SARALASH BOSQICHI BOSHLANMOQDA

athletic-business-man-isolated-jc-136989 copy1.jpg

Ilgari  xabar berib o‘tganimizdek, 2014-yilda o‘tkaziladigan VTS olimpiadasining saralash bosqichi noyabr oyidan boshlanadi.  

2013-yilning 14-noyabrida, payshanba kuni, gazetamizning 23-soni sotuvga chiqadi. Olimpiadamizda ishtirok etmoqchi bo‘lgan abituriyentlar gazetaning ushbu sonidan boshlab to aprel oyining oxirgi sonigacha bo‘lgan barcha testlarni saytimizning virtual test bo‘limida yechib borishadi. Ularning to‘plagan ballari hisoblanadi va natijalar gazeta chiqishidan avval abituriyent.uz saytida e’lon qilib boriladi. 

Agar abituriyent gazetaning qaysidir sonini belgilangan muddat ichida yechishga yoki saytga kiritishga ulgurmay qolsa, shu son uchun mazkur ishtirokchiga nol ball qo‘yiladi. 

Har bir abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan niki orqali bir marta test yechish imkoniyatiga ega. Interneti sekin ishlashi yoki adashib belgilab yuborishi natijasida balli past chiqadigan bo‘lsa, bu natijani o‘zgartirishning imkoni yo‘q. 

Gazeta ikki haftada bir marta chiqadi. Testlarni gazeta chiqqan kundan boshlab keyingi soni chiqadigan haftaning dushanba kuniga qadar saytimiz orqali yechib borish lozim. Masalan, 14-noyabrda chop etilgan gazetani 25-noyabrga qadar saytimizga kiritish kerak bo’ladi. Belgilangan kundan keyin saytimizda ushbu testni yechish imkoniyati cheklab qo‘yiladi.

Test yechish jarayonida kuzatilishi mumkin bo’lgan ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida testni telefonda emas, kompyuterda yechish tavsiya qilinadi.  

Agar abituriyent saytimizga test javoblarini ketma-ket uch marta joylamasa, ishtirokchilar ro‘yxatidan o‘chiriladi.   

Testlar internetda e’lon qilinmaydi va ishtirokchi gazetani sotib olishi lozim.

May oyida ballar hisoblanib, yakuniy bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan abituriyentlar aniqlanadi va Toshkent shahriga – markazimiz binosiga taklif qilinadi.  

Yakuniy bosqichda qatnashuvchilar ro‘yxati e’lon qilingandan so‘ng kimdir poytaxtga kela olmasa, uning o‘rniga boshqa ishtirokchi taklif qilinmaydi. 

Saralash bosqichida ishtirok etuvchilar ro‘yxati esa abituriyent.uz saytida 6-noyabr kuni e’lon qilinadi. 

Ishtirokchilar may oyiga qadar telefon raqamlarini, pasportlarini almashtiradigan bo‘lishsa yoki tug’ilganlik haqida guvohnoma orqali ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar pasport olishsa, bu haqda azimjon105@mail.ru elektron pochtasiga xabar yuborishlari so‘raladi. Chunki yakuniy bosqichda ishtirok etuvchilarni chaqirish uchun ularning telefonlari kerak bo‘lishi mumkin. 

Yakuniy bosqichda qatnashish uchun esa ishtirokchilardan pasport talab qilinadi. Agar ko‘rsatilgan raqam pasportdagi raqamga mos tushmasa, abituriyent ishtirokchilar safidan chiqariladi.

Yana bir narsa: saralash bosqichida o’zini hurmat qilmagan ayrim o‘quvchilar testlarni kimgadir yechtirib, yuqori ball olish holatlari uchrab turadi. Biz bunday holatning oldini ololmaymiz. Biroq ogohlantirish tariqasida aytishimiz mumkinki, shu usulda yuqori ball to‘plagan abituriyent yakuniy bosqichda uyalib qolishi hech gap emas. Chunki, eslatib o’tamiz, yakuniy bosqich markazimizda va qat’iy nazorat ostida o‘tkaziladi.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni (+99893) 579 0 579 telefon raqami orqali so‘rab bilishingiz mumkin.

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments