ASOSIYSI - NATIJA

Abdurauf Mavlonov 1993-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Joriy o‘quv yilida Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining “Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik” yo‘nalishiga 141,5 ball bilan davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.

– Abdurauf, sizni davlat granti asosida talabalikka erishganingiz bilan tabriklaymiz.

– Rahmat. Talaba bo‘lish har bir abituriyent uchun juda katta baxt. Ayniqsa, grant asosida kirish, har qanday ball bilan bo‘lsa-da, juda kam sonli abituriyentlar erishadigan baxt. Buning uchun Yaratganga ming bor shukur.

– Siz 141,5 ball bilan  budjet asosida o‘qiydigan bo‘ldingiz. Aslida, iqtisodiyot yo‘nalishida bunday ball bilan, grant tugul, talabalikka erishish ham qiyin. Bu haqda nima deya olasiz?

– O‘tgan yili Toshkent Moliya institutining Moliya yo‘nalishiga hujjat topshirganman. Lekin talaba bo‘lolmagan edim. Undan so‘ng, yana bir yil tayyorgarlik ko‘rgach, 2013-yilgi qabul jarayonidan oldin, imkoniyatlarimni yaxshilab taroziga soldim. Oldimda ikki yo‘l bor edi: yana bir bor Moliya institutiga hujjat topshirib tavakkal qilaman yoki ballim yetadigan yo‘nalishga topshirib, natijaga erishaman. Albatta, bir yil boshi devorga urilgan abituriyent ikkinchi yo‘lni tanlaydi. Men ham 2011- va 2012-yilgi o‘tish ballarini solishtirib ko‘rgach, mazkur yo‘nalishni tanlashga qaror qildim. Baxtimga o‘tish balli ham oldingi yilgilarga nisbatan anchagina pastladi. Grant asosida o‘tish balli taxminan 20 ballga farq qildi. 

Men uchun eng muhimi to‘plagan ballim emas, erishilgan natija. Hozirgi kunda men davlat granti asosida ta’lim olyapman.

– Kirish imtihonidan so‘ng grant asosida o‘qishga bo‘lgan ishonchingiz ortdimi yoki …

– Ochig‘i, o‘tgan yilgi ballarga qaraganda to‘lov-kontrakt asosida talaba bo‘lishga ham rozi edim. Lekin grantga kirish orzum ham yo‘q emas edi. 

– Ikki yil tayyorgarlik ko‘rishingizga qaramay, bunchalik ballingizni past bo‘lishini qanday izohlaysiz?

– Avvalo, past ball – nisbiy tushuncha. O‘z kuchimni to‘g‘ri baholab, davlat granti asosida talaba bo‘lgan ekanman, bu ballni past deyish to‘g‘ri emas.

Qolaversa, mening asosiy kamchiligim vaqtimning ko‘p qismini matematika faniga sarflashim bo‘ldi. Kunimning aksar qismini matematikadan misollar, testlar yechishga sarfladim. Ona tili va ingliz tili fanlaridan uy ishini bajarish bilan cheklanar edim. Qo‘shimcha testlar bilan shug‘ullanmaslik menga pand berdi. Undan tashqari, men oliy o‘quv yurtiga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashdan avval bilim darajam deyarli nol edi. O‘quv markaziga kelgach, hamma narsani boshidan boshlab, shunchalik natijaga erishdim va men bu bilan faxrlanaman.

– Talabalik hayoti abituriyentlik hayotidan qaysi jihatlari bilan farq qilar ekan? Sizga qaysi biri ko‘proq yoqadi?

– Albatta, talabalik yoqadi. Har holda maqom jihatidan abituriyentlikdan ustun hisoblanadi. Abituriyentlik chog‘ingizda kelajagingizga aloqali ikki yo‘l turadi: bozor yoki ilm. Talabalik esa bu yo‘llardan biri tanlanganining isboti hisoblanadi. 

Talabalik hayoti ham abituriyentlik hayotiga o‘xshash. Ikkisida ham dars tayyorlaysiz, ilm bilan shug‘ullanasiz. Lekin talabalikda bosim bo‘lmaydi. Yoningizda raqobatchilaringizni emas, yelkadosh do‘stlaringizni ko‘rasiz.

– Abituriyent do‘stlaringizga tilaklaringiz.

– Men badiiy tilak bildirishga, chiroyli so‘z aytishga usta emasman. Shunchaki, hammaga o‘zi orzu qilgan narsalarining eng yaxshisiga erishishini tilayman.

Umidjon ABIDOV suhbatlashdi

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments