I. M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filiali

Gubkin nomidagi RDNGUning Toshkentdagi filiali 2007-yil O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan tashkillashtirilgan. Bu filialning maqsadi neft va gaz sohasida yetuk kadrlar yetkazib berishdan iborat. 

Ushbu filial quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha abituriyentlarni qabul qiladi:

Neft va gaz sanoati korxonalarida iqtisodiyot va boshqaruv: Ushbu yo‘nalish bitiruvchilari neft va gaz sohasining iqtisodchi-hisobchilari hisoblanib, ular qaysidir neft va gaz konidan ko‘riladigan foyda, chiqim va shunga o‘xshash hisob-kitoblarni amalga oshiradilar. Undan tashqari, ishni tashkillashtirish va boshqarish ham ushbu yo‘nalish bitiruvchilari zimmasida bo‘ladi.

Ushbu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun abituriyentlar matematikadan yozma, chet tilidan og‘zaki suhbat va rus tilidan test sinovlarini topshiradilar. O‘tgan o‘quv yilida ushbu yo‘nalishga 40 nafar talaba qabul qilingan. 

Quduqlar tadqiqotining geofizik usullari: Yerning holati va fizik hodisalardan kelib chiqib, quduqlarni tadqiq qiluvchi mutaxassislar ushbu fakultet talabalari hisoblanishadi. 

Abituriyentlar ushbu yo‘nalish talabasiga aylanish uchun matematika va fizikadan yozma, rus tilidan esa test sinovi topshiradilar. 

2013/2014-o‘quv yilida ushbu yo‘nalishga 25 nafar abituiryent qabul qilingan.

Neft va gaz quduqlarini burg‘ulash: Topilgan neft va gaz quduqlarini qazib oluvchi mutaxassislar ushbu yo‘nalishdan yetishib chiqishadi.

Ushbu fakultetga ham matematika va fizikadan yozma, rus tilidan esa test sinovi topshiriladi. Joriy yilda  ushbu yo‘nalishga 25 nafar abituriyent qabul qilingan. 

Gaz, gaz kondensati qazish obyekti hamda yer osti omborlariga xizmat ko’rsatish va ularni ekspluatatsiya qilish: Ushbu yo‘nalishda foydali qazilmalarni imkon qadar isrof qilmay qazib olishni tashkillashtirib beruvchi mutaxassislar yetishib chiqishadi.

Ushbu fakultetga ham matematika va fizikadan yozma, rus tilidan esa test sinovi topshiriladi. Joriy yilda  ushbu yo‘nalishga 40 nafar abituriyent qabul qilingan. Bulardan 15 nafarining badal puli MChJ “Lukoil” kompaniyasi tomonidan to‘lab beriladi.

Neft va gaz konlarini qazish va foydalanish: Neft va gaz konlaridagi boyliklarni imkon qadar isrof qilmasdan qazib oluvchi va ulardan unumli foydalanishni tashkillashtiruvchi mutaxassislar ushbu yo‘nalishda ta’lim olishadi. 

Ushbu yo‘nalish talabasi bo‘lishni istagan abituriyentlar matematika va fizikadan yozma, rus tilidan esa test sinovi topshirishadi.

Mazkur yo‘nalishga joriy o‘quv yili uchun 25 nafar talaba qabul qilingan. 

Ushbu o’quv dargohida ta’lim davomiyligi 5 yil. Imtihonlar 1-avgust kuni o‘tkaziladi.

Matematika, fizika va informatika fanlaridan Respublika fan olimpiadasi g‘oliblari bu yerga sinovsiz qabul qilinadi.

Internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

0 ta izoh

There are no comments