yig‘ilib qolgan bo‘lsa ham, ularni bittadan bajarishni boshlagan odam ,albatta, tugatadi. Faqatgina tartibli va davomli qilish zarur bo‘ladi. Ana shunda boshqa muammolar ham o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi.

Talabalik davrimizda bir o‘qituvchimizni ziyorat qilish uchun bordik. Ustozimizning uyida devorga osilgan quyidagi so‘zlar hech esimdan chiqmaydi: “Bugunning ishini ertaga qoldir, balki voz kecharsan…”

Xulosa qilishni siz abituriyentlarga qoldirdik.

 Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments